Breaking News

Turkiya va Rossiya vazirlari Ukrainadan bug'doyni olib chiqish haqida gaplashdi


Anqaradagi muloqot chog'ida
Anqaradagi muloqot chog'ida

Bugun Anqarada uchrashgan Rossiya va Turkiya tashqi ishlar vazirlari Ukraina bug’doyini jahon bozoriga olib chiqish masalasini muhokama qildi.

Xalqaro hayot - 8-iyun, 2022-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:20 0:00


Rossiya va Ukraina bilan dengizda chegaraga ega Turkiya urush boshidan beri vositachi bo’lishga harakat qilmoqda.

Anqara Ukrainani harbiy dronlar bilan ta’minlab kelayotgan bo’lsa-da, Moskvaga sanksiya qo’yishdan bosh tortmoqda.

Ukraina hududidagi harbiy harakatlar oqibatida 20 million tonnadan oshiq don mahsulotlari Qora dengiz portlarida turib qoldi.

Ukraina Rossiyani portlarni harbiy kemalari bilan qamalga olganlikda ayblasa, Moskva nazarida, muammo port atrofining Ukraina tomonidan minalashtirilganida.

Lavrovga ko’ra, Rossiya bug’doyning dengiz orqali olib chiqilishiga qarshi emas. Buning uchun Rossiyaga qo’yilgan sanksiyalarni yumshatib, dengizni minalardan tozalash lozim. Kiyevning xavotir olishicha, minalar olib tashlansa, Rossiya uning janubiy sohillariga dengizdan hujum qilishi mumkin.

Rossiya va Turkiya Qora dengizda xavfsiz gumanitar koridor ochish rejasini olqishladi. Undan nafaqat Ukraina bug’doyini, balki Rossiya bug’doyi va o’g’itlarini ham eksport qilishda foydalansa bo’ladi. Biroq buning uchun rejani Ukraina ham qo’llab-quvvatlashi kerak. Kiyev NATOdan dengiz xavfsizligini ta’minlashni so’ragan, biroq Anqara alyans harbiy kemalarining Qora dengizga kirishi Rossiya bilan to’qnashuvga yetaklashidan xavotirda.

Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, bug’doyni olish uchun kelayotgan har bir tijoriy kema tekshiriladi, Ukrainaga qurol yetkazilishining oldini olish uchun. Bug’doy ortilgan kemalarni esa Rossiya xalqaro suvlargacha kuzatib qo’yadi, dedi Peskov.

"Kemalarning Ukraina portlarini Bosfor bo’g’ozi tomon xavfsiz ravishda tark etishini kafolatlashimiz haqida har kuni gapiramiz. Buning uchun Ukraina kemalarni portlardan chiqarishi lozim, hududni minalardan tozalash orqali yoki xavfsiz yo’llarni belgilab chiqib”, - dedi Lavrov.

G’arb Rossiyani global oziq-ovqat inqirozida ayblamoqda. Moskva esa bug’doyning eng ko’pini Ukraina emas, Rossiya yetishtirishini aytib, uning eksporti G’arb sanksiyalari sabab qiyinlashganiga ishora qiladi.

Ukrainalik harbiy asirlar Rossiyaga ko'chirildi


Bu o’rtada Mariupoldagi po’lat zavodidan chiqib taslim bo’lgan 2000 dan ortiq ukrainalik askarning mingdan ziyodi surishtiruv uchun Rossiyaga yuborildi. Ular orasida millatchi “Azov” polki jangchilari ham bor.

Ukraina asirlarni ayirboshlashga umid qilmoqda, Rossiya va Ukraina sharqidagi bo’lginchi respublikalar esa avval harbiylarning urush jinoyatlariga aloqadorligini tekshirib, aybdorlarni sudga tortmoqchi.


So’nggi kunlarda kundalik ravishda Ukraina qurolli kuchlari hujumlariga uchrayotgan Donetsk shahrida Ukraina tarafida jang qilib asirga tushgan ikki britaniyalik va bir marokashlik ustidan sud ketmoqda.

Rossiya asirlar huquqlariga doir xalqaro konvensiya yollanma jangarilarga taalluqli emasligini bildirgan. Bu degani xorijiy yollanma jangarilar o’lim jazosiga mahkum etilishi mumkin. Shunday bo’lgan taqdirda Britaniya hukumati Donetsk xalq respublikashi sudi hukmi ustidan shikoyat qilishini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG