Breaking News

AQShda Ukrainaga yordam samarasi va istiqbollari muhokamada


AQSh Vakillar palatasining Qurolli kuchlar bo’yicha qo’mitasi Pentagon rasmiylari bilan Ukrainaga yetkazilayotgan o’nlab milliard dollarlik yordam samarasini muhokama qildi. Partiyalar yordamni davom ettirish, ukrain harbiylarini qanday treninglardan o’tkazish va navbatdagi yordam paketiga nimalarni kiritish kabi ko’plab masalalarda qarama-qarshi pozitsiyada.

Ukrainada urushning ikkinchi yili boshlanar ekan, AQSh Kongressida partiyalar o’rtasidagi tafovut kuchaygan. Ayrim respublikachilar nazdida, AQSh Ukrainaga o’z vaqtida qurol yetkazib bera olmagan.

Xalqaro hayot - 1-mart, 2023-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:13 0:00

“Kechikish urushni uzaytirib, yo’qotilgan dollarlar va qurbonlar sonini oshirdi. Prezident g’alaba uchun har narsaga tayyor bo’lishi shart”, - deydi Qurolli kuchlar bo'yicha qo'mita raisi Mayk Rojers.

Boshqa respublikachilar AQSh ko’p mablag’ sarflayotganidan norozi.

“Yordamni to’xtatish kerak”, - deydi respublikachi qonunchi Mett Getz.

Demokratlar ham pulni qanday sarflash borasida turli fikrda. Xususan, Ukrainaga F-16 harbiy samolyotlarini berish kerakmi-yoq’mi degan masalada ham yakdil emas. Adam Smitga ko’ra, pulni havo mudofaa tizimiga sarflash afzalroq.

“Hech narsa besamar ketmadi. O’ylamay-netmay yordam paketini yo’llayotganimiz yo’q. Ukrainaning real ehtiyoji bo’lgan narsalarnigina ro’yxatga kiritayapmiz”, - deydi demokrat qonunchi Adam Smit.

Ukrain pilotlarini F-16 treningidan o’tkazish kerak, deyotganlar ham bor.

“Avval pilotlarga o’rgataylik, keyin AQSh va ittifoqchilar yakuniy qarorni beraveradi”, - deydi demokrat qonunchi Ted Lyu.

Ukraina harbiy razvedkasi rahbarining aytishicha, F-16 samolyotlari jang uchun munosib variant emas.

“Bizga hujumchi samolyotlar kerak, F-16’lar emas. Amerikaning A-10 Tanderbolt 2 va hujumchi vertolyotlari ayni muddao”, - deydi Budanov.

Urush davom etar ekan, AQSh rasmiylari frontda samara berayotgan texnikalarga o’q-dori yetkazib berish bilan birga, Ukraina mudofaasiga yangi qurollarni jalb etishni ham rejalamoqda.

“Rossiya Ukrainada g’alaba qilsa yoki shunday ko’rinsa, bu boshqa agressorlarni ham zulmga undaydi”, - deydi AQSh mudofaa vaziri o'rinbosari Kolin Kal.

Shuning uchun ham AQSh Ukrainani oxirigacha dastaklashga qaror qilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG