Xitoy Prezidenti Si Zinpin Rossiyadan ketadigan kuni Ukraina yana raketa va dronlar hujumiga uchradi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Pekin taklif etgan tinchlik rejasini qo’llab-quvvatlashini bildirmoqda, biroq Vladimir Zelenskiy rus qo’shinlari Ukrainani tark etsagina muzokaraga ko’nishini aytmoqda.
Senatdagi tinglovda shu masalada qonunchilarga hisobot bergan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyning niyati xolis ekanini shubha ostiga qo’ydi.
“Xitoyning Rossiyaga diplomatik, siyosiy va qandaydir darajada moddiy madadi urushni yakunlashga qaratilgan niyatimizga qarama-qarshidir”, - dedi Blinken.
Xitoy tinchlik muzokaralari g’oyasiga jiddiy qarashini bildiradi.
“Ukraina masalasida Xitoyning maqsadlari beg’arazdir. Biz mojaroga jim qarab turganimiz yo’q, olovga moy sepganimiz ham yo’q, bundan o’zimizga biror foyda olganimiz ham yo’q. Niyatimiz tinchlik muzokaralarini tashkil etish”, - dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Van Venbin.
Ukraina rahbari Si Zinpin bilan gaplashish niyati borligini yashirmaydi. Ayrim kuzatuvchilar bundan foyda bo’lmasligini aytmoqda.
“Xitoy o’zini betaraf qilib ko’rsatishga harakat qilgani bilan tinchlik haqidagi barcha takliflari Rossiya manfaatlarini ko’zlaydi. Sulh haqida gapirishadi, ammo ular taklif etayotgan sulhga ko’ra Putin bosib olgan yerlarni saqlab qolishi kerak. Bu na Zelenskiyga, na ukrainaliklarga ma’quldir”, - deydi Jorjtaun universiteti professori Dennis Vaylder.
Davlat kotibi Blinken chorshanba kuni Xitoydan Rossiyaga qurol uzatmaslikni so’rab, aks holda Pekin jiddiy iqtisodiy jazo choralariga uchrashi haqida yana bir bor ogohlantirdi.
Facebook Forum