Breaking News

AQSh global savdo bo'yicha strategiyasini yangilamoqchi


Bayden ma'muriyati global savdoga nisbatan yangicha strategiya ishlab chiqish yo’lidan bormoqda. Ma’muriyatga ko’ra, Amerikaning erkin savdo shartnomalarini ilgari surishga asoslangan an'anaviy siyosati Xitoyning noxolis kapitalizmini hamda Rossiya kabi yirik davlatning o’z savdo hamkoriga qarshi urush ochishini to’xtata olmadi.

Chorshanba kuni Amerika universitetida soʻzlagan nutqida AQSh Savdo vakili Ketrin Tay “doʻstlikni qoʻllab-quvvatlash” strategiyasini ishlab chiqishga chaqirdi. Bu ittifoqchi davlatlar oʻrtasida taʼminot zanjirlarini oʻrnatish va Xitoy kabi geosiyosiy raqiblarga qaramlikni kamaytirishni o’z ichiga oladi. Pekin bilan mavjud keskinlik va COVID-19 pandemiyasi davrida ta'minot zanjirida yuzaga kelgan to'siqlari xitoylik yetkazib beruvchilarga chuqur ishonish xavfli ekanini ko’rsatdi, deya ta'kidladi u.

“Savdo siyosati dunyodagi barcha xatolarni bartaraf eta olmaydi, lekin u mamlakatda va xorijda ko'proq odamlarga iqtisodiy o'sishni oshirishning afzalliklarini baham ko'rishga yordam beradi, - dedi Tay. - Eskisining takrori bilan qanoat qilmaylik, ertangi kunimiz yorqinroq bo'lishi uchun yangi ssenariy yozaylik."

Bu rejani amalga oshirish tariflarni pasaytirish va keng qamrovli paktlarni imzolash kabi oddiy masalalar bilan cheklanib qolmaydi. Tay o'z nutqida o'tgan yili amerikalik fermerlarga Meksikaga kartoshka eksport qilish imkonini bergan yangi tartib joriy etilganini, Osiyoda Xitoyga qarshi turishi mumkin bo'lgan Hind-Tinch okeani iqtisodiy asosini shakllantirish bo'yicha davom etayotgan muzokaralarni hamda Yaponiya bilan muhim minerallar bo'yicha yaqinda imzolangan kelishuvni tilga oldi.

Tayning aytishicha, Bayden ma'muriyati Xitoy tomonidan ishlab chiqarilgan po'lat va alyuminiyni tarifga tortish hamda Yevropa va Amerikadagi ishlab chiqaruvchilarni qo’llab-quvvatlash bo’yicha Yevropa Ittifoqi bilan mavjud "uzoq muddatli nizolarni" 2021-yilgi kelishuv orqali hal qilgan.

Jahon Savdo Tashkiloti islohoti

Ma'muriyat, shuningdek, jahon savdo qoidalarini tatbiq etuvchi Jenevada joylashgan Jahon Savdo Tashkilotini (JST) isloh qilish uchun ittifoqchilar bilan ishlashga intilmoqda.

JST uch yildan beri falaj holatda: Qo'shma Shtatlar yangi sudyalarni hay'atga tayinlashni bloklaganidan beri uning yuqori apellyatsiya sudi ishlamayapti. AQSh va uning ittifoqchilariga ko’ra, JST Xitoyning noan’anaviy kapitalizmi va iqtisodiyot ustidan o’rnatilgan davlat nazorati kabi muammolarni hal qilishga qodir emas.

"Biz Xitoyning ko'p jihatdan global miqyosda bunchalik hukmron bo'lishini kutmagan edik", - dedi Tay seshanba kuni o'z nutqidan oldin bergan intervyusida.

2001-yild Xitoy JSTga qo'shilganida, AQSh va boshqalar bu Xitoy iqtisodiyotini ochadi va hatto siyosiy erkinliklarga olib boradi, deb taxmin qilgan edi. Buning o'rniga, Xitoy dunyoning yetakchi ishlab chiqarish markaziga va ikkinchi eng yirik iqtisodiyotga aylanib, AQSh bilan savdoda yirik profitsitga ega bo’ldi. Ayni paytda Pekin siyosiy muxoliflarni bostirishda davom etdi.

Rossiya istilosi

Ikkinchi jahon urushidan keyingi oʻnlab yillar davomida olib borilgan AQSh savdo siyosati global savdoning koʻpayishi mamlakatlar oʻrtasidagi ziddiyatni kamaytiradi va bir-biri bilan biznes yurituvchi davlatlar urushga kirmaydi, degan gʻoyaga asoslangan edi. Ammo Rossiya Prezidenti Vladimir “Putinning Ukrainaga bostirib kirish qarori biz yuzimizga tarsaki tortgandek bo’ldi”, dedi Tay.

Bayden ma'muriyati sobiq prezident Donald Tramp joriy qilgan proteksionist siyosatning ayrim qismlarini saqlab qolib, Amerikada ishlab chiqarilgan mahsulotlarni agressiv ravishda targ'ib qilish orqali o'zining ko'plab an'anaviy ittifoqchilarini, ayniqsa, Yevropadagilarni norozi qildi.

Ammo Tayga ko’ra, Qo'shma Shtatlar yaxshiroq va adolatli jahon savdo tizimini yaratish uchun ittifoqchilar bilan ishlashni xohlaydi. Muammo shundaki, AQSh ittifoqchilari savdo tizimini qayta tiklash bo'yicha o'z rejalarini tuzish o'rniga, faqat tanqid qilishmoqda, dedi u jurnalistlar bilan muloqotda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG