Breaking News

Tolibon Kobulda ayollar namoyishini to'xtatdi


Taqiq va bosimga qaramay Afg'oniston xotin-qizlari o'z haqlarini talab qilib, Kobul va boshqa shaharlarda norozilik namoyishlariga chiqib turadi
Taqiq va bosimga qaramay Afg'oniston xotin-qizlari o'z haqlarini talab qilib, Kobul va boshqa shaharlarda norozilik namoyishlariga chiqib turadi

26-mart kuni Kobulda bir guruh xotin-qizlar Tolibon siyosatini qoralab, ko'chaga chiqqan. Ayollar maktablar ochilisihini, ishlashni va bemalol harakatlana olishni talab qilmoqda. Biroq bu namoyishchilar tezda to'xtatilgan va kuch bilan tarqatilgan.

25 xotin-qiz turli shiorlarni ko'tarib, jamoatchilikdan ham ularni quvvatlashni, saflariga qo'shilishni so'ragan.. Ularga ko'ra, ayollari ilm ololmagan, pul topa olmagan jamiyat qashshoqlik va azob-uqubat domidan chiqmaydi.

Maktablar o'g'il bolalar uchun ochiq, lekin qizlar uchun yo'l yopiq. Xalqaro hamjamiyat qanchalik tanqid qilmasin, toliblarni cheklovlarni bekor qilishga chaqirmasin, Kobuldagi rahbarlar o'zgarish qilmayapti.

2021-yilning avgustida hokimiyatni egallaganidan beri Tolibon ayollarni ishlay olishi, sayohat qila olishi, jamoatchilik ishlarida qatnasha olishini man etuvchi qoidalar bilan chiqqan.

Nohukumat tashkilotlari va davlat tizimida mehnat qilib kelgan xotin-qizlar hozirga kelib uydan chiqa olmaydi.

BMT Bolalar fondi (UNICEF) rahbari Ketrin Rassell Tolibonga murojaat qilib, qizlarni o'qitmaslik jamiyatga uzoq muddatda qimmatga tushadi, deya ogohlantirgan.

"Asossiz, kaltabinlik bilan qilingan qaror 1 milliondan oshiq qizni orzulardan, farovon yashash imkoniyatidan ayirmoqda. Afg'onistonda xotin-qizlar zulmat ichra kun kechira olmaydi", - deydi BMT rasmiysi.

Rassell kabi xalqaro vakillar Afg'onistonda Tolibon boshqaruvigacha ham vaziyat og'ir bo'lganini tan oladi. Lekin qariyb 20 yil mobaynida xotin-qizlar ilm oldi, ishladi, o'z tashkilot va bizneslarini ochdi, dunyoga chiqdi, sport bilan shug'ullandi, shuningdek, san'at, adabiyot, madaniyat va boshqa hatto siyosatda ham o'z o'rnini topa boshladi.

UNICEF tarqatgan videoda 15 yoshli Zahro maktabni tugallay olmagani uchun kelajakka ishonchi so'ngani haqida hikoya qiladi.

Afg'onistonda hozir millionlab ayollar shu ahvolda, deydi Toriq Farhodiy, sobiq rasmiy. Shu bois ham, deydi u, donorlar ham bu yurtga yordamni kamaytirgan.

"Afg'onlar hozir jon deb chetga chiqib ketadi, imkon bo'lsa, albatta. Qizlarni o'qitmayotgani uchun hatto islomiy davlatlar ham Afg'onistonga ko'maklashmoqchi emas. Hech kim Tolibon hukumatini tan olmayapti".

Ammo toliblar o'zini to'g'ri siyosat yuritmoqda, deb biladi. Ularning tushuntirishicha, hozirgi yo'nalish islomiy va afg'on madaniyati hamda diniy qadriyat va tamoyillariga asoslangan.

Boshqalar bu talqinni qoralasa-da, Kobul o'z pozitsiyasini yangilamoqchi emas.

Tolibon 1996-2001 yillarda ham Afg'onistonni shu tarzda boshqargan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG