Breaking News
Din

Michigan: 85 yillik masjid hanuz musulmonlarga xizmat qilmoqda


Michigan shtatidagi birinchi masjid tarixi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00

Michigan shtatining ilk masjidi 85 yilligini nishonlamoqda. Dirborn shahrida joylashgan Amerika musulmonlar jamiyati masjidi AQShdagi eng qadimgi masjidlardan bo'lib, hanuz yosh avlodga diniy va ijtimoiy xizmatlarni ko’rsatib kelmoqda.

Musulmonlar ko’p bo'lgan mamlakatlarda azon sadosi keng tarqalgan ovozlardan biridir. AQShda bu unchalik ommalashmagan.

Michigan shtatining Dirborn shahridagi Amerika musulmonlar jamiyati masjidi 1980-yillardan beri AQShda azonni karnaylar orqali ommaga yetkazishni boshlagan birinchi masjiddir.

Aslida bu ibodatxonaning tarixi bundan ham uzoqqa borib taqaladi.

"Haylend Parkda yashovchi ko'plab musulmonlar Ford Motor kompaniyasida ishlagan. Shuning uchun ular Dirbornga ko'chib o'tishgan va ularga ibodat qilish uchun joy kerak bo’lgan. Shunday qilib, ular 1938-yilda bu masjidning birinchi qavatini qurishgan", - deydi jamiyat yetakchilaridan biri Musaid Alshamahi.

Masjid oddiy inshoot sifatida ish boshlagan. To'rtta ta'mirdan so'ng, u ikki mingdan ortiq namozxonni sig'dira oladigan ko'p qavatli binoga aylandi. Unda turli jamoat tadbirlari uchun alohida xonalar mavjud. Aksariyat yig'ilganlar arab millatiga mansub bo'lib, bu Dirborn hududining demografik holatini aks ettiradi. Afrika va Osiyodan kelgan muhojir musulmonlar ham bor.

"Siz turli avlodlarni uchratishingiz mumkin. Bu yerda endigina kelgan odamlarni, shuningdek, butun umri davomida shu yerda yashaganlarni ko’rasiz", - deydi jamiyat prezidenti Yahyo Alfaqih.

Aksariyati muhojir bo'lgan Dirborn musulmonlari uchun masjid faqat ibodat joyi emas.

“Masjid atrofidagi jamoa uni doim hayotlarining markazida ko’radi va o'zlari yoki oilalari hamda farzandlari hayotini u bilan bog’laydi. Yordamga muhtoj bo’lishsa, masjidga kelishadi”, - deydi Alfaqih.

Jamiyat tadbirlari yil davomida o'tkaziladi, ammo ro'za tutish va diniy tahsillar bilan o’tadigan Ramazon oyida, ayniqsa, masjid musulmon yoshlar bilan gavjum bo’ladi.

"Bizda Qur'onni yoddan biladigan bolalar ko'p. Ularning soni qancha? Anchagina bor. Ramazon oyida ular Qur'on musobaqasini o'tkazadi", - deydi Alshamahi.

Dirborn masjidi endi sport zali qurishni rejalashtirmoqda. U jamoat tadbirlari uchun ko'p maqsadli xona sifatida ham xizmat qilishi mumkin.

"Bu yosh avlodimizni jalb qilish harakati hamdir, chunki biz ularni nafaqat kelib ibodat qilishlarini, balki shu yerda o'ynashlarini ham xohlaymiz", - deydi jamiyat prezidenti Alfaqih.

Dirborn masjidi, avvalo, musulmonlar uchun ibodat va jamoat tadbirlari markazi bo'lsa-da, u Islom dinini o'rganishni istagan har qanday odam uchun ochiq. Masjid 2021-yil noyabr oyida oʻzining birinchi musulmon hokimi Abdulla Hammudni saylagan Dirborn shahri bilan birga o’sishda davom etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG