Har yil Ramazon oyida Bruklin tumani rahbari iftor dasturxoni yozadi. Musulmonlar uchun muborak sanalgan kunlarda bu din vakillarini tuman ma’muriyati binosida mehmon qilish an’anasi 22 yil oldin joriy etilgan. Mahalliy rahbarlar yangi immigrantlar bilan tanishadi.
2001-yildan beri tuman prezidenti idorasida yoziladigan bu dasturxon ilk bor Markaziy Osiyo, xususan O’zbekiston taom va noz-ne’matlari bilan bezatilmoqda. Bu yilgi iftorlikka o’zbekistonliklar asos solgan tashkilot homiy.
Ramazon oyida Bruklin ma’muriyati idorasida iftor qilishning o’z tarixi bor.
“Bu an’ana tumanning sobiq prezidenti Marti Markovits davrida 2001-yil 11-sentabr voqealaridan keyin boshlangan. Marti Markovitsning ana shu ulkan ishini undan keyingi saylangan prezident, hozirgi shahar meri Erik Adams ham saqlab qoldi. Quvonarlisi, hozirgi tuman prezidenti Antonio Reynozo ham bu an’anani davom ettirmoqda”,- deydi Nyu-York shahar meri maslahatchisi Ahsan Chug’tay.
Nyu-Yorkda yuzdan oshiq masjid bor. Shaharda bir milliondan ortiq musulmon istiqomat qiladi, ularning katta qismi Bruklinda.
Tashkilotchilarga ko’ra, iftor an’anasi tumandagi musulmonlarni yaqinlashtiradi.
“Bugun bu yerda Bruklindagi turli millatlarga mansub, arablardan tortib Sharqiy Yevropa-yu afro-amerikalik musulmonlar yig’ilgan. Barchamiz Bruklin tumani prezidentining idorasida Ramazonni birga non sindirib nishonlayapmiz. Va bu haqiqatan ham ajoyib voqea, chunki u musulmon jamoalarini birlashtiryapti. Bugun bu yerga kelgan jamoalar vakillarini ayrimlarini men oldin uchratmaganman. Bungacha menda ularni uchratish imkoni ham bo’lmagan”,- deydi mulozim.
“Bir joyda yig’ilishimiz bizni ko’rayotganlari va eshitayotganlaridan bir darak. Shu yerda tug’ilganlar yoki immigrantlar, amali ochiq yoki ko’rinmasligidan qat’i nazar, barchamiz musulmonmiz va biz Bruklinda, Nyu-Yorkda bormiz va bizning ovozlarimiz eshitilmoqda”,- deydi Marva Janini, Nyu-York arab amerikaliklari uyushmasi vakili.
“Musulmon jamiyatlari vakillari uchun bu ajoyib bir voqea. Bu yerda madaniyati o’zga-o’zga mamlakatlardan kelgan musulmonlar yig’ilishgan. Va u Nyu-Yorkda osiyoliklar qanchalik birlashganliklarini, Nyu-York shahri xilma-xillashayotganini ko’rsatmoqda”,- deydi Mahmud ismli asli pokistonlik politsiya xodimi.
Iftorlikdan oldin tuman prezidenti ma’muriyat binosida musulmon jamiyatlar vakillarini qutlab, ularga so’z beradi va faollarni birma-bir taqdirlaydi. Iftorda, tabiiyki, o’zbekistonliklar ham bor.
“Alhamdullillah, bundan 15-20 yil oldingi muammolar hozirda juda ham tezlik bilan yechilmoqda. Chunki musulmonlar sekinlik bilan, [davlat] idoralarida, shahar ma’muriyatida, hatto Ahsan birodarimiz shahar meri Erik Adamsning o’ng qo’llari, juda ko’p muammolar shular sabab yechilyapti”,- deydi Komil ismli vatandosh.
“Bugun biz Bruklin ma’muriyatidamiz, kecha Nyu-York shahar meriyasida chiqish qildik. Bizga platforma berayotganlari quvonarli”,- deydi Igor Sterenko.
Igor Sterenko O’zbekistonda tug’ilib o’sgan. 20 yil oldin AQShga ko’chib kelgan. U bu yerda “Silk Road Foundation”, ya’ni “Ipak yo’li fondi” degan tashkilotga asos solganlardan biri. Uning hisoblashicha, Qo’shma Shtatlarda Markaziy Osiyodan yarim million atrofida immigrant yashaydi. Ularning katta qismini o’zbekistonliklar tashkil etadi, deydi u. Tashkilot markaziy osiyoliklarning manfaatlarini dastaklashni ko’zlagan.
“Jamiyatimizni birlashtirishga ehtiyoj bor. Biz ko’pmiz va biz bilan hisoblashishlari, bizni ovozimizni avvalo Amerika ahli, Nyu-York ahli hamda davlat idoralari eshitishlari kerakligini sezdik”,- deydi Igor Sterenko.
“Ipak yo’li fondi jamiyat ichidan to’fondek otilib chiqdi va biz orqada qolib ketolmaymiz, demoqda. Bizning odamlarimiz yordamga ehtiyoj sezyapti, deyapti. Menimcha tashkilot o’z maqsadi sari mustahkam turadi va bu yo’nalishda men va hukumatdagi boshqa mulozimlar bilan hamkorlikda ishlaydi”, - deydi shahar meri maslahatchisi Chug’tay.
Ipak yo’li fondi Bruklin tuman prezidenti idorasi va qator boshqa muassasalarda o’tkazilgan iftorlarga homiylik qilarkan, Markaziy Osiyo tarixi va madaniyatini ham tanishtirmoqda.
“Bu iftorlikda milliy, o’zimizga xos an’analarni, nafaqat yaqindan tanishtirish… Bu yerda dasturxonda nafaqat milliy taomlar tortiladi, balki o’zimizga xos bo’lgan musiqalar, zalda qo’yib chiqilgan televizorlar orqali o’zimizda tayyorlangan, boy tariximizga oid videoroliklar, kliplarni ko’rsatayapmiz”, - deydi Ipak yo’li fondi ijrochi direktori Islom Jalolov.
Tashkilot faoliyati shahar meriga ko’ra, AQShdagi qadriyatlarga mos.
“Bu mamlakatda birinchi kelganlar keyingilari uchun yo’l ochishi kabi boy an’ana mavjud. Birinchi kelganlar albatta murakkab damlarni boshlaridan o’tkazadilar, o’z tajribalaridan saboq olib keyin kelganlarga yordam berishni istaydilar. Ipak yo’li fondi maqsadi ham shu”, - deydi Nyu-York shahar meri Erik Adams o’zbekistonlik immigrantlar bilan iftorlik dasturxoni atrofida uchrashganda.
Tashkilot oldida tog’dek vazifalar turibti, deydi vatandoshlar.
“Bu iftorlikka kelishimning asosiy sababi, Ipak yo’li fondi haqida eshitdim. O’zim bir yildan buyon Amerikada yashayotgan bo’lsamda, immigratsiya masalasida savollarim bor edi, shularga javob topish maqsadida kelgandim. Bularga juda ham chiroyli javob oldim. Bundan tashqari iftorlik ham juda ajoyib bo’ldi”,- deydi o’zbekistonlik talaba Shermuhammad.
“Amerika ko’pmillatli davlat. Ana shu millatlar ichida o’zbekistonliklar ham o’z o’rnini topib bormoqda. O’zbekistondan kelgan har bir immigrant juda ko’p davlat xizmatlariga yoki tibbiy xizmatlar yoki huquqiy xizmatlarga ehtiyoj sezadi. Mana shu huquqiy xizmatlarni, yoki davlat xizmatlarini, yoki qanaqadir maslahatlarni, uni bu yerda ko’proq konsalting deyishadi, o’sha konsaltinglarni tashkil etish albatta bu jamiyat uchun juda katta foyda keltiradi’,- deydi Musurmon Norqulov ismli vatandosh.
Bu yilgi Bruklin tuman prezidenti uyushtirgan iftorlikda azonni o’zbekistonlik Komil aytdi.
Shom namoziga saf tortganlar qatorida esa Bruklin tumani prezidenti Antonio Reynozo ham bor.
Dini boshqa bu mulozimning qalbi o’z musulmon aholisi bilan birga ekanligi iftor ishtirokchilarini ruhlantirgan.
“Bu iftor juda muhim va u katta mujdadir. Chunki Bruklin tumani prezidenti bizni tuman ma’muriyatiga iftorga chaqiribgina qolmay namozda biz bilan yonma-yon turib ibodat qildi. Shuning o’zi ham biz musulmonlarni bu yerda qanchalik qadrlashlarini, hurmat qilishlarini ko’rsatmoqda. Bularning barchasi musulmonlar jamiyatlariga yuborilayotgan go’zal mujdalar”,- deydi Muhammad Bati.
Facebook Forum