Breaking News

Blinken O'zbekistonda demokratik yangilanishlardan umidvor


Toshkent, 1-mart, 2023
Toshkent, 1-mart, 2023

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bugun Toshkentda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken boshchiligidagi delegatsiya bilan muloqot qildi.

Toshkentga ko'ra, uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqaviy hamkorlik muhokama qilingan.

AQSh azaldan O‘zbekistonning mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlab keladi. Mamlakat farovon va erkin yashashi uchun demokratik yangilanishlar zarurligi bugungi muloqotda alohida ta'kidlangan. Rasmiylarga ko'ra, har ikki tomon buni e'tirof etgan.

Vashington Mirziyoyev 2017-yilda boshlagan islohotlarni olqishlab, ularni jadallashtirishga undaydi. Blinken nazarida bu demokratik taraqqiyot dasturi to'liq amalga oshirilishi kerak.

Blinken-Mirziyoyev muloqotida inson huquqlari va gender tenglikni ta'minlash, majburiy mehnatga qarshi kurash, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalari rivoji, fuqarolik jamiyati institutlarini ko'tarish singari maqsadlar va vazifalar xususida ham gap ketgan.

Toshkent, 1-mart, 2023
Toshkent, 1-mart, 2023

O‘zbekiston va AQSh - strategik sheriklar. Xavsizlik, savdo-iqtisodiy, investitsion va innovatsion hamkorlik, Amerika kompaniyalarining O‘zbekiston bozoridagi faoliyati, yuqori texnologiya bilan bog'liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi, deyiladi Mirziyoyev matbuot xizmati tarqatgan bayonotda.

AQSh tomon madaniy-gumanitar, ta'limiy va ilmiy hamkorlikni kuchaytirish istagini bildirgan. Ingliz tilini o‘qitish va o‘qituvchilarni tayyorlash dasturi kengayishi kutilmoqda.

Amerika va Markaziy Osiyoning besh respublikasini o'z ichiga olgan c5+1 diplomatik platformasini tomonlar o'ta muhim mexanizm deb ataydi.

Toshkent, 1-mart, 2023
Toshkent, 1-mart, 2023

Toshkent Blinken bilan so'zlashuvda ishbilarmonlik va investitsiyani oshirish hamda yashil energetikani rivojlantirishga urg'u bergan.

Qo'shni Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan. Toshkent Vashingtonni bu mamlakatni yakkalab qo'ymaslikka chaqirgan. Mirziyoyev ma'muriyati Tolibon bilan diplomatik aloqada. O'zbekiston Janubiy Osiyo tomon yangi savdo yo'llarini izlar ekan, Afg'oniston barqarorlashi zarur va tashqi dunyo ko'magiga muhtoj, deb hisoblaydi.

"Ushbu mamlakatdagi vaziyatning keskinlashishiga va gumanitar inqirozning avj olishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, mavjud muammolarni hal qilish algoritmini ishlab chiqish uchun BMT maydonidan faol foydalanish zarurligi, shuningdek, tinchlik jarayoniga va Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklashga ko‘maklashish uchun mintaqaviy infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirildi",- deyiladi Toshkent bayonotida.

Mirziyoyev-Blinken uchrashuvida Rossiyaning Ukrainadagi urushi, Bayden ma'muriyatining yondashuvi, O'zbekistonning betaraf pozitsiyasi, bunday siyosat ortidagi omillar ham muhokama qilingan. Biroq Mirziyoyev ma'muriyati bu masalalarni ochiq tilga olmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG