Breaking News

AQSh Tolibonni ogohlantirib, so’nggi qarorini bekor qilishga undamoqda


Kobul universiteti, 21-dekabr, 2022
Kobul universiteti, 21-dekabr, 2022

Afg’onistondagi oliy ta’lim maskanlarini xotin-qizlar uchun yopish haqidagi “dahshatli” qaror ketidan Qo'shma Shtatlar Tolibonni yanada yakkalash choralari ustida o’ylanmoqda.

“Vashingtondagi rahbariyat Tolibonga noto’g’ri yo’ldan ketayotganini ko’rsatish uchun qator choralarni ko’rib chiqmoqda”, - dedi AQSh diplomati Karen Deker, Qatarda jurnalistlar bilan muloqotda.

Davlat kotibi Enoni Blinken ham Tolibonni “oqibatlar” haqida ogohlantirdi, taqiqni bekor qilishga undadi. Uning aytishicha, toliblar ayollarni hurmat qilmas ekan, dunyo bilan munosabatlarini yaxshilay olmaydi.

“Ular afg’on ayollari va qizlarini imkoniyatsiz, qorong’i kelajakka mahkum etishga urinmoqda”, - deydi Blinken.

2021-yilning avgustidan keyin G’arb davlatlari Afg’oniston bilan shug’ullanuvchi diplomatik idoralarini Doxaga ko’chirgan.

“Tolibonning bunday qarorlariga ko’z yumib bo’lmaydi, ularga nisbatan mas’uliyatli sherik sifatida munosabatda bo’lishimizni kutishmasin. Toliblar iqtisodiy mustaqillik haqida gapirib kelmoqda, biroq ular bilan hech kim biznes qilmaydi”, - deydi Deker.

Diplomatga ko’ra, Tolibonning davlat va xususiy universitetlarni ayollar uchun yopish qarori tufayli Vashington bu guruhga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni yumshatish, yetakchilarining xorijga chiqishiga ruxsat berish masalasini ko’rib chiqmaydi.

Faqat erkaklardan iborat Tolibon hukumatini xalqaro hamjamiyat tan olmagan. Toliblarning hokimiyatga qaytishi ortidan Afg’oniston iqtisodiyoti inqirozga yuz tutdi. BMT agentliklariga ko’ra, mamlakatda millionlab odamlar har kuni ochlik bilan kurashmoqda.

Karen Dekerning aytishicha, AQSh Tolibonning qizlar ta’limini taqiqlash qaroriga javob choralari ustida o’ylanar ekan, afg’on xalqi yakkalanib qolishiga yo’l qo’ymaydi.

“Afg’onistonda muhtojlarga insonparvalik yordami yetkazishda davom etamiz”, - deydi u.

Deker AQShning Tolibon bilan aloqani davom ettirayotgani va muxolif guruhlarni qo’llamayotgani haqidagi tanqidlarga javoban deydiki, zo’ravonlik kuchayishini na afg’onlar, na mintaqa davlatlari istaydi.

Tolibon barcha afg’onlarning asosiy huquqlarini hurmat qilishga so’z bergan bo’lsa-da, ayollarni jamiyat hayotidan tobora chetlashtirmoqda. Ular o’ranib yurishi, tibbiyot muassasalari va uzoq safarlarga erkak hamroh bilan borishi kerak.

Xotin-qizlarning parklar, sport zallari va hammomlarga kirishi taqiqlangan.
Hukumatda ishlagan ayollarning ko’pi hozir ishsiz. Qizlarning oltinchi sinfdan keyin maktabga qatnashi man qilingan.

Tolibon rahbari Haybatulla Oxunzodaning sud tizimida shariat amallarini qo’llash to’g’risidagi qarori ketidan Afg’onistonda mahkumlarni omma oldida kaltaklash va qatl etish yo’lga qo’yildi.

Bir qancha viloyatlarda o’nlab odamlar, jumladan ayollar, stadionlarda zino, gomoseksuallik va o’g’rilik kabi jinoyatlar uchun omma oldida savalangan.

Tolibon 1996-2000 yillarda Afg’onistonni boshqargan davrda ham ayollarning ta’lim olishi va ishlashi taqiqlangan edi. O’shanda ommaviy qatllar ham amalda edi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG