Breaking News

Oq uy respublikachilarni qarz shiftini biror shartsiz ko'tarishga chaqirmoqda


AQSh Moliya vazirasi Janet Yellen qarz shifti ko’tarilmasa, tashqi qarzini yopish uchun hukumatda pul qolmasligi haqida yana bir ogohlantirdi. Seshanba kuni Prezident Jo Bayden Kongressdagi yetakchi demokrat va respublikachi qonunchilar bilan uchrashib buni muhokama qilmoqchi.

“Olingan qarz bo’yicha foiz stavkalarini to’lashda bo’ladimi, ijtimoiy xavfsizlik yoki “mediker” tibbiy dasturi bo’yicha to’lovlarni amalga oshirish bo’laidmi, shu kabi barcha majburiyatlarimizni bajarish uchun yetarlicha naqd pul qolmaydi”, - dedi vazira.

U defoltga uchrashning xalqaro sahnadagi oqibatlariga ham urg’u berdi.

“AQShning g’aznachilik qimmatli qog’ozlari global moliyaviy tizimning eng xavfsiz poydevori bo’lib, davlatimiz qarziga xizmat ko’rsata olmasak, kreditga layoqatliligimiz shubha ostiga qo’yiladi”, - deydi Yellen.

Demokrat qonunchilar respublikachi hamkasblarini qarz shiftini hech qanday shartsiz ko’tarishga chaqirmoqda. Respublikachilar federal xarajartlarni qisqartirishni talab qilyapti.

“Ayrim sohalarda hukumat pulni isrof qilayotganini hamma biladi. Shuni o’tirib maslahat qilish kerak. Ustuvor yo’nalishlar qanaqa, ularga sarfiyatlar qanday bo’lishi kerak – shularni gaplashish lozim”, - deydi respublikachi senator Jeyms Lenkford.

Prezident Bayden muxolifat talablarini bajarishdan bosh tortmoqda, qarz shiftini shu paytgacha bir necha prezident davrida bo’lganidek talabsiz oshirish kerakligini ta’kidlab keladi.

Rasmiylar AQSh defoltga uchrasa, Xitoy va Rossiya kabi g’anim davlatlar bunday tartibsizlikdan foydalanishga harakat qilishi haqida ogohlantirmoqda.

“Ular Amerika tizimining kasodga uchrashini zavq bilan tomosha qilishni istaydi. Oddiy vazifalarimizni bajara olmayotganimizni ko’rishni istashadi. Buni sinov desak ham bo’ladi. Demokratiya ustun keladimi yoki xitoycha uslubmi?”, - deydi AQShning Boshqaruv va byudjet idorasi direktori Shalanda Yang.

AQSh defolti global moliya tizimiga salbiy ta’sir qilishi muqarrar. Shunday bo’lgan taqdirda, deydi amerikalik tahlilchilar, Rossiya, Xitoy va boshqalar ijtimoiy tarmoqlar, davlat matbuoti va boshqa platformalarda dezinformatsiya kampaniyasini boshlaydi.

“Rossiya va Xitoy Amerika demokratiyasining muvaffaqiyatsizliklarini ovoza qilib, ularning tizimi biznikidan yaxshiroq ekanini ko’rsatishga harakat qiladi va bu haqda barcha mavjud kanallar orqali bong urishadi”, - deydi tahlilchi Todd Xelmus.

AQSh Kongressi qarz shiftini 1960-yildan beri 78 marotaba ko’targan. Shundan 49 martasida Oq uyda respublikachi, 29 tasida esa demokrat prezident o’tirgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG