Breaking News

Meksika orqali AQShga kirayotganlarning demografik tarkibi o'zgarmoqda


Meksika orqali AQShga kimlar kirib kelmoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:00 0:00

So’nggi oylarda AQSh-Meksika chegarasidan Amerikaga kirishga urinayotgan migrantlar demografiyasida o’zgarish kuzatilmoqda.

Ilgari AQShga chegarani buzib kirgan yoki Meksika bilan chegarada qo‘lga olingan muhojirlarning aksariyati Gvatemala, Salvador yoki Gondurasdan bo’lgan. Biroq joriy yil boshida bojxona va chegara xizmati demografik tarkibda o‘zgarish yuz berganini payqab qoldi. Hozir Venesuela, Kuba, Nikaragua va Gaitidan tortib, Xitoy va Afg'onistongacha bo’lgan olis yurt fuqarolari ham Meksika orqali AQShga kirib kelmoqda.

“Nafaqat turli millatdagilar, balki turli xil ijtimoiy kelib chiqish va darajadagi odamlar, muhandislar, shifokorlar, huquqshunoslar, arxitektorlar bor. Aytmoqchimanki, professionallarning o'z mamlakatini tark etishi yaxshi sabab bilan emas”, - deydi muhojir huquqlari faoli Karlos Navarro.

Ismini oshkor qilishni istamagan migrant Xitoyda kichik biznes egasi bo'lganini aytadi. U pandemiya paytidagi iqtisodiy inqirozdan aziyat chekib, Amerikaga Meksika orqali kelishga qaror qilgan.

“Boshqalarga maosh to'lashingiz, o’zingizni boqishingiz kerak. Bosim katta. Men bu yerga rasmiy tartib-qoida asosida kelmoqchi bo’ldim. Lekin AQSh kelishimizga ruxsat bermayapti, ikkinchi tomondan esa, Xitoy ketishimizga ruxsat bermaydi. Shu yo’lni tutishga majburmiz; boshqa choramiz yo‘q”, - deydi u.

AQSh rasmiylarining aytishicha, fevral va aprel oylari orasida Braziliya, Kolumbiya, Hindiston, Ruminiya, Rossiya va Turkiyadan muhojirlar kelgan.

O’zini Fara deb tanishtirgan gaitilikning aytishicha, uning besh kishilik oilasi uch oydan beri AQShga o‘tish imkoniyatini kutmoqda.

“Biz juda uzoq joydan keldik. Bizning mamlakatimizda hamma narsa noto'g'ri. Begunoh odamlarni o'ldirishyapti. Biz vatanimizga qaytib kela olmaymiz”, - deydi u.

Ko‘pchilik uchun safar yengil kechmagan. Venesuelalik Xorxe Fernandes Kolumbiya va Panama o’rtasidagi o'rmonda og'ir yaralangan do'sti hamrohligida AQSh-Meksika chegarasigacha taxminan bir oy yo’l bosgan.

AQSh-Meksika chegarasi: muhojirlar oqimi ko'payishi kutilyapti
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:06 0:00

“Men bilan sayohat qilgan odam yiqilib tushdi. Ammo biz ketishga muvaffaq bo'ldik. Bu men boshdan kechirgan eng qiyin narsa edi”, - deydi u.

Pandemiya davrida chegarada o'rnatilgan “Title 42” qoidasi 11-may kuni rasman yakunlandi. Bu chora chegarachilarga ba'zi muhojirlarni darhol Meksikaga yoki o'z vataniga qaytarib yuborish imkonini berdi. Endi chegarani kesib o’tgan muhojirlar ishi pandemiyagacha amalda bo’lgan eski tartib asosida ko'rib chiqilmoqda. Bu muhojirlarga, agar ular o'z vatanida ta’qibga uchragan bo’lsa, Qo'shma Shtatlardan boshpana so’rash huquqini beradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG