Bayden ma'muriyati nazarida Xitoy va Rossiya orasida kengayib borayotgan hamkorlik o'nlab yillardan beri hukmron yadroviy muvozanatni buzishi mumkin.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi rasmiylarining aytishicha, Moskva va Pekin nafaqat atom texnologiyalari borasida o'zaro yangi bitimlarga ega, balki Eron bilan ham yaqin aloqada va uni quvvatlamoqda. Oq uydan Pranay Vaddi Amerika matbuotiga bergan intervyusida bu borada xavotir bildirgan.
1947-1991 yillardagi sovuq urushdan beri ko'plab davlatlar yadroviy qurollanishga bel bog'lagan.
"Rosatom" kelasi uch yil mobaynida Xitoy atom inshootlarini yuqori darajada boyitilgan uran bilan ta'minlaydi. Fujian viloyatidagi bu zavod ikki reaktorga ega va 600 megavat energiya ishlab chiqarishga qodir.
Rossiya hukumati unga uran-235 uzatishini bildirgan. Lekin bu modda atom qurollari yaratishda ham qo'l keladi.
Xitoyning bu masala bo'yicha mutasaddilaridan biri Tian Li deydiki, Fujiandagi zavodning harbiy kompleksga umuman aloqasi yo'q.
Ekspertlar fikricha esa Moskvaning bu madadi salmoqli va Xitoy atom arsenalini kuchaytirish uchun ishlatilishi tayin.
Vashingtondagi Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazidan Entoni Kordesmen tahlilicha, Xitoy-Rossiya yadroviy hamkorligining ta'siri kelasi 10-20 yil uchun o'ta muhim.
"Insoniyat atom qurollari naqadar xavfli ekanini unutib qo'ygan. AQSh va SSSR orasidagi keskinliklar qanday hal etilgani, hal etilmaganida oqibatlari naqadar dahshatli bo'lishi mumkinligini tasavvur qila olmaymiz", - deydi olim.
Prezident Shi Zinpin mart oyida Rossiyaga borganida "Rosatom" bilan bitimlar e'lon qilingan edi.
Kordesmen bu kelishuvlar bilan qurollanish birdaniga avj oladi degan xulosadan yiroq. Biroq, deydi u, hamkorlik Xitoyga kuch beradi. Pekin atom arsenali hajmini 250 tadan kamida 1200 taga chiqarmoqchi ekani taxmin qilinadi.
Pekin ayni damda uch raketa va suvosti vositalari ustida ishlamoqda, deydi ekspert.
Stivens Texnologiya institutidan Aleks Uellershteyn deydiki, Xitoy iznida ayni damda 14 tonna yuqori darajada boyitilgan uran bor, shuningdek, uch tonnaga yaqin plutoniy.
"Bular bilan Xitoy istagancha qurolga ega bo'lishi mumkin", - deya ogohlantiradi olim.
Amerikaning yana bir eksperti Petti-Jeyn Geller Xitoy 1950-yillardan boshlab bu borada Sovet ittifoqi bilan ishlaganini eslatadi. Hamkorlik yangi emas, deydi tadqiqotchi, turli rahbarlar uni yo mustahkamlagan yo chetga surgan. Hozir yaqinlik kuzatilmoqda.
“Rossiya qancha ko'p strategik modda bersa, Xitoy shunchalik quvvatlanadi. U qanchalik quvvatlansa, atom qurollarini ham shunchalik ko'paytiradi", - deydi Geller.
Yaqinda Kongress a'zolari Oq uyg yuborgan maktubda Bayden ma'muriyatidan darhol chora ko'rish talab qilinadi. Ya'ni, deydi qonunchilar, "Pekin-Moskva orasida jadallashgan yadroviy hamkorlik AQShga bevosita tahdid".
Pentagonga ko'ra, o'tgan ikki yilda Xitoy atom arsenali misli ko'rilmagan miqdorda oshgan.
Ayrim ekspertlar taxminicha, Pekin ularni o'zini mustaqil deb biladigan Tayvanga qaratishi mumkin. AQSh bu oroldagi hukumatni quvvatlab, harbiy yordam ko'rsatadi. Bu yil, masalan, ko'mak 1 milliard dollar miqdorida.
Iste'fodagi admiral Jeyms Stavridis fikricha, AQSh va Xitoy orasida urush chiqsa, u atom mojarosiga aylanishi tayin.
"Dengizda, xususan, bu ikki qudratli davlat yadroviy salohiyatini ishga solishi mumkin. Tomonlar bungacha bordimi, demak, undan keyingi qadamlar haqida ham o'ylasa ajab emas".