Breaking News

Ukrainaga qatnab turgan amerikalik jarroh: Hamdardlikning o'zi yetmaydi


Ukrainaga yo’l olgan amerikalik jarroh-transplantolog
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:18 0:00

Amerikalik jarroh-transplantolog Ukrainaga uchinchi safarini rejalamoqda. U yerda urushdan aziyat chekkanlarni davolaydi. Robert Montgomeri, shuningdek, Lvovdagi shifoxonaga tibbiy asbob-uskuna xarid qilish uchun mablag' yig'gan.

Doktor Robert Montgomeri bir kunda o'nta buyrak transplantatsiyasini o’tkazishi ortidan dunyoda obro’ qozongan jarroh. Hozirga qadar 2000 dan ortiq shunday operatsiyani amalga oshirgan. 2022-yilning bahorida, Rossiyaning bosqinidan so’ng shifokor Ukrainaga bordi.

“Hamdardlik yoki bu haqda gapirishning o‘zi yetarli emas. Bu bevosita ishtirokimni talab qiladigan vaziyatlardan biri edi”, - deydi u.

Montgomeri polshalik hamkasbi yordamida ukrainalik transplantologlar bilan onlayn aloqa o’rnatgan. So’ngra operatsiyalarga yordam berish uchun hech ikkilanmasdan Ukrainaga borgan.

“Lvovga kelsak shaharda chiroq yo’q. Ertasiga ertalab ikkita operatsiya rejalangan edi. Bir necha soat uxlab, ishga kirishganmiz”, - deya eslaydi jarroh.

Montgomerini mamlakatga taklif qilgan ukrainalik jarroh-transplantolog Igor Humeniy undan urush zonasida ishlashdan cho’chimaysizmi, deb so’ragan.

“Uning javobi hamon esimda. U shunday degandi: “Mening ham yuragim ko‘chirib o‘tkazilgan. Yangi yurak bilan menga yashash uchun qo'shimcha vaqt berilgan. Bu vaqtni muhtojlarga yordam berish uchun sarflashni istardim”, - deydi Humeniy.

Montgomeri Lvovda bir hafta bo’lib, to'rt kishini operatsiya qildi. Barchasi muvaffaqiyatli kechganligini aytadi shifokor. Jarroh yordami shu bilan cheklanmagan.

“U yerda bo’lganimda operatsiyalarni o’tkazish uchun yetishmayotgan yangi asbob-anjomlar ro’yxatini ham tuzib qo’ydim. Bu ro’yxat Amerikaga qaytgach ularning xaridiga mablag’ yig’ishimda asqatadi deganman…”

Amerikada u 300 ming dollarga yaqin mablag’ yig'ib, Ukraina kasalxonalari uchun asbob-uskunalar sotib oldi va ularni 2022-yil oktabrda Ukrainaga yetkazdi.

Energetika va boshqa infratuzilma inshootlari tinimsiz oʻqqa tutilishidan Ukrainada ishlash oson bo’lmaganini eslaydi shifokor.

“Chiroq o'chganda, generatorlar yoqilishi kerak. Bir zumga bo’lsa ham hammayoq zulmatga cho’madi, ventilyator, EKG apparatlari o’chadi. Bunday sharoitda ishlash dahshatli”, - deydi Montgomeri.

Montgomeri uchinchi safariga hozirlanyapti. Endigi maqsadi protezlash va ruhiy shifoga muhtoj ukrainaliklarga yordam berish. Shuningdek, u Nyu-Yorkdagi kasalxonasi va Lvovdagi Nezlamni reabilitatsiya markazi qo'shma loyihalari uchun mablag’ yig’ishni ham boshlagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG