Tolibonning da’vo qilishicha, Kobuldagi yangi hukumat xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinishiga Qo’shma Shtatlar to’sqinlik qilmoqda.
“AQSh – bu yo’ldagi eng katta to’siq. Amerika boshqa mamlakatlarning bu yo’nalishda harakat qilishiga yo’l bermaydi, o’zi ham bu tomon qadam tashlamaydi”, - deydi harakat so’zlovchisi Zabihulla Mujohid, “WhatsApp” platformasi orqali jurnaslistlar bilan muloqotda.
Uning ta’kidlashicha, Tolibon hukumati diplomatik jabhada tan olinishi uchun “barcha talabalarni” bajargan.
Barcha mamlakatlar, jumladan AQSh tushunishi kerakki, Tolibon bilan siyosiy muloqotdan “hamma manfaatdor”, deydi Mujohid. Bu dunyoga barcha arz-shikoyatlarini Tolibon bilan rasman muhokama qilish imkonini beradi.
2020-yilning fevralida Qatarda imzolangan kelishuv doirasida, deydi u, Tolibon rahbariyati AQSh bilan o’zaro aloqalar yaxshiroq bo’lishini istaydi. Unga ko’ra, Vashington ham shunga intilishi lozim.
“Biz Afg’onistonni bosib olgan Qo’shma Shtatlar bilan uzoq vaqt dushman edik. Urush endi tugadi”.
Taqiq va cheklovlar
Tolibonni hozirgacha hech bir davlat Afg’onistonning qonuniy hukmdorlari sifatida tan olgani yo’q. Bunga asosan harakatning xotin-qizlarga nisbatan qo’pol munosabati sababchi. Guruhdan, shuningdek, uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlash uchun barcha guruhlarni o’z ichiga olgan, inklyuziv hukumat tuzish talab qilinmoqda.
Afg’onistonda 10 oy oldin hokimiyatni qo’lga olganidan beri toliblar askar qizlarning umumiy o’rta ta’lim olishini to’xtatib qo’ygan. Ayrim davlat idoralaridagi ayol xodimlar ishiga qayta olmayapti.
Saxovatni targ’ib qilish va illatlarni yo’qotish vazirligi ayollarga jamoat joylarida yuzlarini yopib yurishni buyurgan. Xotin-qizlarga, agar erkak qarindoshi hamrohligida bo’lmasa, uyidan 70 kilometr nariga sayohat qilish mumkin emas.
Tolibon bu cheklovlarni bekor qilish chaqiriqlarini rad etgan.
“Bu buyruqlar shariat doirasida qabul qilingan, - deydi Mujohid. – Umid qilamanki, afg’on ayollari islom amallariga zid bo’lgan talablarni qo’ymaydi”.
Afg’onistonning qo’shnilari va mintaqa davlatlari ham Kobul bilan diplomatik aloqa o’rnatish uchun avvalo ayollarga nisbatan cheklovlarni yumshatishga undagan.
“Inklyuziv etnosiyosiy hukumat [tuzish] birinchi qadam bo’lishi kerak. Buni yashirmaymiz va afg’on hamkorlarimizga ochiq aytamiz”, - deydi Rossiyaning Afg’oniston bo’yicha maxsus vakili Zamir Kabulov.
Bundan tashqari, ko’plab islomiy mamlakatlardagi olimlar ham Tolibonning ayollar ta’limini taqiqlash, ularning jamoa hayotida ishtirokini cheklashga qaratilgan siyosatini ma’qullamaydi.
Al-Qoida
Zabihulla Mujohidning ta’kidlashicha, Afg’onistonda hozir na al-Qoida, na uning a’zolari bor. Barchasi 2001-yilning oktabrida AQSh bostirib kelganidan keyin o’z davlatlariga tarqalib ketgan, deydi u.
Tolibon Afg’onistonda 1996-2001 yillarda hukmronlik qilgan davrda uni uchta davlat – Pokiston, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklari tan olgan edi. O’shanda ayollar ijtimoiy hayotdan mutlaqo chetlashtirilgan, qizlarning ta’lim olishi man etilgan, Afg’oniston esa diplomatik izolyatsiyada edi.
Mujohidga ko’ra, hech kim afg’on tupriog’idan foydalangan holda AQSh va uning ittifoqchilariga tahdid solmaydi.
“O’zaro ishonchni va siyosiy aloqalarni mustahkamlash uchun keyingi qadamlar tashlansa, buni [ta’minlashga] tayyormiz”, - deydi u.
BMTning o’tgan oygi hisobotiga ko’ra, Tolibon al-Qoida bilan yaqin aloqalarni davom ettiryapti. Hujjatda tarmoqning asosiy rahbarlari, jumladan Ayman al-Zavohiriy, Afg’oniston sharqida ekani haqidagi xabarlarga ishora qilinadi.
Ammo hisobotda qayd etilishicha, al-Qoida ham, “Islomiy davlat” tarmog’i sifatida tanilgan “Xuroson viloyati” ham “kamida 2023-yilgacha xalqaro hujumlar uyushtirishga qodir emas”.
Facebook Forum