Komanchi qabilasini qadimda “buyuk tekisliklar hokimlari” deb bilishar, ular bugungi Oklaxoma, Nyu Meksiko, Kanzas, Kolorado va Texasni o’z ichiga olgan ulkan hududga bosh edi.
Otliq bu qabilaning jasorati va mahorati shunchalik ediki, oq tanlilar bu yerlar uchun kurashga qariyb qirq yil sarflagan. Janglar o’tmishda qoldi, lekin komanchilar bugun hanuz mag’rur elat.
Komanchi qabilasi ortiq qo’shnilar bilan jang qilmaydi, ammo raqs va kuylaridan o’tmishini tasavvur qilavering. Rangba-rang, jo’shqin ohanglar.
Frank Svift besh yashar o’g’li bilan raqsga tushayapti. Farzandini Komanchi maktabiga bergan.
“Komanchilar madhiyasini biladi. So’z boyligi ancha ortayapti. Mendan ko’p biladi hozir”, - deydi ota.
Svift zamona bilan hamohang yashaydi, lekin o’tmishini, tub aholi tarixini unutmayapti.
“Kim ekanim, ota-bobom kim o’tganidan faxrlanaman”, - deydi u.
Komanchi ahlini bugun mehmondo’stligi, murosasozligi bois tanishadi. Lekin XVIII va XIX asrlarda bu elat va ittifoqchi qabilalar janubdagi bepoyon, tabiati boy bu hududlarda yakka hokim edi. Jasorati va shafqatsiz ekani bilan dong taratgan edi.
Sivilizatsiya oxir-oqibat boshqa qabilalarni kabi komanchilarni ham chekinishga va yengilishga majbur qildi. Lekin adib S.C. Gvinning aytishicha, mazkur qabila ancha paytgacha taslim bo’lmagan.
“XIX asrda Germaniya qanday tutgan bo’lsa o’zini, komanchilar ana shunday edi. Qudratli geosiyosiy kuch edi ular. 200 yil davomida boshqa elatlarni titratib, qirib kelgan”, - deydi tarixchi.
Mustamlakachilar Texasni mag’lub etishga urinayotib, ana shu yerda taqqa to’xtagan. Komanchiriya deya atashar edi bu yerlarni.
1821-yilda Meksika mustaqillikka erishganidan so’ng komanchilarning tinimsiz hamlalaridan bezor bo’ladi. Meksika rahbariyati AQShdan kelgan oq tanlilarga chegarani ochib beradi.
“Ularga ko’chib kelishga ruxsat berildi va komanchilarga qarshi birlashish taklif qilindi. O’rtada bufer rolini o’tashi kerak edi oqlar”, - deydi adib.
Texaslik jangchilar to’p-to’p bo’lib hindular bilan olishar edi. Biroq qabilani 1874-yilda nihoyat AQSh armiyasi hal qiluvchi zarbalar yordamida mag’lub etishga muvaffaq bo’ladi.
Texasning Palo Duro kanyonida shafqatsiz olishuv ro’y beradi va komanchilarning janubdagi davri poyoniga yetadi.
Armiya bu kutilmagan hujum paytida tub aholi orasida sanoqli odamlarni o’ldiradi. Lekin yuzlab otlar qirib yuborildi va piyoda hindular och qoladi.
Oklaxomadagi olishuvda oxirgi bo’lib taslim bo’lgan hindularga Quana ismli shaxs rahnamolik qilgan. Keyinchalik ayon bo’lishicha, u Komanchi sarkardasining va asirga tushgan oq tanli ayol Sintiya Ann Parkerning farzandi bo’lgan ekan.
Bugun Quana Parkerning yuzlab avlodlari hamon hayot. Uni mohir yetakchi deya eslashadi. Odamlarni og’ir damlarda qo’llab, tushkunlikka berilmadi.
Askarlar, josuslar, siyosatchilar bilan murosa qilolgan Quana sharofati bilan xalq omon qolgan. Bu sarkarda Komanchi elatini kelajakka yetaklay olgan.