2022-yilning yanvarida BMT Afg’onistondagi gumanitar inqirozni yumshatish maqsadida xalqaro hamjamiyatdan 4,4 milliard dollar so’ragan edi. Yil oxirlab borar ekan, yig’ib olingan mablag’ bu summaning yarmidan ham kam. Xususan, yirik donorlar orasida musulmon davlatlar yo’q.
“Xitoy, Rossiya va Islom hamkorlik tashkilotini Britaniya, AQSh va Yevropa Ittifoqidan o’rnak olib, insonparvalik yordamini sezilarli darajada oshirishga chaqiraman”, - deydi Tomas Niklasson, ittifoqning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili.
Afg’onistonda o’tgan yili hukumat qulab, o’rniga Tolibon boshqaruvga kelganidan keyin mamlakat yanada qashshoqlashgan. BMTga ko’ra, hozir deyarli barcha afg’onlar qashshoqlik chegarasidan pastda.
O’tgan hafta Saudiya Arabistoni Ukrainaga 400 million dollarlik gumanitar yordam berishini e’lon qildi. Xalqaro agentliklar buni olqishlasa-da, neftga boy davlat Afg’onistonga bu yili atigi 11 million dollar va’da qilgan.
Birlashgan Arab Amirliklari (BAA), Qatar va Turkiya ham yo donorlar ro’yxatida yo’q, yo yordam bobida orqada. BAA Afg’onistonga 2022-yilda atigi 1,9 million berishini bildirgan. Aholisining kishi boshiga daromadi bo’yicha yuqori o’rinlarda turadigan Qatar BMTning gumanitar murojaatlariga javoban 1 milliondan kamroq mablag’ o’tkazgan.
2021-yilning dekabrida Islom konferensiyasi tashkiloti yig’inida qatnashgan vazirlar Islom taraqqiyot bankida (ITB) Afg’oniston ehtiyojlari uchun maxsus jamg’arma tuzishga kelishgan edi. Shu yoz ITB Afg’onistondagi loyihalar uchun Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatiga 525 ming dollar ajratdi.
Donorlarning geosiyosiy manfaatlari
Ukraina uchun xalqaro hamjamiyatdan 4,2 milliard dollar so’ralgan edi. Hozirgacha bu summaning 68 foizi to’plangan, Afg’oniston uchun so’ralgan yordamning esa 45 foizi.
“Masalaning geosiyosiy jihatlariga to’xtalsak, Saudiya Arabistoni 11-sentabr voqealaridan beri Tolibon bilan aloqani uzgan, harakatni islomni badnom qilganlikda, terrorchilarga boshpana berganlikda ayblagan”, - deydi Jorj Vashington universiteti professori Maryam Delofre.
AQSh Tolibonga qarshi sanksiyalar joriy etgan bo’lsa-da, afg’on xalqi uchun gumanitar yordam bundan mustasno. Shuningdek, AQSh va boshqa davlatlar Afg’oniston markaziy bankiga tegishli 9 milliard dollar mablag’ni muzlatib qo’ygan. Qaror Tolibon bu puldan terrorizmni moliyalash uchun foydalanishi mumkinligi bilan izohlangan.
BMT boshchiligidagi insonparvarlik yordam mexanizmini tanqid qilayotganlar bor.
“Tizimni quyidagicha ta’riflash mumkin. Deylik, tilanchilar masjid eshigi oldida saf tortadi, namozxon ichkariga kirib qaysi biriga tanga berishni tanlaydi. Bir tilanchi boshqasidan munosibroq degan ma’noda”, - deydi Jahon tinchlik fondi direktori Aleks de Vaal.
Uning aytishicha, BMT tizimi azaldan G’arb donorlari tomonidan moliyalangan, musulmon davlatlar esa o’zi bilgancha, tanlab qarorlar qabul qiladi.
Tizimga shubha bilan qaraydigan faqat musulmon davlatlar emas. BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari Rossiya va Xitoy ham amaldagi sistemani samarasiz deb hisoblaydi.
“Umuman olganda, Saudiya Arabistoni va Fors ko’rfazi davlatlari BMT boshchiligidagi tizimga ishonch bilan qaramaydi. BMT va xalqaro nohukumat tashkilotlar boshqalarga yordam berishdan ko’ra o’zini moliyalashdan manfaatdor, degan qarash bor. Mablag’ning katta qismi xodimlar xarajatiga va odatda G’arb davlatlaridan bo’lgan konsultantlarga sarflanadi, degan fikr ham keng tarqalgan”, - deydi Delofre.
Facebook Forum