Breaking News

Rossiya hukumati "internetni tozalamoqda"


VK (VKontakte) ko'rgazmasi, Sankt-Peterburg, Rossiya, 15-iyun, 2022
VK (VKontakte) ko'rgazmasi, Sankt-Peterburg, Rossiya, 15-iyun, 2022

Rossiya hukumati Ukrainadagi urush haqida o'z propagandasini ushlab turishga harakat qilar ekan, axborot vositalari, onlayn platformalar qattiq siquv ostida.

Shu kungacha o'nlab mobil programmalar va ularning minglab foydalanuvchilari davlat xavfsizligiga zid kontent qo'ygani va ulashgani uchun jarima to'lagan.

O'tgan yilning iyul oyida Rossiya sudi "Google" kompaniyasiga 370 million dollarlik jarima to'lashni buyurgan. Hukumat Ukrainadagi urush bilan bog'liq unga yoqmaydigan kontentni olib tashlashni talab qilmoqda.

Shu kunlarda esa bir jurnalist sakkiz oylik mehnat lageriga mahkum etilgan. Sud hujjatlariga ko'ra, bu rossiyalik armiya haqida "yolg'on ma'lumotlar" tarqatgan.

Andrey Novashov ismli bu muxbir bir yil davomida internetga hech narsa joylay olmaydi, global tarmoqdan man etilgan.

"Yabloko" partiyasi a'zosi Kirill Goncharov nazarida hukumat "internetni tozalash qarorida qat'iy".

VK singari ijtimoiy tarmoqlarda urush mavzusini muhokama qilish ham jinoyat hisoblanadi, deydi Goncharov.

“Rossiya senzura ostida, internet senzura ostida, shou-biznes ham senzura ostida, hammasi cheklangan", - deydi u.

"The True Story" degan mustaqil info agregator asoschisi Lev Gershenzon kuzatishicha, Rossiyada mobil telefondan axborot izlaganlar Kreml nazoratidagi manbalarga yo'naltiriladi, o'zlari anglamagan holda.

"Yandex" va "Mail.ru" hukumat propagandasini olg'a surishda yetakchi. Biroq Rossiyada "Android" mobil-texnologiyasi foydalanuvchilari "Google" orqali ham to'g'ri Kreml targ'ibotiga olib boriladi.

"Yandex" kompaniyasi bosh qarorgohi, Moskva, 9-dekabr, 2022
"Yandex" kompaniyasi bosh qarorgohi, Moskva, 9-dekabr, 2022

Gershenzon "Google" va "Yandex" dan kuniga millionlab odamlar Kreml xohlagan manbalarga qarashini aniqlagan. Buni, deydi u, axborot izlovchilari o'zlari bilmagan tarzda qiladi.

“Android" telefonida yoki planshetida "Google" sahifasiga kirsangiz, Rossiyaning qayerida bo'lmang, platforma siz uchun tanlagan saytlar va xabarlar chiqadi. Ular Kreml yoqlagan sahifalardir, deydi Gershenzon.

"Google" kompaniyasiga ko'ra, u internetda uchinchi tomonlarning xatti-harakatlariga javob bermaydi.

Kompaniyaning o'zi Kreml propagandasiga qarshi biror chora ko'rayotgani haqida lom-mim demaydi. Dezinformatsiyani bartaraf etish yoki algoritmni ishonchli manbaga moslash uchun biror qadam tashlayotgani xususida ham izoh bermaydi.

Goncharov tahlilicha esa "Google" Rossiya propagandasiga nisbatan o'ziga xos kurash olib bormoqda va mamlakatdagi qing'ir ishlarda uning aybi yoki xatosi yo'q.

"Kreml o'z targ'iboti uchun katta mablag" sarflaydi. Yirik bizneslar jalb qilingan, yollangan. Ular Rossiya hukumati xohlagan materiallar, fikr va tahlilni yoyish uchun xizmatda".

Lekin Rossiya ahli bu choralar va cheklovlarni VPN, virtual shaxsiy tizim orqali chetlab o'tishi mumkin.

"Samizdat Online" singari bloklab bo'lmaydigan xizmatlar ham bor. U Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan sal o'tmay ishga tushgan.

Yevgeniy Simkin uning asoschilaridan biri. Uning aytishicha, o'tgan bir yildan beri davlat nazorat organi bo'lmish "Roskomnadzor" minglab platformalarni bloklagan, jumladan "Amerika Ovozi", "BBC", "Nemis to'lqini" va "Facebook" hozirda Rossiyada ochilmaydi.

"Samizdat Online" bir necha tilda ishlaydi va bloklangan manbalardagi materiallarni taqdim etadi.

“Belarus va Erondan ham kirayotganlar ko'p. Biz avtokratlar ham erkin axborot olish imkoniyatini beramiz", - deydi Simkin.

"Samizdat Online" maqolasini o'qish uchun VPN kerak emas, chunki u cheklab bo'lmaydigan unikal link.

Simkin Sovet davrida hukumat nazoratidan tashqarida chiqarilgan varaqalarni eslaydi.

"Biz hozirda o'shanday manbalarmiz, - deya qiyoslaydi u. - Linkimiz har yerda ochiladi".

Lekin bunday imkoniyatlardan foydalanayotgan rossiyaliklar ham hukumat tazyig'idan qocha olmaydi. Xavfsizlik organlari fuqarolarning shaxsiy kommunikatsiyalarini ham zimdan kuzatadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG