Breaking News

AQSh To'qayev bilan ishlaydi, ammo demokratik shartlar o'zgarmas


AQSh Davlat departamenti, Vashington
AQSh Davlat departamenti, Vashington

Qo'shma Shtatlar Qozog'istonda 20-noyabr kuni o'tgan prezident saylovlarida yetti yillik muddatga saylangan Qosim-Jo'mart To'qayev bilan ishlashga tayyor. Ammo, deya bildiradi Davlat departamenti, respublika rahbari demokratik va'dalarini bajarishi kerak.

AQSh Qozog'istonning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini himoya qiladi, o'zaro manfaatlar yo'lida hamkorlik mustahkam. Bayden ma'muriyati orada 30 yillik rishtalar va strategik hamkorlik borligini eslatmoqda.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha idorasi saylovni kuzatib, jarayon erkin va adolatsiz o'tgan deb xulosa qildi. Raqobat kuzatilmagan, xalqqa tanlov imkoniyati berilmagan, erkin fikr va erkin uyushish huquqlari buzilgan.

Qozog'iston hukumati YXHT xulosalarini qoralab, u bilan hamkorlikni qayta ko'rib chiqishi haqida ogohlantirmoqda. Respublika Tashqi ishlar vazirligi 21-noyabr kuni chiqargan bayonotida Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha idorani noxolislikda, To'qayev olib borayotgan islohotlarni tan olmay, vaziyatni egri tahlil qilganlikda ayblaydi.

Amerika hukumati Qozog'istonni tashkilot tavsiyalarini jiddiy qabul qilib, vaziyatni yaxshilashga undamoqda. Ostona xalqaro hamjamiyat bilan bu borada ishlayotganini bildiradi.

To'qayev "Yangi Qozog'iston" qurayotganini aytib, demokratik maqsadlarini ta'kidlamoqda. G'arb siyosiy doiralarida unga ishonch past, ammo ekspertlarga ko'ra, AQSh va Yevropa Ittifoqi u bilan hamkorlikni cheklamaydi.

Biroq Bayden ma'muriyati To'qayvening islohot dasturiga urg'u berib, xususiy sektorni kengaytirish, iqtisodni monopoliya ummonidan chiqarish, korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ustuvorligi va inson huquqlari himoyasi, demokratik institutlar va fuqaro jamiyati ravnaqini ta'minlashga chaqirmoqda.

Amerika Qozog'iston hukumatidan xalqqa berilgan va'dalar bajarilishini kutadi, deydi Neyt Prays, Davlat departamenti so'zlovchisi.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken 26-noyabr kuni Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tlieuberdi bilan telefonda gaplashib, jumladan shunday degan:

"Qozog'iston farovon bo'lishi va Markaziy Osiyo xavfsiz yashashi uchun Prezident To'qayev va'da qilgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshishi kerak".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG