AQSh Prezidenti Jo Bayden 18-may kuni “Katta yettilik” davlatlarining sammitida ishtirok etish uchun Yaponiyaga yetib bordi. Yig’inda Xitoyning iqtisodiy amaliyotiga qarshi choralarni mustahkamlash hamda Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan Ukrainani dastaklash kun tartibidagi asosiy masalalar.
Oq uy rahbari dastavval Ivakuni harbiy bazasida xizmat qilayotgan AQSh va Yaponiya kuchlarining 400 kishilik otryadi bilan uchrashdi.
Baydenni Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida “Katta yettilik” sammitiga mezbonlik qilayotgan Xirosima shahrida kutib oldi.
Ikki tomonlama uchrashuvda Bayden AQSh va Yaponiya mushtarak qadriyat va maqsadlar yo’lida hamkor ekani, xususan, Ukrainani qo’llab-quvvatlash hamda qo’llanayotgan agressiya uchun Rossiyani javobgarlikka tortish borasida yakdil ekanini ta’kidladi. AQSh prezidenti, shuningdek, har ikki tomon yadroviy qurollarni tarqatmaslik hamda Hind-Tinch okeani mintaqasini erkin va ochiq hudud sifatida saqlab qolish ahdida qat’iy ekanini urg’uladi.
“Xulosa qilib aytganda, janob Bosh vazir, mamlakatlarimiz birga ekan yanada qudratli va nazarimda, dunyo ham yanada xavfsizroq makonga aylanadi”, - dedi Bayden Kishida bilan muloqot chog’ida.
“Katta yettilik” sammitida Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Britaniya va Yevropa Ittifoqi liderlari ham ishtirok etmoqda.
Kishida xalqaro maydonlardagi joriy vaziyatni inobatga olib, sammitga “Katta yettilik” a’zosi bo’lmagan Avstraliya, Braziliya, Komor orollari, Kuk orollari, Hindiston, Indoneziya, Janubiy Koreya, Ukraina va Vyetnam liderlarini ham taklif etgan.
Bayden Vashingtondan jo’nab ketish arafasida Papua-Yangi Gvineya hamda Avstraliyaga tashrifini bekor qilib, safar vaqtini qisqartirgan. AQShda tashqi qarz limitini ko’tarish bo’yicha muhim bahs-munozaralar davom etar ekan, Bayden respublikachilar lideri bilan yakuniy kelishuv jarayonida shaxsan ishtirok etish maqsadida Vashingtonga ertaroq qaytish payida.
Facebook Forum