Breaking News

AQSh qarzi bo'yicha muzokaralar tufayli Bayden xorij safarini qisqartirdi


AQSh Prezidenti Jo Bayden
AQSh Prezidenti Jo Bayden

Prezident Jo Bayden mamlakatning qarz olishiga qo’yilgan cheklovlarni ko’tarish boʻyicha Kongress yetakchilari bilan ikkinchi muzokarani boshlashi kutilar ekan, Oq uyning xabar berishicha, AQSh rahbari shu hafta oxirida uch davlatga belgilangan xorijiy safarini qisqartimoqda.

Bayden chorshanba kuni "Katta Yettilik" yetakchilari yig'ilishida ishtirok etish uchun Yaponiyaning Xirosima shahriga jo'nab ketadi.

Shundan so'ng u 22-may kuni Tinch okeani mintaqasi forumi rahbarlari bilan uchrashish uchun Yaponiyadan Papua-Yangi Gvineyaning Port-Morsbi shahriga borishi rejalangan edi. Bu safar qoldiriladi.

Xirosimadagi yig’in

Xirosima bu yil 19-21-may kunlari boʻlib oʻtadigan “Katta Yettilik” sammitiga mezbonlik qiladi. Anjumanda dunyoning yetakchi rivojlangan davlatlari, jumladan, AQSh, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari ishtirok etadi.

Rahbarlar Pekinning savdo va investitsiya cheklovlari, boykot va sanksiyalardan siyosiy maqsadlarda foydalanishiga qarshi turish masalasida muzokara olib boradi. Ular buni Xitoyning texnologik taraqqiyotini sekinlashtirish va global ta'minot zanjiridagi hukmronligini kamaytirishga intilish hamda o'z davlatlaridan Xitoyga eksport nazorati va investitsiyalarni cheklash orqali amalga oshirmoqchi.

Yig'ilishda Kiyev mudofaasini qo'llab-quvvatlash va eksportlarni yanada kengroq taqiqlash orqali Rossiyaga iqtisodiy bosimni kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinadi. “Katta Yettilik” a'zolari, asosan, Yevropa davlatlari Rossiyaga har oyda taxminan 4,7 milliard dollarlik mol eksport qiladi. Bu bosqindan oldingi eksport miqdorining taxminan 43 foizini tashkil qilib, asosan, farmasevtika, mashinalar, oziq-ovqat va kimyoviy moddalardan iborat.

Yadroviy qurolsizlanish va yadro qurollarining tarqalishiga yo’l qo’ymaslik ham bu yilgi mavzular kun tartibida. Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kishida sammitni oʻzining tugʻilgan shahri Xirosimada, 1945-yilda atom quroli bilan vayron qilingan joyda oʻtkazishga qaror qilgani ham ramziy ma’noga ega.

Tinch okeani orollari forumi

22-may kuni Bayden Xirosimadan Papua-Yangi Gvineya poytaxti Port-Morsbiga borishi, u yerda Bosh vazir Jeyms Marape va Tinch okeani orollari forumining boshqa rahbarlari, 18 mamlakat va hududlardan iborat guruh vakillari bilan uchrashishi rejalashtirilgan edi. Bu uchrashuvlarda ham Xitoyning mintaqada o’sib borayotgan qudrati va uning tajovuzkor siyosatiga qarshi turish masalalari muhokama qilinadi.

To’rtlik sammiti

Port-Morsbidagi qisqa anjumandan so'ng, Bayden 24-may kuni Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze mezbonlik qiladigan Sidneydagi to'rtlik davlatlari anjumanida ham qatnashishi belgilangan edi. Avstraliyaga safar bekor qilingan.

Bu to'rtlik 2007-yilda to'rtta demokratik davlat o'rtasida iqtisodiy va xavfsizlik munosabatlarini mustahkamlash uchun tashkil etilgan va oxir-oqibat Xitoyning yuksalishiga qarshi qaratilgan strategik uyushmaga aylangan.

To’rtlik anjumanlari doirasida global sog'liqni saqlash, iqlim o’zgarishi, muhim va rivojlanayotgan texnologiyalar, kiber xavfsizlik, kosmik tadqiqotlar va infratuzilma bo'yicha oltita ishchi guruh faoliyat olib boradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG