Breaking News

O'zbekistonda referendum o'tkazishdan asosiy maqsad nima?


Islom Karimov yodgorligi, Toshkent, O'zbekiston
Islom Karimov yodgorligi, Toshkent, O'zbekiston

O’zbekistonliklar shu yil 30-aprelga belgilangan referendumda konstitutsiyaviy o’zgarishlar uchun ovoz beradi. Kuzatuvchilarga ko'ra, bu referendum Prezident Shavkat Mirziyoyev uchun uchinchi muddatga prezidentlik yo'lini ochadi.

65 foizi o’zgarishlarga yuz tutayotgan O’zbekiston Konstitutsiyadagi asosiy tahrir prezidentlik muddatining 5 yildan 7 yilga uzaytirilishidir.

Amaldagi konstitutsiyaning 90-moddasiga kiritilayotgan bu o’zgarish Shavkat Mirziyoyevga uchinchi va to’rtinchi muddatga ham prezidentlikka o’z nomzodini qo’yishga imkoniyat berishi ta’kidlanmoqda.

Shunday bo’lgan taqdirda, bu qanchalik qonuniy bo’lishi savol ostida. Xususan, Mirziyoyev qonunda belgilangan ikkinchi va so'nggi muddatiga saylangani hisobga olinsa.

Mirziyoyev: O'zbekiston uchun "o'lishga ham tayyorman"
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:48 0:00

Ammo bu islohotlar bilan shug’ullangan mutasaddilar, jumladan, konstitutsiyaviy islohotlar bo’yicha Komissiyasi a’zosi, Senat raisi o’rinbosari Sodiq Safoyev avvalroq Shavkat Mirziyoyev o’zgartirilgan konstitutsiyaga muvofiq o’z nomzodini prezidentlikka qayta qo'yishga haqli bo’lishini bildirgan edi.

Ayni paytda qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritilgan konstitutsiyaviy qonun loyihasi Oliy Majlis tomonidan tasdiqlangan. 13-mart kuni Konstitutsiyaviy sud ham o’zgarishlar bo’yicha o’z xulosasini e’lon qildi.

Konstitutsiyaviy sud majlisida ta’kidlanishicha, konstitutsiyaviy o’zgarishlarni referendumga chiqarishga to’sqinlik qiluvchi holatlar aniqlanmagan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Senat tasdig’idan o’tishi ortidan jamoatchilikka taqdim qilinishi kutilmoqda.

O’zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar bo’yicha muhokamalar boshlanganiga bir yildan ko’proq vaqt o’tdi, ammo jamoatchilikda asosiy qonunda nimalar va nima uchun o’zgartirilayotganiga doir aniq tushuncha mavjud emas.

Konstitutsiyaviy islohotlar Mirziyoyev tashabbusida, amaldagi Konstitutsiya me’yorlari zamonaviy talabalarga, xavotirli va tahdidli davrga javob bermayotganiga doir vajlar bilan boshlandi.

Bu islohotlar muhokamasi O’zbekistonni jiddiy inqirozga ham olib keldi, Qoraqalpog‘istonda respublika maqomi o’zgartirilishiga qarshi ommaviy noroziliklar bo’lib o’tdi. Bu namoyishlar bostirilishi chog'ida o’nlab odam halok bo’ldi.

Qoraqalpog‘iston maqomi bo’yicha o’zgarishlar taqdiri hamon no’malum. Mirziyoyev Nukusdagi noroziliklar ortidan bu o’zgarishlarni bekor qildi, ammo amaldagi qonun loyihasida Qoraqalpog‘iston maqomi qanday ifodalangani aniq emas, loyiha matni hozircha e’lon qilinmagan.

Qonun loyihasiga doir dastlabki ma’lumotlarga ko’ra, unda jamoatchilik kutayotgan asosiy siyosiy o’zgarishlar aks etmagan. Xususan, hokimlarni saylash, siyosiy partiyalarni ro’yxatdan o’tkazish tartibini soddashtirish, saylov tizimiga fuqarolik institutlarini rivojlantirish yuzasidan o’zgartirishlar kiritish bo'yicha takliflar inobatga olinmagan.

Konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan “Amerika Ovozi” gaplashgan aksariyat faollar, ekspertlar asosiy qonunni o’zgartirishdan maqsad Prezident Mirziyoyevning uchinchi muddatiga yo’l ochib berish ekaniga ishonishadi.

O’zbekistondagi sanoqli muxolif siyosatchilardan biri Xidirnazar Olloqulov, prezident Mirziyoyev konstitutsiyaviy o’zgarishlardan siyosiy maqsadlarda foydalangan taqdirda, bu xalq tomonidan qabul qilinmasligi, konstitutsiyaviy o’zgarishlar navbatdagi inqirozga olib kelishidan, Qoraqalpog‘istondagi kabi noroziliklar takrorlanishidan ogohlantiradi.

Prezident Mirziyoyoyevning konstitutsiyaviy o’zgarishlardan siyosiy maqsadda foydalanishi hali aniq fakt emas, ammo shunday usul orqali hokimiyatni saqlab qolish, prezident muddatlarini nollashtirish Markaziy Osiyoda, xususan O’zbekistonda keng qo’llab kelingan siyosiy o’yin hisoblanadi.

O’zbekistonni 27 yil davomida boshqargan marhum Islom Karimov davrida ham konstitutsiya bir necha bor o’zgartirilgan, Karimov nomzodi yangilangan konstitutsiyaga muvofiq yangi muddatga prezidentlikka surib kelingan edi.

Agar “Yangi O’zbekiston” davrida ham Karimovdan qolgan bu siyosiy usul hokimiyatni saqlash uchun qo’llaniladigan bo’lsa, Mirziyoyevning boshqaruvi 2040-yilgacha davom etishini taxmin qilish mumkin.

Referendumga chiqarilayotgan konstitutsiyaviy loyihada prezidentlik muddatining 5 yildan 7 yilga uzaytirilishi shunga imkoniyat beradi.

2016-yildagi saylovlarda mutlaq g’oliblikka erishgan Shavkat Mirziyoyev 2021-yil shunday natija bilan ikkinchi muddatga prezidentlikka qayta saylandi.

Navbatdagi saylovlar 2026-yilda o’tishi kerak. Amaldagi qonunchilikka ko’ra, bu saylovlarda Shavkat Mirziyoyev o’z nomzodini ko’rsatishga haqli emas.

Ba'zi ekspertlarga ko'ra, 30-aprel kuniga belgilangan referendumda o’zbekistonliklar konstitutsiyaviy o’zgarishlarni yoqlab ovoz bergan taqdirda ham bu qonunan Mirziyoyevga o’z nomzodini uchinchi muddatga prezidentlikka surish imkoniyatini taqdim etmaydi.

Konstitutsiyaviy o’zgarishlar vositasida uzoq yillardan buyon hokimiyatni qo'ldan bermay kelgan va kelayotgan liderlar tajribasi bunday usullar xalqaro miqyosda tan olinmasligi, saylovlar adolatsiz, nodemokartik baholanishini ko’rsatadi.

Demokratik tamoyillarga asoslangan “Yangi O’zbekiston”ni bunyod etish shiori bilan hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev avtoritar, diktatura rejimlari tomonidan qo’llab kelinayotgan siyosiy usullardan foydalanishni ixtiyor qiladimi yoki yo’qmi, buni faqat navbatdagi saylovlar ko’rsatib berishi mumkin.

Mirziyoyev konstitutsiyaviy islohotlar o’tkazishga doir tashabbusini hokimiyatda qolish ilinji bilan emas, tahlikali davrda qonunchilikni takomillashtirish, yangi me’yorlarga moslashish bilan izohlagan edi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG