Breaking News

BMT: Tolibon ayollarga qarshi “dahshatli kampaniya”ni to’xtatishi kerak


 Kobul ko'chalari, 26-dekabr, 2022.
Kobul ko'chalari, 26-dekabr, 2022.

BMT va gumanitar yordam tashkilotlari rasmiylari Afg’onistonda Tolibon liderlari bilan uchrashib, mamlakatda ayollarga qarshi davom etayotgan “dahshatli kampaniya”ni to’xtatishga chaqirdi. Ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdan chetlatilishi salbiy oqibatlarga eltishini ta’kidladi.

BMT ning Global aloqalar departamenti rahbari Melissa Fleming
BMT ning Global aloqalar departamenti rahbari Melissa Fleming

BMT ning Global aloqalar departamenti rahbari Melissa Fleming Afg’onistondagi vaziyatga baho berar ekan, “mamlakatning de-fakto hukumati qo’llayotgan ayollarni bosqichma-bosqich jamoatchilik hayotidan chetlatish va ularning hissasini yo’qqa chiqarish kampaniyasi o’z-o’ziga g’ayritabiiy zarar yetkazsihdir”, deya ta’kidladi.

BMT ning Afg’oniston bo’yicha maxsus elchisi Markus Potsel poytaxt Kobulda Tolibon hukumati vazirlari bilan yuzma-yuz uchrashib, ayollarning ta’lim olishi va nohukumat tashkilotlarda ishlashiga qo’yilgan taqiqlarni bekor qilish masalasini ko’tardi. Mamlakatdagi og’ir gumanitar inqiroz sharoitida ayollarning yordam tashkilotlaridagi ishtiroki o’ta muhim ekanini ta’kidladi.

Ocharchilik domidagi aholiga non tarqatilmoqda. Kobul, 31-yanvar, 2022.
Ocharchilik domidagi aholiga non tarqatilmoqda. Kobul, 31-yanvar, 2022.

Potsel 8-yanvar kuni Tolibonning Ahloqiy masalalar bo’yicha vaziri Muhammad Xolid Hanafiy bilan uchrashib, ayollar erki, huquqlari va taqdiri haqida so’zlashdi.

“Ayollarga qo’yilgan so’nggi diskriminatsion taqiq Afg’on xalqi uchun hayot-mamot masalasi bo’lgan yordam yo’liga to’siq, Afg’oniston iqtisodiga esa zarba bo’ladi”, - dedi Potsel Hanafiyga.

Tolibon hukumati o’tgan oy farmonlarga muvofiq hijob o’ramaganlik sababi bilan afg’on ayollariga mahalliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarda ishlashni taqiqlab qo’ygan edi.

BMT rasmiylarining aytishicha, bu taqiq millionlab odamlar favqulodda yordamga muhtoj bo‘lgan mamlakatda ko‘plab gumanitar dasturlarning amalda to‘xtab qolishiga sabab bo’lgan.

BMT Xavfsizlik Kengashi esa 13-yanvar kuni yopiq eshiklar ortida nohukumat tashkilotlarning ayol ishchilariga qo’yilgan taqiq masalasini muhokama qilishga tayyorgarlik ko’rmoqda.

8-yanvar kuni Norvegiya Qochqinlar kengashining bosh kotibi Yan Egeland ham Kobulda bo’lib, Tolibon hukumati bilan mazkur taqiqni bekor qilish masalasini muhokama qildi. Egeland farmon kuchga kirgan 24-dekabr sanasidan buyon Afg’onistonga tashrif buyurgan eng nufuzli xayriya tashkilot rahbari sifatida qayd etildi.

Norvegiya Qochqinlar kengashining bosh kotibi Yan Egeland
Norvegiya Qochqinlar kengashining bosh kotibi Yan Egeland
Norvegiya Qochqinlar kengashining bosh kotibi Yan Egeland​

Rasmiyning ta’kidlashicha, u rahbarlik qilayotgan tashkilot Afg’onistondagi libos an’anasi, sayohat va ish o’rinlarida kiyinish meyorlarini hurmat qiladi. Ayni damda 700 ming kishilik aholi, xususan, madaniy qadriyatlarga ko’ra ayollarga yordam yetkazishga xizmat qilib kelgan 469 nafar ayol xodimlar ishlash huquqidan mahrum etilgan.

“Biz ishni to’liq kuch bilan qayta tiklashimiz zarur. Aks holda, insonlar qurbon bo’lishi mumkin”, - dedi Egeland.

Norvegiya Qochqinlar kengashi o’tgan yil mobaynida Afg’onistonda 850 ming kishiga suv, sanitariya, boshpana va ta’lim yo’nalishlarida yordam bergan.

Tolibon 2021-yilning avgustida hokimiyatni egallaganidan buyon ayollar va qizlar hayoti og’irlashdi. O’rta maktab va universitet ta’limi, ayrim ishxonalarda mehnat qilish taqiqlandi. Ayollarga, shuningdek, istirohat bog’lari, fitnes va spa markazlariga borish taqiqlangan.

“Hech bir davlat o’z aholisining yarmini jamiyatdan chetga surib qo’yishi mumkin emas. Ayollar va qizlar Afg’oniston kelajagi uchun muhim ahamiyat kasb etadi”, - dedi Fleming.

O’z qarorlarining afg’on madaniyati va shariatga muvofiq ekanini ta’kidlayotgan Tolibon esa global maydondagi tanqidlar va chaqiriqlarni inkor etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG