Davlatlar orasida fazoviy poyganing oqibatlaridan biri shuki, koinot bugun chiqindiga to’lib ketgan. Moriba Ja o’zini kosmik ekolog deb ataydi, jamoatchilikni bu muammo haqida xabardor qilishni maqsad qilgan.
Tungi osmonga qarasangiz, chiqindini oddiy ko’z bilan ko’rmaysiz. Ja deydiki, Yer orbitasi eski sun’iy yo’ldoshlar va boshqa ishdan chiqqan apparatlarning qoldiqlariga to’la.
“Bu yaxshi xabar emas. Kattaroq jismlar bir-biri bilan to’qnashganda o’n minglab maydaroq temir parchalariga bo’linib ketadi. Bu parchalar so’ngra ishlab turgan sun’iy yo’ldoshlar uchun xavf tug’diradi”, - deydi u.
Moriba Ja tabiiy va sun’iy jismlarning fazodagi harakatini kuzatadi va o’rganadi. U kabi mutaxassislar fazo ifloslanib borayotgani haqida bong urmoqda. Ularning aytishicha, bu aslida ekologik muammo.
“Ich-ichimdan bu haqda qayg’uraman, shuning uchun bu sohaga kirganman”, - deydi u.
Ja Kaliforniyada tug’ilgan, lekin Venesuelada o’sib ulg’aygan. U AQSh harbiy-havo kuchlarida xizmat qildi. 2006-yilda Yer orbitasida uchib yurgan chiqindilarni o’rgana boshladi.
“Ortibal yo’llar gavjumlashib borayapti. Katta tezlikda uchib yurgan bu jismlar biz tayanadigan xizmatlarni, sun’iy yo’ldoshlarni ishdan chiqaradi”, - deydi suhbatdosh.
U yaratgan “Wayfinder” ma’lumot bazasi kosmosdagi obyektlarni kuzatuvchi bir necha manbalarni tahlil qilib, fazoda real vaqtda nimalar bo’layotganini ko’rsatadi. Programma hozirda ortibadagi 30 ming obyektni kuzatmoqda.
Jon Krassidis ham AQSh Fazo agentligi va harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda samoviy chiqindilarni kuzatadi.
“Ma’lumotlar qo’limizda. Qancha ko’p apparat uchirilsa, shuncha ko’p to’qnashuv ro’y beradi. Xalqaro kosmik stansiya to’qnashmaslik uchun allaqachon 25 marta manyovr qilgan”, - deydi u.
BMT ko’rsatmalariga qaramasdan, deydi Krassidis, Rossiya, Hindiston va Xitoy sinov sifatida sun’iy yo’ldoshlarini portlatib, chiqindi yanada ko’payishiga hissa qo’shgan.
AQSh Kongressi kosmosni tozalash bo’yicha qonun loyihasini ko’rib chiqmoqda.
“Ortiba tozaligini ta’minlash, qonun-qoidalarni belgilash har bir mamlakatga bog’liq”, - deydi Moriba Ja.
U o’z izlanishlari orqali qaror qabul qiluvchilarni chora ko’rishga da’vat etayotganini aytadi.
Facebook Forum