O'tgan yili Tolibon Kobulda hokimiyatni egallaganida vatanini tark etgan jurnalist Anisa Shahid xalqaro hamjamiyatni Afg'onistondagi vaziyatga befarq bo'lmaslikka chaqirmoqda.
"TOLOnews" telekanaliga ishlagan Shahid hozirda Amerikada Xalqaro jurnalistlar markazi maxsus dasturida qatnashib, malaka oshirmoqda. Afg'onistonda xotin-qizlar ilm olish va ishlash imkoniyatlaridan mahrum bo'lgani, ularning erkinligi keskin cheklangani, uning fikricha, dunyo ahli e'tiborsiz ekanidan darakdir. Tolibon bilganini qilmoqda, chunki uning ekstremist harakatlariga munosib javob berilmayapti, deydi u.
'Amerika Ovozi" bilan suhbatda jurnalist deydiki, Tolibon ayol boshlovchilardan va muxbirlardan efirga yuzini yopib chiqishni talab qilayotgani qabul qilib bo'lmas holat.
“Bu qiyin kunlar o'tib ketadi degan umiddaman”, - deydi Shahid. “Jurnalistlarga qilinayotgan muomala ko'rib, ko'zimga yosh keladi, dahshat”.
"TOLOnews" - eng yirik afg'on axborot vositalaridan biri. U yerda 10 yildan oshiq davr xizmat qilgan jurnalist Afg'onistondagi faoliyatini faxr bilan eslaydi. Mamlakatidagi ayollar dardini keng ommaga olib chiqish uning uchun burch va sharaf edi.
Shahid terror xurujlarini va pandemiyaga qarshi kurashni ham yoritgan.
U ayni damda Vashingtonda yashaydi va yil oxirida yuksak kasbiy mukofot bilan taqdirlanishi kutilmoqda.
Vatandagi hamkasblari bilan aloqada ekanini aytar ekan, Shahid vaziyat kun sayin og'irlashib bormoqda, deydi.
"Tolibon erkinlik degan narsani yo'q qidli. Ular ayollarni mediadan va butun jamiyatdan chetga chiqarmoqchi. Ular ko'rinmasligi, gapirmasligi va hech bir muhim jarayonda ishtirok etmasligi kerak. Toliblar shuni xohlaydi", - deya kuzatadi jurnalist.
Xalqaro jurnalistlar markazi rahbari Sharon Moshavi fikricha, Afg'onistonda axborot vositalari va ularning xodimlari yuzlashayotgan cheklovlarga ko'z yumish vijdonsizlik bo'ladi.
“Axborot tushunchasi yo'q qilinmoqda. Hukumat biror jihatdan tanqid qilinmaydi. Tasavvur qiling bu mamlakatni qay ahvolga yetaklaydi?"
Tolibondan oldin ham jurnalistlar qator muammolar bilan yuzlashar edi, biroq ular erkin faoliyat yurita olar edi, har yerda bo'lmasa ham, yirik telekanallar va nashrlar o'ziga xos nufuzga va eng muhimi, xalq orasida ishoncga ega edi.
“Afg'onistonda jurnalist bo'lish azaldan mashaqqatli edi. Hozirga kelib, Tolibon senzurani kuchaytirgan va matbuot erkinligini batamom yo'q qilgan".
AQSh hukumati Tolibon siyosatini qoralab kelmoqda. Vashington Kobuldagi hukumatni tan olmaydi, u bilan muloqotda emas, lekin deyarli har kuni uni erkinlikni ta'minlashga, afg'on xalqi huquqini hurmat qilishga chaqiradi.
Davlat departamenti so'zlovchisi Ned Prays deydiki, Tolibon inson huquqlarini chetga surayotgani uni xalqaro hamjamiyatdan yanayam uzoqlashtiradi.
“U esa tan olinishni istaydi, quvvatlov xohlaydi. Lekin xatti-harakati ijobiy tomonga o'zgarmasa, xususan xotin-qizlarga muomalasida progress bo'lmasa, bunga erisha olmaydi", - deydi Prays.
Shahid nazarida dunyo ahli Tolibonni tergashda sust.
“Afg'onistonda qizlar ilm olish huquqidan mahrum. Ayollar ishlay olmaydi. Jurnalistlarga esa ayolligi uchun yuzini ko'rsatishi man etilgan. Ular jamiyat bilan bemalol gaplasha olmaydi", - deydi u.