Kuchli zilziladan jiddiy talafot ko’rgan sharqiy Afg’onistonga xalqaro yordam yuklari kelishni boshladi. Ko’plab nodavlat uyushmalar va oddiy fuqarolar jabrdiydalarga o’z yordamini ko’rsatishga urinmoqda. Janubiy Kaliforniya musulmonlari yaqinda zilzila qurbonlari uchun 100 ming dollardan ortiq mablag’ yig’di.
Afg’onistonda zilzila yuz berishi ortidan “AQSh Islomiy ko’mak” xayriya tashkiloti zudlik bilan o’z e’tiborini jabrdiydalar uchun mablag’ yig’ishga qaratdi. Xayriya aksiyasiga Muhammad Niyoz boshchilik qildi.
“Har doim so’rasak, jamoamiz labbay deb javob beradi. Ular hech qachon qo’limizni quruq qaytarmagan, bizni umidsizlantirmagan. Bugun 100 dan ortiq odamdan 100 ming dollardan ziyod mablag’ yig’dik”, - deydi u.
Donorlardan biri Ola Sube AQShga 30 yil oldin qochoq sifatida kelgan. Muhtojlarga yordam berish kerak, deydi u.
“Bugun “Islomiy ko’mak” xayriya kechasiga kelishimning sababi shuki, Afg’onistonda yuz bergan halokatli zilzilani yuragimga juda yaqin oldim. Urushdan vayron bo’lgan mamlakat. Xalqi aziyat chekyapti. Bu yerda hamma narsasi bor odam sifatida ularga nimadir yordam qilish hozir mening qo’limdan keladigan yagona chora”, - deydi u.
Asli afg’onistonlik va “AQSh Islomiy ko’mak” tashkilotining g’arbiy shtatlardagi boshqaruvchisi Humoyun Jamoliyning aytishicha, mablag’ yig’ishning o’ziga xos mashaqqatlari bor; chunki Afg’onistonga pul jo’natish bo’yicha cheklovlar qo’yilgan.
“AQSh Afg’onistonni tark etgach, Afg’onistondagi bank va moliyaviy tranzaksiyalarga cheklovlar qo’yildi. Shu darajadaki, AQSh, Kanada yoki boshqa mamlakatdan qarindoshingizga pul jo’natsangiz, ular bankdan faqat 100 dollargacha yechib olishga ruxsat beradi, xolos”, - deydi Jamoliy.
Kobuldagi Tolibon hukumati zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun AQShdan xorijdagi muzlatilgan Afg’oniston pullarini qaytarishni hamda moliyaviy sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda.
Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyerning aytishicha, bu pullar Tolibonga emas, Afg’oniston xalqiga yetib borishini ta’minlash maqsadida masala yaqindan o’rganilmoqda. Ayni paytda Bayden ma’muriyati buning yechimini kutib o’tirmasdan xalqaro hamkorlar bilan birgalikda zilziladan aziyat chekkanlarga yordam berish yo’llarini ko’rmoqda, deya qo’shimcha qildi u.
Lekin yordamni Afg’onistonda kim tarqatadi, degan savol hanuz ochiq qolmoqda, deydi Azizi jamg’armasi rahbari Alina Navabiy.
“Afg’oniston ko’plab malakali ishchilar, shifokorlar, hamshiralar, hatto vertolyotni boshqara oladigan odamlarni yo’qotdi. Texnikalar bor, lekin ularni boshqaradigan odam yo’q. Shu bois xalqaro hamjamiyat yordam qo’lini cho’zishi kerak, chunki ularda kerakli malaka bor”, - deydi u.
BMT ma’lumotiga ko’ra, o’tgan 20 yil ichidagi eng halokatli zilzila sifatida qayd etilgan tabiiy ofatda 1150 ortiq odam halok bo’lgan. Qurbonlar soni yanada oshishi taxmin qilinmoqda.
Facebook Forum