Breaking News

Xitoy Tolibonni islohotga undash uchun iqtisodiy ta’siridan foydalanadimi?


Xitoy, Pokiston va Tolibonning yuqori martabali rasmiylari Islomobodda ikki kunlik uchrashuvlar o’tkazar ekan, Pekinning mintaqadagi prioritetlari nima ekani oydinlashishi mumkin.

Xitoy va Tolibon tashqi ishlar vazirlari Tsin Gan va Amir Xon Muttaqiy Pokiston rasmiylari bilan uchrashmoqda.

Tolibonning ayollarga nisbatan keskin siyosati tufayli xalqaro hamjamiyat bu guruhni yakkalash yo’lidan bormoqda. Ammo Pekin nazarida, toliblar bilan muloqotni davom ettirish, uni “inklyuziv hukumat tuzishga, qo’shnilari bilan do’stona munosabatlarni rivojlantirishga” undashda davom etish kerak.

Xitoy va Pokiston tashqi ishlar vazirlari o’rtasida strategik muloqotning to’rtinchi raundi ham o’tkaziladi.

Xitoyning Afg’onistondagi prioritetlari

Pekinning Afg’onistondagi prioritetlari xavfsizlik tahdidlarini kamaytirish va iqtisodiy imkoniyatlar izlashdan iborat, deydi Zafar Iqbol Yusufzoy, Vashingtondagi Jeymstaun aql markazi tadqiqotchisi.

Xitoyning bildirishicha, bu mamlakatda taraqqiyot loyihalari xavfsizlik vaziyati yaxshilanishiga bog’liq. Pekin toliblarni inklyuziv hukumat tuzishga ko’ndira olishi esa noma’lum.

Yusufzoy deydiki, hozirda Afg’onistonda nima bo’lishi kerakligi to’g’risida xalqaro konsensus mavjud. “Bu borada Xitoy manfaatlari AQSh va boshqa mamlakatlarniki bilan bir”, - deydi u.

13-aprel kuni Xitoy, Rossiya va Afg’onistonga qo’shni mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining Samarqanddagi uchrashuvida Tolibondan xotin-qizlar va ozchilikdagi guruhlar huquqlarini hurmat qilish va inklyuziv hukumat tuzish talab qilingan edi.

Yusufzoyga ko’ra, Xitoy Kobulda barcha millatlarni o’z ichiga olgan hukumat bo'lishini xohlaydi, chunki busiz Afg’onistonda barqarorlik uzoqqa cho’zilmaydi.

Iqtisodiy loyihalar

Afg’oniston Xitoyning “Kamar va yo’l” deb nomlangan global infratuzilma loyihasi uchun muhim, deydi Yusufzoy. Pekin bu mamlakatning yana “terrorchilar o’chog’iga” aylanishini istamaydi.

O’tgan yilgi uchrashuvlarda Pekin Xitoy-Pokiston iqtisodiy koridorini Afg’onistongacha kengaytirishga umid bildirgan.

Kommunikatsiya va transport loyihalaridan tashqari, Xitoyni Afg’onistonning mineral va neft zaxiralari ham qiziqtiradi. Shu yilning yanvarida Afg’oniston shimolidagi neft zaxiralarini qazib olish bo’yicha Xitoy kompaniyasi bilan kelishuv imzolangan.

Tolibon Konchilik va neft vaziri Shahobiddin Delavarning aytishicha, Xitoyning “Gochin” kompaniyasi litiy konlariga 10 milliard dollar sarmoya qilmoqchi.

Bunday loyihalar kengayishiga asosiy to’siq bu – xavfsizlik. O’tgan yili dekabrda Kobuldagi xitoyliklar tashrif buyuradigan mehmonxonaga hujum qilingach, Xitoy o'z fuqarolaridan Afg’onistonni tark etishni so'ragan edi.

Pekinni Afg’onistondan Shinjon hududiga jangarilar kirib borishi ham tashvishga soladi.

Tan olmagan

Tolibon Xitoyga nisbatan iliq munosabatda hamda iqtisodiy loyihalari va sarmoyasi uchun unga minnatdorchilik bildirgan. Biroq Pekin toliblarni Afg’onistonning haqiqiy hukumati sifatida tan olgani yo’q.

Afg’on sobiq deputati Shinkay Karoxel “Amerika Ovozi” bilan suhbatda deydiki, tan olishdan bosh tortish orqali Xitoy “xalqaro hamjamiyat xavotirlariga sherik ekanini ko’rsatmoqda”.

Xitoy Afg’oniston hukumati ekstremizmga qarshi kurshda hamkorlik qilayotganiga ishonch hosil qilmoqchi.

“Afg’onistonda ekstremistik guruhlar mavjudligi asosiy muammo. Ularga qarshi kurashishning yagona yo’li inklyuziv hukumat tuzish”, - deydi u.

Pekin Tolibonni islohotlarga undash uchun Afg’onistondagi iqtisodiy ta’siridan foydalanishga tayyormi? Islomoboddagi uchrashuvlarni kuzatayotgan tahlilchilarni masalaning shu jihati qiziqtiradi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG