Breaking News

Lakota qabilasi va o'zi uchun kurashayotgan xotin-qizlar


Lakota qabilasi Janubiy va Shimoliy Dakota shtatlarida yashaydi
Lakota qabilasi Janubiy va Shimoliy Dakota shtatlarida yashaydi

Asosan Janubiy va Shimoliy Dakota shtatlarida yashovchi Lakota qabilasi bugun 170 ming kishidan oshadi. Qabila yetti urug'dan iborat va maxsus hududlarda istiqomat qiladi. "Amerika Ovozi" yaqinda ulardan birida bo'lib, vaziyat bilan tanishdi.

"Pine Ridge" rezervatsiyasida qashshoqlik va jinoyat keng tarqalgan. Ayollar, ayniqsa qizlar uchun hayot juda qiyin. Biroq ularni quvvatlayotgan insonlarga ko'ra, umid boy berilmagan. Hayot uchun kurash aslida bu yerda hech qachon oson kechmagan.

10 yoshli Peyshns harbiy uchuvchi bo'lishni orzu qiladi
10 yoshli Peyshns harbiy uchuvchi bo'lishni orzu qiladi

Peyshns 10 yoshda. Ota-onasiz katta bo'layapti.

"Buvim bilanman asosan... Undan oldin amakim qarar edi. Lekin amakim vafot etdi. Qabrlari yaqin yerda. Deyarli bormaymiz, chunki men uchun bu o'kinchli", - deydi qizaloq.

Peyshnsning bobosi Merrival ishsiz. Ko'pchilik bu yerda ishsiz. Tok qimmatligi uchun uyda o'tin yoqishadi. Sharoit hech qachon yaxshi bo'lmagan.

Merrival ham, nabiralari ham kimligini biladi.

“Biz Oglala degan urug'danmiz. Madaniyatimizni unutganmiz hisob, aralashib ketganmiz", - deydi Merrival.

Lakota qabilasi: kelajak qizlar qo'lida
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:53 0:00

Lakota qabilasi ovchilik qilib kun ko'rgan. Bugun esa uning a'zolar aksariyat hollarda ishsiz, qashshoq va Amerika jamiyatidan uzilib qolgan.
Lakota qabilasi ovchilik qilib kun ko'rgan. Bugun esa uning a'zolar aksariyat hollarda ishsiz, qashshoq va Amerika jamiyatidan uzilib qolgan.

Lakota qabilasi baffalo degan hayvonlarni ovlab tanilgan. Bu yerlar asrlar davomida baffalolar makoni bo'lgan.

19-20 asrlarda AQSh hukumati tub aholini assimilyatsiyaga majburlagan, ya'ni qabilalar ajralib qolmasligi, boshqalar bilan yaqindan aloqada yashashi kerak edi. Mana shunday o'zgarishlar sabab qabilalar o'z tillarini va madaniyatini yo'qota boshlagan. Qabilalar hanuz bu siyosatdan shikoyat qiladi, dardlari chuqur.

O'tgan bir necha o'nyillikda tub aholining huquqlari va mustaqilligi kengaydi. Biroq ular hamon maxsus hududlarda yashaydi, jamiyatdan uzoqda. Rezervatsiyalarda imkoniyat oz, mahalliy hokimiyatlar bu insonlarning talablarini qondira olmaydi. Ishsizlik 80 foiz. Giyohvandlik, alkogolizm va jinoyat - kundalik hol.

IMAGEN degan nohukumat tashkilot tub aholi xotin-qizlarini birlashtiradi
IMAGEN degan nohukumat tashkilot tub aholi xotin-qizlarini birlashtiradi

Lakota xotin-qizlari o'z taqdirini o'zi belgilashga bel bog'lagan. Tashkilot tuzib, kurashmoqda.

“O'zimiz uchun, qizlarimiz uchun, kelajak uchun harakatdamiz", - deydi faollardan biri.

"Bu tashabbuslarning ahamiyati shundaki, ular qizlarimizni o'qitadi. Ularga kim ekani, huquqi borligini, hayoti o'z qo'lida ekanini o'rgatamiz", - deydi yana bir faol.

IMAGEN degan nohukumat tashkilotga asos solingan. Uning tarkibida Lakota qizlarining bir necha jamiyati bor. Bu guruhlar qizlar uchun xavfsiz markazlar ochib, ta'lim beradi; muammolarini ko'rib chiqadi, yordamlashadi.

"Tub aholi orasida oila va xonadon degan tushunchalar parokanda ahvolda. Sabablari, tabiiyki, ular boshdan kechirgan zulm, siyosiy-ijtimoiy uqubatlarga borib taqaladi. Ayollarning hayoti erkaklarnikidan ham og'irroq. Ilm, kasb-hunar, tirikchilik va salomatlik borasida ular yanayam orqada", - deydi Kelli Holman, IMAGEN rahbari.

Lakota erkaklari ayollarni zaif deb hisoblamagan, deydi bu qabila vakillari, ikki jins bir-birining ustuvor jihatlarini tan olgan. Biroq keyinchalik qabila o'zligini yo'qota boshlagan.
Lakota erkaklari ayollarni zaif deb hisoblamagan, deydi bu qabila vakillari, ikki jins bir-birining ustuvor jihatlarini tan olgan. Biroq keyinchalik qabila o'zligini yo'qota boshlagan.

“Aslida bu qabilada ayollar qadimdan juda birdam bo'lgan. Bir-birini ruhan va moddiy jihatdan quvvatlagan. Gender tengligi borasida ham qabila o'z xususiyatlariga ega bo'lgan. Erkaklar va ayollarga o'ziga xos salohiyat va kuch egalari sifatida qarashgan".

Qizlarning jamiyatlarida shunga urg' beriladi.

“Har bir qizga murabbiy topamiz. Ularga qabila tarixi, madaniyati, tili, qadriyatlari va jinsiy tenglik tushunchasi o'rgatiladi", - deydi Eymi Pond, murabbiylardan biri.

“Ularni oliy ta'lim olishga undaymiz, buning uchun tayyorlaymiz", - deydi Kelli Holman.

Lakota qabilasida oila va xonadon degan tushunchalar parokanda avholda, deydi faollar, ayniqsa qizlar juda qiynaladi
Lakota qabilasida oila va xonadon degan tushunchalar parokanda avholda, deydi faollar, ayniqsa qizlar juda qiynaladi

Peyshns harbiy uchuvchi bo'lmoqchi, xolasiga o'xshab.

"Xolam aytdi, uchish oson emas ekan, buning uchun qattiq o'qishim kerak. Uddalay olaman deb o'ylayman, chunki o'zimga ishonaman. Chiroyli uyim bo'lishini, chiroyli hayotim bo'lishini xohlayman. Oilamni, buvim va bobomni boqaman", - deydi qizaloq.

Peyshns (Patience) ingliz tilida "sabr-qanoat" degan ma'noni anglatadi. Lakota qabilasi ham shu jihati bilan faxrlanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG