Hindiston shimolidagi Uttar-Pradesh shtati politsiyasi o'ng qanot hind guruhining to'rt a'zosini Agra shahri yaqinida sigirni so’yib, bu ishni musulmonlarga to’nkash orqali ularga nisbatan dushmanlikni qo'zg'atishga uringanlikda ayblab, hibsga oldi.
Hindular tomonidan muqaddas hisoblanadigan qoramollarni so'yish Hindistonning ko'plab shtatlarida, jumladan, Uttar-Pradeshda taqiqlangan. Bu jinoyatni sodir etganlar 10 yilgacha qamoq jazosi va taxminan 6000 dollar miqdorida jarimaga tortilishi mumkin.
Agra politsiyasi komissarlari yordamchilaridan biri Rakesh Kumar Singx 8-aprel kuni jurnalistlarga ma’lum qilishicha, o‘ng qanot “Butun Hindiston hindu Mahasabha” guruhining yuqori martabali rahbari Jitendra Kushvaxa politsiyaga kelib, 30-mart kuni to'rt musulmon erkak tomonidan sigir so'yilganiga guvoh bo'lganini aytgan.
Guruh hatto "musulmon aybdorlar" - Muhammad Rizvon va uning uch o'g'lini hibsga olishni talab qilib, namoyish uyushtirgan.
Politsiya shundan so’ng Rizvan va uning o'g'illarini "Sigir so'yishning oldini olish to'g'risida"gi qonunga binoan hibsga olgan. Biroq tergovdan so‘ng politsiya to‘rt musulmonning bu ishga aloqasi yo‘qligini va hindu guruhi vakili Sanjay Jat sigirni so‘yish uchun fitna uyushtirganini aniqlagan.
8-aprel kuni politsiya to‘rt musulmonning aybsizligi va aksincha, hind faollari aybdorligini va hibsga olinishini ma’lum qildi.
“Sanjay Jat fitna uyushtirgan. Uning izdoshlari va do‘stlari sigir so‘yishib, Jitendra Kushvaxadan Muhammad Rizvanga va boshqa musulmonlarga qarshi ish qo‘zg‘atishni so‘rashgan... Keyinroq tergov ayblanuvchining jinoyatga aloqasi yo‘qligini aniqladi”, dedi Singx mahalliy gazetaga bergan intervyusida.
So'nggi yillarda Hindistonda Ram Navami bayrami paytida hindular va musulmonlar o'rtasida ziddiyatlar tez-tez sodir bo’lmoqda.
Hindu yetakchisi mojaroda raqiblarini aybladi
Jat o'zining aybsizligini aytmoqda.
“Ba'zi raqiblarim meni va hamkasblarimni bu ishga aralashtirmoqchi. Agar ish to‘g‘ri tekshirilmasa, biz norozilik namoyishlarini o‘tkazamiz”, - dedi Jat mahalliy telekanallarga.
Ijtimoiy faollarning aytishicha, hindlarning o'ng qanot guruhi musulmonlarni qoralash va hindularni ularga qarshi qo'zg'atish maqsadida sigirni o'ldirishni uyushtirgan.
“Bu uzoq vaqtdan beri irqchi hindu tashkilotlarining ish uslubi. Ularning odamlari mol go'shtini ko’p marta ibodatxonalarga tashlagan. Hindistonning turli joylariga Pokiston milliy bayrog‘ini tikkan turli hindu ayirmachi guruhlari a’zolari ham qo‘lga olingam. Ular hindularni musulmonlarga qarshi gijgijlash uchun barcha ishlarni musulmonlarga yuklaydi”, - dedi Dehli universiteti professori va ijtimoiy faol Apurvanand.
"Ular musulmonlarga tuhmat qilish uchun har qanday darajada borishlari va keyin shu bahona bilan ularga hujum qilishlari mumkin", - deya qo’shimcha qildi u.
Kalkutta shahrida yashovchi ijtimoiy faol Malay Tevarining aytishicha, Hindistonda hindu o'ng qanot guruhi faollari tomonidan ko'plab "yolg'on bayroq operatsiyalari" uyushtirilgan.
“Bunday soxta bayroq operatsiyalari orqali Hindistonning hukmron BJP [Bharatiya Janata partiyasi] piyoda askarlaridek ishlaydigan hindlarning oʻng qanot guruhlari aholini musulmonlarga qarshi qo’yishni maqsad qilgan. Hindiston aksariyati hindulardan iborat davlatdir. Mahalliy darajadagi qutblanish millatchi BJPga ko'pchilik jamoadan ko'proq ovoz to'plashda katta yordam beradi”, - dedi Tevari “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
“Sigir so‘yish holatlarida musulmonlar odatda qamoq va jarima kabi eng qattiq jazoga hukm qilinadi. Agra ishi bo'yicha hindularning o'ng qanot faollari ham xuddi shunday jazoga loyiq bo’ladimi yoki yo’qmi, shuni kuzatamiz”, - deya qo’shimcha qildi u.
Facebook Forum