Xitoy Prezidenti Si Zinpin bugun Moskvada. Uch kunlik tashrif davomida keng qamrovli masalalar muhokama etilishi kutilmoqda. Xitoylik va rossiyalik tahlilchilarning aytishicha, Xitoy delegatsiyasiga hukumatdagi deyarli barcha qudratli amaldorlar kirgan.
Ikki rahbar Ukrainadagi vaziyat va Xitoyning Rossiyaga yordamini muhokama etgan bo’lishi kutilmoqda. Xususan bundan bir kun oldin G’arb matbuoti AQSh rasmiylaridan olingan ma’lumotga ishora qilib, Rossiya Ukrainada Xitoydan olingan o’q-doridan foydalanayotganini bildirdi.
Shu bilan birga Pekin Ukrainadagi urushga barham berishga qaratilgan tinchlik rejasini ham olg’a surishga harakat qilyapti.
“Hozirgi vaziyat Xitoyga ma’qul emas, tinchlikdan Pekin ham manfaatdordir. Urush sabab Xitoyning iqtisodiy aloqalari zarar ko’ryapti. Xalqaro savdo, logistika, infratuzilma. Xitoy jiddiy bosim ostida”, - deydi Moskva davlat universiteti professori Aleksey Maslov.
Ikki rahbarning yopiq eshiklar ortida o’tgan muloqotida G’arb bilan geosiyosiy to’qnashuv, Xitoyning Rossiyaga iqtisodiy yordami muhokama etilgan bo’lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. G’arb ayniqsa Pekinning Moskvaga qurol uzatishi mumkinligidan xavotirda. Biroq rossiyalik bir tahlilchi mamlakatining qurolga ehtiyoji yo’qligini aytadi.
“Rossiya Xitoydan qurol so’raydi deb o’ylamayman. Rossiya ichki resurslari hisobiga yetarli darajada qurol ishlab chiqarishga qodir deb hisoblayman”, - deydi Rossiya Xalqaro aloqalar kengashi direktori Andrey Kortunov.
Ayrim kuzatuvchilar nazarida, Moskva va Pekin aloqalari silliq emas, Markaziy Osiyoda ikki yirik davlat raqobatlashmoqda. Ammo, deydi ular, umumiy dushman taraflarni yaqinlashishga majburlamoqda.
“Ikki mamlakat aloqalarida o’ziga yarasha muammolar bo’lsa-da, ancha kattaroq mushtarak maqsadlar oldida Rossiya va Xitoy bu muammolarga e’tibor bermaslikni o’rganib olgan”, - deydi Maslov.
Facebook Forum