2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Markaziy Osiyo davlatlarida iqtisodiy ahvol yanayam qiyinlashdi. Xavfsizlik deganda iqtisodiy barqarorlik ham hisobga olinadi. Mintaqa integratsiya tomon intilmoqda, shuningdek, G'arb bilan hamkorlikni kengaytirish ilinjida. Rossiya va Xitoy - eng yirik biznes sheriklar, ammo respublikalar AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan ham iqtisodiy sheriklikni imkon qadar kengaytirishga bel bog'lagan. Vashingtondagi Atlantika kengashi chop etgan hisobotda tadqiqotchilar Margarita Assenova, Ariel Koen va Uesli Hill asosan Qozog'istonga e'tibor qaratadi. Chunki, deydi ular, bu mamlakat - ishlab chiqarish va sanoatda eng salmoqlisi.
Ekspertlar deydiki, ayni damda mintaqa hukumatlari va ahli savdo va sarmoya oqimini muvozanatlashga har doimgidan ham moyilroq. Qozog'iston, Qirg'iziston, O'zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Moskva va Pekinga tobelikdan qochish uchun yo'llar izlamoqda.
Eksport uchun asosiy yo'l hamon Rossiya orqali, deydi olimlar. Global maydonda energiya taqchilligi va xomashyo ozaygani dunyoning bu qismiga ahamiyatni kuchaytirgan. Sarmoyadorlarning qiziqishi baland, garchi ular real ahvolga qarab pul tikishga shoshmayotgan bo'lsa-da. Markaziy Osiyoning biror davlatida qonun ustuvor emas: adolat, erkinlik va shaffoflik darajasi bo'yicha bu respublikalar eng past o'rinlarda.
G'arb davlatlari bilan muloqotlarda Trans-Kaspiy xalqaro transport koridori, "o'rta koridor" deb nomlangan yo'nalish anchadan beri muhokamada. Unda esa Qozog'iston yetakchilik qiladi.
Xususan uran eksportida, deya yozadi Assenova, Koen va Hill. Ayni damda Qozog'iston urani Rossiyada boyitiladi va u yerdan jahon bozoriga chiqadi. Bu o'zgarmas ekan, ya'ni mahsulotni Moskvasiz sotishni yo'lga qo'ymas ekan, faqat yutqazadi, deydi tahlilchilar.
Trans-Kaspiy tabiiy gaz quvuri rejasi ham qog'ozda qolar ekan, vaziyat tang. Avvalo gazga eng boy Turkmanistonni ko'ndirish kerak. Ashgabatda hamkorlik uchun siyosiy iroda yetsa, u va Ozarbayjonni Janubiy gaz koridoriga ulash lozim, deydi olimlar. AQSh va Yevropa Ittifoqi konkret yordam ko'rsatishi kerak.
Ukrainadagi urush xalqaro oziq-ovqat sanoatiga zarba bergan. Qozog'iston dunyoda bug'doyning 2 foizini ta'minlaydi va bundanda ko'proq yetishtirishga qodir. Buning uchun unga sarmoya zarur. "O'rta koridor" orqali uning don mahsulotlari Yevropa, Afrika va hatto Osiyoga eksport qilinishi mumkin.
Xitoy bu masalada allaqachon faol, deya yozadi ekspertlar. Yevropa davlatlari ham harakatda, biroq AQSh sust. G'arb azaldan mintaqaning oziq-ovqat borasida potensialini past baholagan, Xitoy esa aksincha. Rossiya bu masalada eng ko'p tajribaga ega va mintaqa kuchidan qanday foydalanishni biladi.
Atlantika kengashiga ko'ra, AQSh va Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning energetika va qishloq xo'jaligidagi salohiyati va resurslarini strategik manfaatlar qatorida ko'rishi manzarani o'zgartirishi muqarrar.
"Markaziy Osiyo davlatlari G'arb bilan bu xususda muzokaralarga zo'r berib, hukumatlar va xususiy sektordan sarmoya va texnologiya jalb qilishi va o'z mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarishning muqobil yo'llarini topishni birlamchi maqsadlardan biriga aylantirishi kerak", - deyiladi hisobotda.
Olimlarga ko'ra, mintaqa iqtisodiy jihatdan birlashishi kerak, shundagina real o'sish bo'ladi. Rossiya, deydi ular, Markaziy Osiyodagi tarqoqlikdan hamisha manfaatdor bo'lgan. Atlantika kengashi nazarida Xitoy ham regional integratsiya emas, o'z foydasi haqida o'ylaydi. Uzoqdagi G'arb esa, deydi tahlilnoma mualliflari, Markaziy Osiyo blok sifatida shakllansagina hozirgidan jiddiyroq naf seza boshlashi mumkin.
"AQSh va Yevropa Ittifoqi Rossiya va Xitoyga Markaziy Osiyoda hamkorlikni kuchaytirishga yo'l qo'ymasligi kerak",- deya yozadi tadqiqotchilar.
Ular mintaqada korrupsiya keng qanot yozganini e'tirof etadi. Unga qarshi kurash jadallashishi, sistematik tus olishi kerak. Muxolif ovozlarga yo'l berish vaqti keldi, deya tavsiya qiladi bu ekspertlar. Rahbarlar qonun ustuvorligini va'da qilgan, G'arb buni quvvatlagan, demak, samara amalda sezilishi zarur.
Assenova, Koen va Hill fikricha, Moskva va Pekinning mintaqada tegib bo'lmaydigan ustunlikka erishishi G'arb uchun faqat zarar.
To'g'ri, deya tan oladi ular, bu ikki davlat mintaqaga eng yaqin va respublikalar ular bilan ishlashga, til topishishga majbur. Biroq Amerika va Yevropa ham o'zlariga xos imkoniyatlar taklif qila oladi va bugungacha bu jabhada yetarlicha g'ayrat ko'rsatilmagan.
Qozog'istonga tavsiya shuki, Ozarbayjon, Gruziya, Turkiya va boshqa hukumatlar bilan Kaspiy portlari hamda yangi transport inshootlari to'g'risida gaplashaverish kerak. Ostona, shuningdek, Rossiyadan kelayotgan qochqinlar, bizneslar va kapitaldan ogoh turishi lozim.
G'arb hukumatlari Markaziy Osiyoga Rossiya hamkorlari deb qarab, o'ziga ham, ularga ham ko'maklashmaydi, deyiladi hisobotda. Mualliflar Amerika va Yevropa Ittifoqini mintaqa Rossiyaga yanayam qaram bo'lib qolmasligi uchun qadamlar tashlashga undamoqda.
Yaqinda Kaspiy siyosat markazida kechgan muhokamada ham qator ekspertlar Vashingtonni mintaqa bilan hamkorlikni kengaytirishga chaqirgan edi. Biroq ular deydiki, AQSh va ittifoqchilar Markaziy Osiyoda Rossiya va Xitoy bilan tenglasha olmaydi va bu yo'ldan bormasligi ham kerak. Uzoq muddatni ko'zlovchi strategik qarorlar qilish zarur.
Facebook Forum