Breaking News

Indoneziyada G20 majlisi diplomatik ziddiyatlar soyasida o’tadi


Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi shu hafta Indoneziyaning Bali orolida o’tadigan “Katta Yigirmalik” (G20) davlatlari tashqi ishlar vazirlari majlisida bosh mavzulardan.

Yig’inda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken va Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I o’rtasida muzokaralar rejalangan. Kun tartibidagi mavzular - iqlim o’zgarishi, global salomatlik, giyohvandlikka qarshi kurash va Myanmadagi vaziyat.

AQSh Xitoy bilan “keskin raqobatni” mas’uliyat bilan boshqarishni istaydi, kutilmagan to’qnashuvlarni bartaraf etish mexanizmlarini ishlab chiqishga ehtiyoj bor, deydi Davlat kotibi muovini Daniel Kritenbrink.

Ukraina G20 a’zosi bo’lmasa-da, bu mamlakat Yevropa Ittifoqi a’zoligiga nomzod bo’lganidan keyin Tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba ham “Katta Yettilik” yig’iniga taklif etilgan. Kulebaning aytishicha, u o’z davlati pozitsiyasini Yevropa Ittifoqining tashqi siyosatga mas’ul rasmiysi Jozep Borrel bilan muvofiqlashtirgan.

“Rossiyaga qarshi sanksiyalarning yettinchi paketi zarurligi borasida hamfikrmiz va buning ustida ishlayapmiz”, - deydi Kuleba.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi global iqtisodiy beqarorlikka sabab bo’lgan, Rossiya hujumlarini to’xtatmaguncha Kremlga bosim davom etaveradi.

Balida Entoni Blinken va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o’rtasida uchrashuv rejalanmagan. Lavrovning majlisda ishtirokiga norozilik sifatida AQSh diplomatlari uchrashuvlar zalini tark etishi ehtimoli bor.

“Davlat kotibi [Blinken] bunday protestda to’liq va faol ishtirok etishi mumkin, chunki Rossiya Federatsiyasi bilan odatdagidek ish yuritib bo’lmaydi”, - deydi Davlat departamenti so’zlovchisi Ned Prays.

AQSh va Xitoy

AQSh va Xitoy bosh diplomatlari Bayden ma’muriyati Xitoyga nisbatan siyosatini yaqinda e’lon qilganidan beri ilk bor yuzma-yuz ko’rishadi.

May oyidagi nutqida Blinken AQSh Xitoyni global iqtisodiyotdan siqib chiqarishga intilmasligini, ikki yirik davlat munosabatlari “biri yutsa, ikkinchisi albatta yutqazadi” qabilida qurilmasligi kerakligini bayon qilgan edi.

AQSh rasmiylariga ko’ra, Xitoy Ukraina urushida Rossiyaga ko’maklashayapti deyishga asos yo’q. Yordam uzatilgan taqdirda, Pekin “oqibatlar” haqida ogohlantirilgan.

AQSh Tijorat vazirligi yaqinda Xitoyda asoslangan besh kompaniyani qora ro’yxatga kiritdi. Ular, vazirlikka ko’ra, Rossiyaga harbiy yordam berib kelayotgan firmalardir. Ba’zi respublikachi qonunchilar fikricha, bu choralar yetarli emas.

“[Bayden] ma’muriyati “oqibatlar” deganda zaif tushunchaga ega, ko’rayotgan choralari Xitoyni Putinga yordamlashishdan to’xtata olmaydi”, - deydi AQSh Vakillar palatasi Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi Maykl Makkol. Uning aytishicha, Xitoy bizneslariga jiddiy sanksiyalar qo’yilishi lozim.

Rossiya urushi bo’yicha kelishmovchilik

Rossiyaning G20 tadbirlarida ishtiroki a’zo davlatlar orasida ziddiyatlarga sabab bo’ldi. G20 “Katta Yettilik” hamda boshqa yirik rivojlanayotgan mamlakatlarni o’z ichiga oladi.

“Katta Yettilik” guruhiga kiruvchi davlatlar Rossiya bosqinini qoralab, jiddiy iqtisodiy sanksiyalarni qo’llab-quvvatlagan. Biroq Xitoy va Hindiston Rossiyani qoralovchi BMT rezolyutsiyalariga ovoz bermagan va Kremlni ochiqchasiga tanqid qilmaydi.

Prezident Jo Bayden nazarida Rossiya G20 a’zosi bo’lib qolmasligi kerak, ammo Xitoy, Braziliya va Janubiy Afrika uni guruhdan haydab chiqarishga qarshi. Bu davlatlar BRICS (Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika) blokiga ham a’zo bo’lib, o’zlarini AQSh boshchiligidagi xalqaro tartibga muqobil kuch deb bilishadi.

G20 ga a’zo ayrim davlatlar deydiki, Rossiyaning Ukrainadagi urushi tufayli yuzaga kelgan tafovutlar pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish mavzusiga soya solmasligi kerak.

“Katta Yigirmalik” sammiti noyabr oyida bo’lib o’tadi. Guruhning bu yilgi raisi Indoneziya mustaqil tashqi siyosat yuritishini, qudratli davlatlar tarafida emasligini bildirmoqda. Indoneziya Putinni sammitdan chetlashtirmaslik qarori orqali betaraf ekanini ko’rsatmoqchi, e’tiborni koronavirus mavzusiga qaratmoqchi.

“Dunyo pandemiyaning zararli ta’siridan o’zini tiklar ekan, hamkorlik vositasida iqtisodiy tiklanishga hissa qo’shishimiz darkor. Yevropadagi urush albatta bu maqsadga zarar keltiradi. G20 – asosiy iqtisodiy muammolar va ularga yechimlar haqida gaplashadigan forum”, - dedi Indoneziyaning Vashingtondagi elchisi Rosan Perkasa Roeslani “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

O’tgan hafta Indoneziya Prezidenti Joko Vidodo Kiyev va Moskvaga bordi. Uning aytishicha, Putin “Rossiya va Ukrainadan oziq-ovqat va o’g’it yetkazib berish uchun xavfsizlik kafolatini ta’minlashga” rozi.

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula von der Leyen fikricha, Putinning noyabrdagi G20 sammitida ehtimoliy ishtiroki G’arb davlatlari bu yig’inni boykot qilishiga, “butun G20 ni falaj qilishiga” olib kelmasligi kerak.

Putin sammitga shaxsan boradimi yoki virtual ishtirok etadimi, hali ma’lum emas. Indoneziya sammitga Ukraina rahbarini ham taklif etgan.

“Nazarimda, G20 rivojlanayotgan davlatlar uchun ham o’ta muhim, Putin bu guruhni bo’lib tashlashiga yo’l qo’ymaslik lozim”, - deydi von der Leyen.

G20 tashqi ishlar vazirlari Balida biror bayonot qabul qilishi kutilmayapti.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG