AQSh raketasi oxirgi bor Oyga qo’nganiga yarim asr bo’ldi. Endilikda “Artemida” missiyasiga tayyorgarlik ketmoqda. Yangi avlod kosmik kemasi uchun qismlar ishlab chiqarishga yuzlab kompaniyalar jalb qilingan.
Illinoys shtatining Rokford shahridagi sokin bir mahalla burchagida olamshumul ishlar bo’layotganini, yangi fazo kemasi yaratilayotganini deyarli hech kim bilmaydi.
“Rokfordni hech kim fazo, aerokosmos va mudofaa uchun muhim shaharlardan biri demaydi, shuning uchun bilmasligi mumkin”, - deydi Piyerjorjio Assandri, “Ingersoll” kompaniyasi bosh muhandisi.
Rokforddagi bu kompaniya astronavtlarni Oyga va keyinchalik Marsga eltuvchi yangi fazo kemasining muhim komponentlarini ishlab chiqarish bilan band.
“Orion” kapsulasining asosiy qismi bu. Fazogirlar uning ichida yashaydi va ishlaydi. Kemaning missiya uchun eng muhim qismlaridan”, - deydi sobiq astronabr Reks Volhaym.
“Ingersoll” - “Artemida” dasturi doirasida yangi kemaning qismlarini yaratayotgan kompaniyalardan bittasi xolos.
“Kapsula qismlari 900 dan ziyod korxonalarda ishlab chiqariladi. Bu loyiha doirasida minglab odamni ish bilan ta’minlaymiz. Bundan tashqari, Yevropa kosmik agentligi bilan, qit’aning 10 davlati bilan hamkorlik qilamiz”, - deydi “Artemida” dasturi vakili Mark Kirasich.
2024-yilda to’rt astronavt ishtirokida yangi kosmik kemaning sinov parvozi rejalangan. Ular Yer atrofini ikki bor aylanib, Oy tomon uchadi.
NASA Oyga ekipajli missiyalarini so’nggi bor amalga oshirganida “Ingersoll” muhandisi Piyerjorjio Assandri hali tug’ilmagan edi. Asli italiyalik Assandri oilasi bilan Qo’shma Shtatlarga ko’chgan.
“Bolaligimda eng ko’p muhokama qilingan mavzu shu edi. Mana endi o’zim ham Amerikadaman, shu davlat fuqarosiman. Oyga qaytish bo’yicha loyihada ishtirok etyapman”, - deydi Assandri.
“Ingersoll” korxonasi yaratayotgan qismlar Floridaga jo’natiladi. U yerda Lokxid Martin kompaniyasining yangi markazida “Orion” kapsulasini qurish ustida ish davom etadi.
“Bu markaz 1,5 yil ichida, 20 million dollarlik sarmoya hisobiga qurilgan”, - deydi uni boshqaruvchi Kelli Defazio.
Kemaning ko’zga ko’rimaydigan qismlarini yaratyapmiz, bular hammasi ichiga o’rnatiladi, deya tushuntiradi xodimlar.
“Artemida-2” sinov parvozi uchun tayyorgarlik avjida, lekin undan keyingi missiyalar ustida ham ish ketmoqda.
"Kelasi haftalarda “Artemida-3” dasturiga muvofiq Oyning janubiy qutbiga qo’nish uchun mo’ljallangan apparatni ham yig’ishni boshlaymiz. Insoniyat har qachongidan olisroqqa uchib boradi”, - deydi Defazio.
Bir necha yillik kechikishlar va byudjetdan oshib ketgan xarajatlar tufayli, NASA hisobiga ko’ra, birgina “Orion” kapsulasi 13 milliard dollarga tushadi. 2025-yilda astronavtlar Oyga qadam qo’yguncha “Artemida” dasturining qiymati 93 milliard dollarga yetishi mumkin.
Facebook Forum