Kommunizm qurbonlari xotirasi jamg’armasi 22-fevral kuni Ukraina urushiga bag’ishlangan ko’rgazma ochdi. Unda virtual voqelik texnologiyasi yordamida urush dahshatlari fosh etilgan.
Bucha, Irpin, Xarkov va Rossiya kuchlari tomonidan vayron qilingan boshqa ko'plab shaharlar Vashingtonda Kommunizm qurbonlari xotirasi jamg'armasi tomonidan tashkil etilgan ko'rgazma markazida. Tashrif buyurganlar virtual voqelik shlemlari yordamida urushning yovuz haqiqatiga nazar tashlashi mumkin.
“Ukrainaga kelgan yetakchilarning koʻpchiligi, avvalo, Bucha yoki Irpinga borishadi, u yerdagi vaziyat bilan tanishadi. Biz hammani u yerga olib bora olmaymiz, lekin bularning barchasini yozib olib, AQSh yoki Yevropa davlatlari kabi boshqa mamlakatlarga olib borishimiz mumkin”, - deydi ko’rgazma tashkilotchilaridan biri Aleksey Sivak.
Kuratorlardan yana biri fotojurnalist Mikola Omelchenko. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko’rgazmadan maqsad amerikaliklarga mojaroning dahshatli haqiqatini ko‘rsatish va Rossiyaning Ukrainada sodir etgan jinoyatlarini fosh qilishdir.
“Biz haqiqatni ko‘rsatmoqchimiz. Ruslar, o‘zlari da’vo qilgandek, faqat harbiy bazalarni bombardimon qilmayapti, balki tinch aholini o‘ldirmoqda. Ular maktablar, kasalxonalar, muzeylar va shunchaki kvartiralar va uylarni vayron qilmoqda”, - deydi Omelchenko.
Ko’rgazma ko’plab odamlarni o’ziga jalb qildi.
“Dahshatli! Biz televizorda undan parchalar ko'ramiz, lekin bu yerda siz hamma narsani ko'rasiz. Batamom vayronagarchilik”, - deydi tashrif buyurganlardan biri Inara Apinis.
Ukrainaning AQShdagi elchixonasida ishlaydigan Katerina Smagliy ko'rgazma bilan tanishtirib, ukrainaliklar jang qilishda davom etishini eslatdi.
“Ukraina qaddini bukmaydi. Biz qochmaymiz. Biz hech qachon taslim bo'lmaymiz hamda kuchimiz va bardoshimizga hech qachon shubha qilmasligingiz kerak. Onamning menga bu so‘zlarni aytganini eshitib, Ukraina tik turishini angladim, chunki agar 70 yoshli ayol shunchalik jasoratga ega bo‘lsa, bu mamlakat hech kimga mag‘lub bo‘lmaydi”, - deydi u.
Ko’rgazma Parij, Berlin, Varshava va boshqa shaharlarda ham o’tkaziladi.
Facebook Forum