Bir yil avval Oq uy joriy qilgan Hind-Tinch okeani Iqtisodiy rejasi mintaqaning hujjatni imzolagan 14 mamlakati uchun biznes imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
O’tgan hafta AQShga o’z vakillarini yo’llagan mamlakatlar ta’minot zanjirlari xavfsizligi bo’yicha muhim kelishuvga erishgan.
AQSh tijorat vaziri Jina Raymondo ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar haqida ogohlantiradigan yagona tizimni joriy qilish hamda tovar ayirboshlash jarayonlarini nazorat qiladigan kengash tuzishdan iborat rejani e’lon qildi.
AQSh-ASEAN Biznes kengashi vakili Mark Mili mazkur rejaning qanday ishlashiga izoh berdi:
“Masalan, ehtimoliy pandemiyaning oldini olish maqdsadida hukumat rezina qo’lqoplar eksportiga taqiq qo’llamaslikka qaror qilsa, biz harakatlarni muvofiqlashtiramiz. Havo yo’llaridagi to’siqlarni bartaraf qilamiz”, - deydi u.
Xitoy rejaga qo’shilmagan. Biroq Detroytda o’tgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi forumiga o’z vakillarini yo’llagan. Xitoy tijorat vaziri Van Ventao forum doirasida vazir Raymondo hamda AQShning savdo bo’yicha vakili Ketrin Tay bilan uchrashdi.
“Dunyoning ikki yirik iqtisodi – AQSh va Xitoyning o’zaro savdo va iqtisodiy aloqalari jiddiy ta’sir kuchiga ega ekanini yaxshi anglaymiz. Bu nafaqat o’z iqtisodimiz, ishchilarimiz, bizneslarimiz, aholimizning o’rta qatlamiga, balki butun dunyoga ta’sir qiladi”, - deydi rasmiy.
Ben Chjan Siettlda kompaniyalarga marketing mahsulotlarini yetkazib beradigan biznes egasi. Uning nazdida, mintaqa mamlakatlari orasida Xitoy bilan raqobat qilishga qodirlari hanuz yo’q.
“Loyihalarga uzoq vaqt sarflashadi. Xitoy loyihani oldimi, bir zumda bajaradi”, - deydi u.
AQSh-Xitoy munosabatlaridagi taranglik Chjan kabi biznes egalarini Xitoydan voz kechib, muqobil bozorlardan tovar olishga majburlamoqda. Biroq COVID-19 pandemiyasi davridagi cheklovlar tufayli, xorijiy mamlakatlarga safar qilish va kelishuvga erishish muammo bo’lgan.
“Muloqot “Zoom” va video konferensiyalar bilan cheklanib qoldi. Bu esa yuzma-yuz qo’l siqib, birga taom tanovul qilib, nonni bo’lishib, ularning falsafasi, qadriyatlari, ish yuritish asoslari bilan tanishishga yetmaydi. O’zaro ishonch tavakkalchilikka asoslangan”, - deydi Chjan.
Shuning uchun ham Xitoydan voz kechish ayrim bizneslar manfaatiga zid. Biroq AQShda o’tgan forum muqobil manbalarga ishonchni kafolatlashi mumkin.
Facebook Forum