Rossiya hukumatining bildirishicha, u Afg'onistonni deyarli bir yildan beri boshqarib kelayotgan Tolibonni tan olishga tayyor emas. Biroq, deydi rasmiylar, qashshoq mamlakatga insonparvarlik yordami berish va u yerda barqarorlikni saqlash yo'lida hissa qo'shish uchun Moskva Kobul bilan aloqada. Boshqa davlatlar ham shunday ish tutmoqda, deydi diplomatlar.
“Kelajakda nima bo'lishini bashorat qilish qiyin”, - deydi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov 15-iyun kungi brifingda.
Afg'onistonni 20 yil nazorat qilgan AQSh qo'shinlari o'tgan yilning avgust oyida mamlakatni tark etgan. Bu jarayon paytida esa Tolibon hokimiyatni qo'lga olgan.
Kobuldagi boshqaruvni biror davlat tan olmagan. Asosiy shartlar - terrorizmga chek qo'yish, Afg'onistondan boshqa mamlakatlarga hamla qilinishiga yo'l qo'ymaslik, inson huquqlari e'zozlanishi va barcha siyosiy taraflarni aks ettirgan hukumat tuzish.
Ayni damda Tolibon vazirlari faqat erkaklar va ular Afg'onistondagi etnik va siyosiy xilma-xillikni aks ettirmaydi.
Rossiyaning Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Zamir Kabulov deydiki, Kobuldagi rahbariyat etno-siyosiy jihatdan hammani o'z ichiga olgan tizim bo'lishi shart.
"Buni biz Tolibonga ochiq aytganmiz va aytib kelayapmiz. Hech kimga sir emas", - deydi Kabulov.
“Bunga erishilsa, tan olish masalasini jiddiy muhokama qila boshlaymiz. AQSh va boshqalar nima deb o'ylashi biz uchun muhim emas".
Tolibonga ko'ra esa uning boshqaruvi barcha afg'onlarni aks ettirib, ularning manfaatini ko'zlaydi. Xptin-qizlarga siyosatda joy yo'q, deydi toliblar, islomiy hayot tarzi ulardan uyda o'tirishni talab qiladi.
Shu bahona bilan Tolibon qizlarning bilim olishini ham cheklab qo'ygan.
“Ular davlatni qanday boshqarmoqchi? Xalqaro hamjamiyat sanksiyalar va turli choralar bilan hayotimizni yanada og'irlashtirdi", - deydi Muhsin Amin, afg'on tahlilchi.
Uning hisobicha, Afg'onistonda hozir 2 million qiz ilm olish huquqidan mahrum.
Xitoy, Eron, Pokiston, Rossiya, Turkiya, O'zbekiston va yana bir necha davlat Kobuldagi elchixonalarini yopmagan. AQSh va uning ittifoqchilari esa Afg'oniston bilan diplomatik aloqani uzgan.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi yaqinda Tolibonning Moskvadagi vakilidan ishonch yorlig'i oldi. Vazirlikning bayon qilishicha, bu vakolatxona - zarur diplomatik idora.
Afg'onistonda iqtisod izdan chiqqan. Mamlakatda millionlab aholi ocharchilik bilan yuzlashmoqda.
BMT taxminicha, qariyb 40 million aholining yarmidan ko'pi gumanitar yordamga muhtoj. 1,1 million afg'on bolasi to'yib ovqatlanmaydi.