Breaking News

Obama Kongressdan "qarz shifti"ni ko'tarishni so'ramoqda


Prezident Obama
Prezident Obama
Barak Obama ikkinchi prezidentlik muddatiga kirishishiga bir hafta qolarkan, davlat rahbari Oq uyga jurnalistlarni taklif etib, matbuot anjumani o’tkazdi. Tadbirda iqtisodiyotga urg’u berildi.

Prezident Obama matbuot anjumanidan foydalanib, Kongressni mamlakatning qarz olish minimumini oshirishga chaqirdi. AQSh qarzi ayni damda 16,4 trillion dollar bo’lib, Kongress ruxsatisiz qo’shimcha qarz olish mumkin emas.

Obamaning aytishicha, respublikachi qonunchilar kelasi bir necha haftada “qarz shifti”ni ko’tarishi lozim, aks holda olingan qarzlar bo’yicha foizlarni to’lash imkoni bo’lmay qoladi va Qo’shma Shtatlar defoltga uchrashi mumkin. Obamaning aytishicha, hozirgi pul bir necha haftaga yetadi, xolos.

“Kongressdagi raqiblarimiz davlat qo’shimcha xarajatlarga qayg’uryapti deb o’ylamasin. Pul moliyaviy majburiyatlarimizni o’z vaqtida bajarish uchun kerak”, - deydi Obama.

So’nggi bor qarz olish minimumi 2011-yil o’rtalarida ko’tarilgan edi.

"Amerika yalqov davlat emas. Shu paytgacha to’planib qolgan to’lovlarni yopish lozim”, deydi prezident.

Matbuot anjumanida so’nggi paytda mamlakat bo’ylab qizg’in bahslarga sabab qurol nazorati masalasi ham tilga olindi. Jamoat joylarida zo’ravonliklarning oldini olish uchun Oq uyda maxsus guruh tuzilib, vitse-prezident Jo Bayden unga rahbar etib tayinlangan.

Ertaga Bayden bu boradagi takliflarni prezidentga taqdim etadi. Ayrimlar nazarida avtomatik qurollar savdosi man qilinishi mumkin. Qurollarning bunday turiga joriy etilgan moratoriy 2004-yilda kuchini yo’qotib, o’shandan beri yangilanmagan edi.

Obamaga ko’ra, qurol sotishdan oldin xaridor haqida ko’proq ma’lumot olish kerak.

Amerika qurol uyushmasi rahbari Deyvid Kin Kongress avtomatik qurollarni taqiqlashiga ishonmaydi. Prezident Obamaning aytishicha, har bir qonunchining hujjatga qanday ovoz berishi vijdoniga havola. Qurol savdosini taqiqlash yoki qattiq nazorat qilishga da’vatlar kuchayar ekan, unga egalik qilish huquqi Konstitutsiyada bitilgan.

Oxirgi ikki yilda Amerikaning bir necha shtatlaridagi maktab, universitet va kinoteatrlarda o’nlab begunoh odamlar otishmalarda o’lgan. So’nggi bor dekabr oyida Konnektikut shtatidagi boshlang’ich maktabda bir odam 26 kishi, jumladan 20 o’quvchini otib o’ldirgan.

Matbuot anjumanida jurnalistlardan biri Obamaning yangi ma’muriyatiga faqat oq tanlilar taklif etilayotganiga doir tanqidga e’tibor qaratdi. Bunga javoban davlat rahbari lavozimlarning barchasi hali to’lmaganini aytib, sabrli bo’lishga chaqirdi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG