Breaking News

AQSh generali: "IShID-Xuroson" G'arbga tahdid solish darajasida emas


AQSh Markaziy qo'mondonligi rahbari general Kennet Makkenzi
AQSh Markaziy qo'mondonligi rahbari general Kennet Makkenzi

AQSh Afg'onistondan so'nggi qo'shinlarini olib chiqqanidan keyin o’tgan olti oy davomida "Islomiy davlat"ning afg'on bo'linmasi o’z imkoniyatlarini kengaytirgan. Biroq, yangi razvedka ma'lumotlariga ko'ra, guruh Amerika va uning ittifoqchilariga qarshi xurujlar uyushtirish darajasida qudratga ega emas.

AQSh va boshqa mamlakatlar razvedka xizmatlarining hisob-kitobiga ko‘ra, Afg‘onistonni Tolibon egallab olgandan beri “IShID-Xuroson” deb nomlanuvchi guruh a’zolari qariyb ikki baravar ko‘payib, bugun 4000 dan ortiq jangariga yetgan. AQSh Markaziy qo'mondonligi (CENTCOM) qo'mondoni general Kennet Makkenzining aytishicha, AQSh va AQSh tomonidan qo'llab-quvvatlangan afg'on kuchlarining avvalgi bosimi yo’qligi tufayli IShID bo'limi o'z ta’sir doirasini mustahkamlamoqda.

“IShID kuchayib borayotganini diqqat bilan kuzatishda davom etamiz. Guruh so‘nggi bir necha oy ichida hatto Kobulda ham bir qancha shov-shuvli hujumlarni amalga oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Men yozda IShID hujumlari yanada kuchayishini kutmoqdaman", - deya qo’shimcha qildi u.

“IShID-Xuroson” xavfliligicha qolayotgan bo'lsa-da, guruh o'z imkoniyatlarini ba'zi amerikalik rasmiylar dastlab qo'rqqandek tez rivojlantira olmadi.

Pentagonning yuqori martabali rasmiysi o’tgan yili oktabr oyida guruh G'arbga qarshi terror hujumlarini boshlash uchun zarur bo'lgan imkoniyatlarni olti oy ichida qayta tiklay olishi haqida ogohlantirgan edi.

O'shandan beri Shahab al-Muhojir boshchiligidagi “IShID-Xuroson”, asosan, Afg'onistonda o’z ta’sirini oshirish bilan band.

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a'zo davlatlar tomonidan tarqatilgan razvedka ma'lumotlariga ko'ra, guruh hududlarni qaytarib olishni birinchi o'ringa qo'ygan va hozirda Afg'oniston sharqida ayrim cheklangan hududlarni nazorat qilmoqda. G‘arb razvedka xodimlari va gumanitar guruhlar, shuningdek, “IShID-Xuroson” Afg‘onistonning qo‘shnilari hududida o‘z tarmoqlarini kengaytirish uchun zamin yaratayotgan bo’lishi mumkinligini qayd etadi.

AQSh razvedkasi hisob-kitoblariga ko'ra, “IShID-Xuroson” G'arbda teraktlar uyushtirish imkoniyatiga ega bo’lishi uchun kamida 12 – 18 oy vaqt kerak bo’ladi.

“IShID-Xuroson” hali ham AQShga va xorijdagi hamkorlarimizga hujum qilishga intilmoqda, - dedi Makkenzi. - Tolibon bosimni saqlab qolishga harakat qilmoqda. Ularga buni qilish qiyin".

AQShning Afg'onistonda qo'shinlari yo'qligi sababli “IShID-Xuroson” va “Al-Qoida” guruhlarini kuzatish, asosan, qo'shni Pokistondan qilinadigan razvedka parvozlari bilan cheklanib qolmoqda.

"Hozir buni qilish avvalgidan ko'ra qiyinroq, lekin imkonsiz emas", - dedi MakKenzi qonunchilarga.

"CENTCOM (Markaziy qo’mondonlik) vatanga tahdidlarni aniqlash, bir yoqli qilish va tugatish uchun zarur resurslarga ega bo'lgan taqdirdagina, bu ishlarni bajara olamiz. CENTCOM bu missiyani bajarish uchun zarur vositalarga ega, ammo imkoniyatimiz cheklangan. Agar resurslar kamaysa, xavf ortadi", - deya qo’shimcha qildi u.

CENTCOM qo‘mondoni, shuningdek, AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib ketgandan buyon hech qanday aksilterror hujumlarini amalga oshirmaganini aytdi.

Suriya va Iroq

Afg'onistondan farqli o'laroq, AQShning Suriya va Iroqda IShIDni jilovlash borasidagi sa'y-harakatlari yaxshilanmoqda, deydi Makkenzi.

“Iroq va Suriyadagi Furot daryosi vodiysida IShID kechani eson-omon o’tkazib olishdan boshqa narsani o’ylay olmaydigan darajada”, - dedi u Iroq kuchlari va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Suriya Demokratik kuchlarining doimiy bosimini nazarda tutib.

Ammo Suriyada minglab odamlar, jumladan, IShID jangarilarining oilalari saqlanadigan “al-Hol” kabi yirik lagerlar bo’yicha xavotirlar saqlanib qolmoqda.

Lagerlar, deydi Makkenzi, IShIDga o’z g’oyalarini tarqatish uchun muhim zamin vazifasini bajarishi mumkin.

Vashington choyxonasi: Tolibon hukmronligi ostidagi hayot
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:35:26 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG