Rossiya va Pokiston Tolibon harakati bilan “amaliy hamkorlik” zarur ekaniga urg’u berar ekan, Afg’onistonda ayollar huquqlari va inklyuziv boshqaruv borasidagi xalqaro hamjamiyat xavotirlari hal bo’lmaguncha mamlakatning islomiy hukmdorlarini rasman tan olmasligini bildirmoqda.
Rossiya prezidentining Afg’oniston bo’yicha vakili Zamir Kabulov boshchiligidagi delegatsiya Islomobodda muzokaralar olib borgan. Pokistondagi manbalarga ko’ra, Kabulov Moskva Tolibon bilan aloqalarni davom ettirayotgani, ammo harakatni hozircha tan olmasligini bayon qilgan.
Joriy oy boshida Zamir Kabulov Kobulga safar qilib, Tolibon bilan gaplashgan. Rossiya elchisi siyosiy jihatdan inklyuziv hukumat yaratish, ayollarga nisbatan qo’yilgan cheklovlarni yumshatishni “maslahat” bergan.
Aks holda, deydi elchi, Tolibon bilan rasmiy aloqa o’rnatish masalasida oldinga siljish qiyin. Afg’oniston xalqaro hamjamiyatdan jiddiy ko’mak olishni istasa, o’zgarishlar qilishi shart.
Kabulov va Pokiston Tashqi ishlar vaziri muovini Hina Rabboniy Xarning uchrashuvi ketidan e’lon qilingan qisqa bayonotga ko’ra, tomonlar “Afg’oniston muvaqqat hukumati bilan amaliy hamkorlik qilish zarurligini ta’kidlagan”.
Manbalarga ko’ra, Islomobod ham Tolibonni rasman tan olishga shoshmaydi, buni xalqaro hamjamiyat bilan birgalikda qilishi mumkin. Rossiya-Pokiston rasmiylari uchrashuvida yana nimalar muhokama qilingani noma’lum.
Hina Rabboniy Xarning ta’kidlashicha, xalqaro hamjamiyat Afg’onistonga ko’mak uzatishda davom etishi, mamlakat rivojlanishi uchun yo’l ko’rsatishi lozim.
Faqat erkaklardan iborat Tolibon hukumatini hech bir davlat tan olmagan. Mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog’liq ahvol, jumladan, xotin-qizlar ta’lim olish huquqidan mahrum etilgani kuchli tanqidlarga sabab bo’lgan.
Tolibon Kobulni bosib olganidan keyin AQSh va boshqa G’arb davlatlari diplomatik vakolatxonalarini Qatarga ko’chirgan. Bir necha davlat, xususan, Pokiston, Rossiya, Xitoy, Turkiya va Eronning Kobuldagi elchixonalari faoliyatini davom ettirmoqda.
Xitoy
O’tgan hafta Xitoy va Tolibon tashqi ishlar vazirlari Sin Gan va Amir Xon Mo’ttakiy muloqot qilgan. Pekin, deydi Sin Gan, Kobulda “keng qamrovli va inklyuziv siyosiy tuzilma” yaratish yo’lida Tolibonni qo’llab-quvvatlaydi.
Ayni paytda afg’on ayollari mamlakatda ko’pgina sohalardan chetlashtirilgan. Ularning park, sportzal va hammomlarga kirishi taqiqlangan. Qizlar uchun oltinchi sinfdan keyin maktablar yopiq.
Toliblar tanqidlarni rad etib, hukumatga barcha etnik va siyosiy guruhlar vakillari kirganini, ayollarga nisbatan cheklovlar esa Afg’oniston madaniyati va islomiy qonunlar bilan hamohang ekanini ta’kidlaydi.
O’tgan oy Tolibon hukumati ayollarning universitetda ta’lim olishini, nodavlat tashkilotlarda ishlashini man etdi. Natijada aholining yarmi gumanitar yordamga muhtoj mamlakatda yirik xalqaro xayriya tashkilotlari ayrim dasturlarini to’xtatgan.
Facebook Forum