Bugun Ostonada AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qozog'iston rahbari Qosim-Jo'mart To'qayev bilan muloqotda deydiki, Vashington uning siyosiy va iqtisodiy islohotlarini quvvatlaydi va ularning amalga oshishini istaydi.
To'qayev Qozog'istonni demokratik yo'ldan olib borishga so'z bergan. Amerika bu va'da bilan bog'liq jarayonlarni kuzatmoqda, deydi Blinken.
Bayden ma'muriyatinig tashqi siyosatiga mas'ul rasmiyning qayd etishicha, AQSh Qozog'iston hukumati, xalqi, xususiy sektori va fuqaro jamiyati bilan yaqindan ishlashga bel bog'lagan.
"Biz ko'plab strategik jabhalarda, jumladan xavfsizlik, energetika, savdo va sarmoya bobida uzoq muddatni ko'zlovchi va ishonchli hamkorlikni shakllantira olganmiz. Bu ishlarni davom ettirib, kengaytirish niyatidamiz", - deydi Prezident To'qayev.
U Qozog'iston mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini quvvatlab kelayotgani uchun Vashingtonga minnatdorchilik bildirdi.
Blinkenning tashrifi, To'qayev nazarida, aloqalarda yangi sahifa ochadi.
Blinken uchrashuvda o'zaro manfaatlarga urg'u berdi. Muloqotda siyosiy-iqtisodiy hamkorlik, mintaqaviy masalalar hamda Rossiyaning Ukrainadagi urushi haqida gaplashilgan.
Amerika diplomatlarining aytishicha, Bayden ma'muriyati biror davlatdan, xususan Qozog'istondan uning tarafini tanlashni talab qilmaydi.
"Har bir mamlakat o'z manfaatlaridan kelib chiqib siyosat yuritadi", - deydi Blinkenning Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Donald Lu.
Biroq Vashington bu respublikalarga o'ziga xos hamkorlik taklif qiladi va maqsadlarimizni ular anglaydi, chunki mushtarak manfaatlar bor, deya qo'shadi u.
Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi Ostonada matbuot anjumanida o'z hukumatining pozitsiyasi yuzasidan savollarga javob berar ekan, "Dunyoning barcha davlatlari bilan samarali sheriklik istaymiz va qilayotgan ishlarimizni sarhisob qilib boramiz, balans bo'lishi uchun harakat qilamiz", - dedi.
Uning ta'kidlashicha, biror davlat, jumladan Rossiya Qozog'iston tinchligiga raxna solayotgani yo'q.
"Biz Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti, Mustaqil davlatlar hamdo'stligi kabi xalqaro tizimlardamiz, Rossiya atrofidagi boshqa davlatlari bilan birga", - deydi Tileuberdi.
Blinken Qozog'iston xalqida vatanidan Ukrainada urush boshlanganidan beri qochgan 200 mingdan oshiq rossiyalikka boshpana bergani, shuningdek, Ukraina xalqiga insonparvarlik yordami ko'rsatayotgani uchun tashakkur bildirdi.
Vashington nazarida Qozog'iston va Blinken ertaga uchrashuvlar o'tkazadigan O'zbekiston muvozanatli tashqi siyosat yuritishga harakat qilib keladi va Amerika ularni tushunadi.
Blinken Ostonadagi muzokaralarda, jumladan Markaziy Osiyoning besh tashqi ishlar vaziri bilan suhbatda Ukraina bo'yicha siyosatni tushuntirgan. Rossiyaga qo'yilgan sanksiyalar mintaqaga zarar keltirmasligi uchun ko'rilayotgan choralar muhokama qilingan.
Facebook Forum