Dunyo bo’ylab har yili 50 million tonnadan ziyod elektron mahsulotlar, jumladan, nusxa ko’chirish apparatlari, televizor va kompyuterlar axlatga uloqtiriladi. “Dell” kompaniyasi uzoqroq foydalansa bo’ladigan noutbuk dizaynlari ustida ishlamoqda.
Trevor Morrison – bosh idorasi Texasda joylashgan “Dell” kompaniyasi muhandisi. “Luna” nomli yangicha noutbukni ko’rsatar ekan, bu prototipdan ko’zlangan maqsad chiqindini kamaytirish deya tushuntiradi.
An’anaviy noutbuklardagi vint va kabellar ularni qismlarga ajratishni qiyinlashtiradi.
“Masalan, displeyni ajratib olish qiyin bo’lsa, kishi chiqindi qutisiga solmasdan tashlab yuborishi mumkin”, - deydi Morrison.
“Luna” noutbuki boshqacha loyihalashtirilgan. Ta’mirlashni, qayta ishlash uchun topshirishni osonlashtiradi. Yangi noutbuk olgandan ko’ra eskisining buzilgan qismlarini almashtirasiz.
“Deylik, klaviaturasi ifloslangan, eskirgan yoki harflari o’chib ketgan, lekin ichidagi qismlari yaxshi ishlaydi, ularni qayta ishlatish mumkin. Mana shunday holatlarda yuqoridagi qismlarini tezgina almashtirasiz va foydalanishda davom etasiz”, - deydi u.
“Dell” kompaniyasiga ko’ra, “Luna” dizayni ham chiqindi miqdorini kamaytiradi, ham ekologiyaga va iste’molchiga foyda.
“Yangi uskunaga ikki ming dollar sarflash o’rniga endi uni o’zingiz tuzatishingiz mumkin. Yoki ustaxonaga bersangiz, birov ta’mirlab beradi”, - deydi “Consumer Reports” tashkiloti vakili Shanika Vaytxerst.
O’sha birov hatto robot ham bo’lishi mumkin. Mana bu kabi avtomatlashtirilgan tizimlar bir kun kelib modulli noutbuklarni katta sonda ta’mirlashga qodir bo’ladi. Bizneslar uchun bu resurslarni tejash, xarajatlarni kamaytirish demakdir.
Ayniqsa “Luna”da telemetriyadan foydalanish yo’lga qo’yilsa. Bunda noutbukdagi qismlar yana qancha vaqt yaroqli bo’lishini ko’rsa bo’ladi.
“Klaviatura tugmalari necha marta bosilganidan keyin eskiradi? Trekpeddan qancha vaqt foydalanish mumkin? Bu ma’lumotlar to’planadi. Bu qismning, batareyaning 90 foiz umri bor ekan, deb ko’ra olasiz”, - deydi Morrison.
Kompyuterlarini yangilashga qaror qilgan bizneslar eskilarini axlatga tashlashi shart emas.
“Qayta konfiguratsiya qilib, boshqa tashkilotlarga berib yuborsa bo’ladi”, - deydi Shanika Vaytxerst.
Malasan, maktablar va universitetlar ulardan yana uzoq yillar foydalanishi mumkin. Bu kabi yondashuv elektron chiqindini kamaytiradi.
Facebook Forum