Breaking News

Aeroportda portlash uyushtirgan Xuroson guruhi O’zbekiston Islomiy harakatiga aloqadormi?


Kobul aeroportidagi terror qurbonlari 200 ga yaqinlashdi. Bu qonli xurujni “Islomiy davlat” (IShID) terror guruhining Xuroson qanoti o’z bo’yniga oldi.

Tinch aholi, AQSh harbiylari, shuningdek, toliblar ham nishonga olingan bu xuruj Afg’onistonda Tolibon nazorati ostida ham terror xurujlari, jangari guruhlar faoliyati davom etishiga ishoradir.

Sharhlovchilarga ko’ra, xudkushlikni amalga oshirgan Xuroson guruhining yuzaga kelishi ayni paytda faoliyati tugatilgan O’zbekiston islomiy harakati (O’IH) inqirozi bilan bog’liq.

Diniy masalalar bo’yicha sharhlovchi Muhammadsolih Abutovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, IShID o’z xalifatini e’lon qilgan davrlarda O’zbekiston islomiy harakati “Islomiy davlat”ning Xuroson qanoti sifatida qasamyod keltirgan edi.

O’IH yo’q qilinishi aynan shu qasamyod ortidan kuzatildi.

Toliblar hokimiyatga kelib, qamoqxonadan mahbuslarni ozod qilishar ekan, IShIDning a’zolarini chiqarmadi. Xuroson guruhi rahbari bo’lib kelgan yetakchini esa qamoqda qatl qilishdi.

“Usmon G’oziy yetakchiligidagi O’IH IShIDga Xuroson viloyati, ya’ni ular turgan joylar “Islomiy davlat” e’lon qilgan xalifatning Xuroson viloyati ekanligini iddao qilib qasamyod keltirdi. Bu bayonot o’sha paytda harakatning saytida e’lon qilingan, O’IH tugatilib uning o’rniga “Islomiy davlat”ning Xuroson viloyati guruhi tashkil topgani bildirilgan edi. O’IH o’z harakati tugatilganini e’lon qilar ekan, Tolibonga bergan qasamyodini ham rad qildi. Natijada toliblar va harakat o’rtasida jiddiy nizo kelib chiqdi. Tolibon tomonidan Usmon G’oziyga shart ham qo‘yildi, ya’ni IShIDga berilgan qasamyoddan voz kechish bo’yicha. Lekin O’IH bu talabni qabul qilmadi. Shundan so’ng toliblar Xuroson guruhini qurshab olishdi, o’rtadagi to’qnashuvda O’IH mutlaqo qirib tashlandi. Bu voqea 2015-yillarda kuzatildi. Xullas, o’shanda O’zbekiston islomiy harakati tugatilib, uning o’rnida “Islomiy davlat”ning Xuroson viloyati paydo bo’lgani haqidagi dastlabki xabarlar paydo bo’lgan edi”, - deydi Abutov.

Sharhlovchiga ko’ra, IShIDning Xuroson qanoti tarkibida kamchilik bo’lsa-da, O’IHning sobiq a’zolari hozir ham bor.

Ayni paytda Turkiyada bir umrlik qamoq jazosiga hukm qilingan, Istanbuldagi tungi klubda qirg’in uyushtirgan Abdulqodir Masharipov ham IShIDning Xuroson guruhi faollaridan sanalgan.

“Hozirga kelib Xuroson guruhi asosini Tolibondan ajrab chiqqan ayrim guruhlar, shuningdek, Markaziy Osiyo va boshqa davlatlardan qo’shilgan xorijiy jangarilar tashkil qiladi. Xuroson ochiq qarshilik qilish qudratida emas, asosan xudkushlik hujumlari uyushtirib keladi. Ashraf G’ani hukumati davrida bu guruhning ko’plab a’zolari qamoqda saqlanayotgan edi. Toliblar hokimiyatga kelib, qamoqxonadan mahbuslarni ozod qilishar ekan, IShIDning a’zolarini chiqarmadi. Xuroson guruhi rahbari bo’lib kelgan yetakchini esa qamoqda qatl qilishdi. Ular o’rtasidagi qarama-qarshilik o’ta kuchli, IShID toliblarni tan olmaydi”, - deydi Abutov.

26-avgust kuni Kobul aeroportida yuz bergan terakt xudkushlik yo’li bilan amalga oshirildi, terrorchi aeroportga kirishda o’zini portlatdi.

Xuruj qurbonlari 200 ga yaqin. Terrorchilik hujumi davomida aeroportdagi xavfsizlikni ta’minlayotgan 13 nafar AQSh harbiysi ham halok bo’ldi, 15 harbiy turli darajada jarohat oldi. Terakt mas’uliyatini ISHIDning Xuroson guruhi o’z zimmasiga oldi.

AQSh qo’shinlarining Afg’onistondan chiqishi barobarida kuzatilgan bu terakt so’nggi yillardagi eng qonli xurujlardan biri sifatida qayd etildi. AQSh Prezidenti Joy Bayden terrorchi guruhlar qayerda bo’lishidan qat’i nazar shafqatsiz jazolanishi aytgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG