Breaking News

AQShga noqonuniy kirganlar Chikagoga oqib kelmoqda


Chikagoda muhojirlar oqimi ko'paymoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:14 0:00

Amerikaning janubiy chegarasidan AQShga kirayotgan muhojirlar oqimi bilan to’qnash kelayotgan shaharlardan biri bu Chikago. Shahardagi muhojirlar markazi va boshpanalar migrantlar bilan to’lgan.

Bir necha oylik urinishlar ortidan Lismar Pinto nihoyat janubiy chegarani kesib o’tib, AQSh hududiga kirdi. Chegarada uni avtobusga yuklab, Chikagodagi politsiya bo'limiga olib kelishdi.

“Albatta, boshida qiyin bo'ldi, kamida biz uchun. Biz jinsiy tajovuzkorlar bo'lgan stansiyadan o’tdik. Ikki nabiram bilan keldik: biri 5 oylik, ikkinchisi 5 yoshda”, - deydi u.

Pinto har hafta Chikagoga kelayotgan yuzlab muhojirlardan biri. Ular AQSh immigratsiya tizimi orqali qonuniy boshpana olishni va shu orqali Amerikada yangi hayot boshlashni orzu qilmoqda.

“Bizda yangi imkoniyatlar bor. Ular bizga boshpana berishmoqda, oziq-ovqat bilan ta’minlayapti. Tibbiy yordam oldik, bolalar maktabda o'qimoqda. Bularning barchasi hayotimizga muhim o’zgarishlar kiritdi”, - deydi venesuelalik Xose Moran.

Texas kabi chegara shtatlardan oqib kelayotgan muhojirlar Chikagodagi boshpana va yordam xizmatlarini toʻldirib, shahar rahbarlarini favqulodda holat eʼlon qilishga majbur qildi.

"Bu gumanitar inqiroz", - deydi Maykl Rodriges.

AQSh-Meksika chegarasi: muhojirlar oqimi ko'payishi kutilyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:06 0:00

Rodriges Chikagoning eng ko’p ispanzabonlar yashovchi 22-mahallasida shahar kengashi a’zosi.

"Hozir bizning boshpana tizimimizda bor-yo'g'i 2800 ga yaqin o’rin bor. Joylarimiz to’lgani uchun parklar va politsiya uchastkalarini ham odamlarga vaqtincha boshpana qilib beryapmiz", - deydi u.

Nodavlat tashkilotlar ham yordam qo’lini cho’zmoqda. Met DeMateo Yangi hayot markazlari tashkiloti rahbari.

"Zanjirning har bir bo’g’inida oilalarni shoshilinch oziq-ovqat, kiyim-kechak va shunga o'xshash narsalar bilan ta’minlayapmiz. Chikagoda bu oilalarga yordam qo’lini cho’zayotgan kuchli tarmoq mavjud", - deydi u.

“Oʻtgan yilning sentabridan beri 9 mingga yaqin muhojir Chikagoga joylashdi. Yangi hayot markazlari ularning uchdan bir qismini boshpana bilan ta’minladi.

“Oilalar bu yerga mutlaqo hech vaqosiz keladi. Och-yupun, toliqqan holatda bo’lishadi. Endi esa yangi umid va imkoniyat izlashmoqda”, - deydi DeMateo.

“De Vida” oziq-ovqat do'koni tomonidan har kuni taqdim etilgan oziq-ovqat kolumbiyalik Xose Molina Povedor kabi yuzlab odamlarning joniga oro kirmoqda. Povedor boshpana so’rovi hal qilinmaguncha qonuniy ravishda ishlay olmaydi. Shuning uchun u “Pan De Vida” tashkilotiga ko'ngilli sifatida yordam bermoqda.

"Men ishlay olishim va AQShning yaxshi fuqarosi bo'lishim uchun ish ruxsatnomasini kutyapman”, - deydi u.

Povedor hujjatini kutar ekan, Yangi hayot markazlari muhojirlarni vaqtinchalik boshpanalardan doimiy uylarga ko'chirish harakatida.

"Biz kuniga 10 ta oilani boshpanalardan kvartiraga joylashtiryapmiz. Oyiga bunday oilalar soni 500 taga yetishini umid qilyapmiz”, - deydi DeMateo.

Chikagoga muhojirlar oqimi oshib, ijtimoiy xizmatlar uchun ehtiyoj kuchayar ekan, shahar va Illinoys shtati rahbariyati federal hukumatga yordam so’rab murojaat qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG