Breaking News

Samarqandda Afg'onistonning qo'shnilari va Rossiya tashqi ishlar vazirlari vaziyatni muhokama qildi


O'zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Eron, Pokiston, Rossiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari 13-aprel kuni Samarqandda uchrashdi
O'zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Eron, Pokiston, Rossiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari 13-aprel kuni Samarqandda uchrashdi

O'zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Eron, Pokiston, Rossiya va Xitoy tashqi ishlar vazirlari 13-aprel kuni Samarqandda uchrashib, xavfsizlik va gumanitar yordam masalalarini muhokama qildi. Tadbirda yangi tashabbuslar e'lon qilinmagan.

Davlatlar eng asosisy masala tinchlikni saqlash ekaniga urg'u bergan. Tolibonni Afg'onistonning bugungi hukumati sifatida tan olish uchun shartlar bajarilmagani qayd etilgan. Lekin toliblar bugungi kunda bu mamlakatni boshqarayotgani va ular bilan muloqot muhimligi e'tirof etilgan.

Vazirlar terrorizmga va qoradori savdosiga qarshi birga kurashish borasida ham gaplashgan. Bu yo'nalishlarda koordinatsiyani yaxshilash lozimligi ta'kidlangan.

Rossiya, Xitoy va O'zbekiston singari davlatlar Kobuldagi elchixonasini yopmagan. Pokiston va Eron ham diplomatik aloqani uzmagan.

Tolibonni biror qo'shni, umuman biror davlat Afg'onistonning yangi rahbariyati sifatida shu kungacha tan olmagan
Tolibonni biror qo'shni, umuman biror davlat Afg'onistonning yangi rahbariyati sifatida shu kungacha tan olmagan

Moskva Tolibonga rasman hamon terroristik tashkilot deb qaraydi. 2003-yildan beri bu pozitsiyasini o'zgartirmagan, vaholanki u bilan muntazam so'zlashib, fikr almashib turadi.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Sin Gan Pekin Afg'onistonga yordam berib kelayotganini bildirib, qo'shnilar bilan hamkorlikda barqarorlik va farovonlikka hissa qo'shishga shay ekanini eslatgan.

Bosh diplomatlar ikki tomonlama uchrashuvlar ham o'tkazgan. Xususan, Rossiya va Xitoy Ukrainadagi urush yuzasidan ham gaplashib olgan.

Afg'oniston yuzasidan Xitoy bergan bayonotda Pekin bu davlatning hududiy yaxlitligi, mustaqilligi va suverenitetini hurmat qilishini ta'kidlab, xalq irodasiga qarab ish tutish lozim, deya qayd etgan.

Xitoy hukumati toliblarni fuqarolarning huquqlarini buzmaslikka, xususan xotin-qizlar va ozchilikdagi guruhlarning erkinligini cheklamaslikka chaqirib keladi.

Xitoy nazarida dunyo ahli Afg'onistonga yordamni ayamasligi zarur va ayniqsa AQSh bu xalqqa bergan va'dalarida turishi kerak.

Toshkent nazarida Afg'oniston mintaqaviy infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda ham faol qatnashishi kerak.
Toshkent nazarida Afg'oniston mintaqaviy infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda ham faol qatnashishi kerak.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov deydiki, Vashington "20 yil davomida NATO bilan hamkorlikda Afg'onistonni barbod qilgan". Endilikda zararni qoplamayapti, deya tanqid qilgan u.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bayon qilishicha, bugungi forumda tomonlar Afg‘onistondagi vaziyat, "ushbu mamlakatning amaldagi rasmiylari tomonidan jahon hamjamiyatining asosiy talablari – inklyuziv hukumat yaratish, afg‘onistonlik ayollarning mehnat va ta’lim olish imkoniyatini hamda milliy ozchiliklarning huquqlarini ta’minlash kabi asosiy talablarning bajarilishi muhokama qilindi".

Vazirlikning tasdiqlashicha, tashqi ishlar vazirlari Afg‘oniston xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish va mamlakat iqtisodiyotini tiklashga qaratilgan qo'shma harakatlar mexanizmi ishlab chiqish zarurligi yuzasidan yakdil.

"Xalqaro terrorizm, giyohvand moddalar ishlab chiqarish va ularning kontrabandasiga qarshi kurashda Afg‘onistonga qoʻshni davlatlarning chora-tadbirlarini kuchaytirish muhim",- deyiladi bayonotda.

Toshkent yana bir narsaga urg'u beradi: Afg‘onistonda qo‘shni davlatlar ishtirokida nafaqat yangi ish o‘rinlari yaratish kerak. Toshkent nazarida bu mamlakat mintaqaviy infratuzilma va ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishda ham faol qatnashishi kerak.

Qo'shma Shtatlar hukumati Afg'oniston bilan bevosita aloqaga ega emas va Tolibon asosiy shartlarni bajarmaguncha, yordam cheklanganicha qolishi va siyosiy munosabat salbiy bo'lishini qayd etib keladi.

Vashingtonga ko'ra, Kobulda barcha siyosiy taraflarni aks ettirgan boshqaruv vujudga kelishi kerak, fuqaro huquqlari e'zozlanishi shart, shuningdek, terrorizmga qarshi konkret qadamlar tashlanishi kerak. BMT va Amerika ittifoqchilari ham shunday pozitsiyada.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG