Breaking News

Afg'onistondan qochgan amaldorlarning mulklari korrupsiya ko'lamidan darak


Afg'onistonda mana shunday bo'sh yotgan dang'illama hovlilar ko'p (Maihan TV)
Afg'onistonda mana shunday bo'sh yotgan dang'illama hovlilar ko'p (Maihan TV)

Mozori-Sharifdagi hovlilardan biri yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko'z-ko'z qilinar ekan, mamlakat bo'ylab bunday bo'sh villalar ko'pligi, ularning aslida kimga tegishli ekani va eng muhimi, qayerdan kelgan pulga barpo etilgani muhokamada. Azaldan iqtisodiy qiyinchiliklar domida yashaydigan xalq kechagi va bugungi elitani birday la'natlaydi. Keng jamoatchilik nazarida siyosiy va biznes doiralar Afg'onistonda hech qachon omma manfaatini ko'zlamagan.

O'tgan 22 yil ichida bu yurt shahar va qishloqlarida yirik inshootlar qurildi. Ularning orasida salmoqlisi aynan siyosatchilarning yashash joylari. Videolardan ko'rinadiki, xavfsizlik choralari mustahkam bo'lgan, shuningdek, texnologik qulayliklar.

Shu bilan birga bu koshonalardan hibsxonalar, vertolyot qo'nadigan joylar, bog'lar, sport majmualari va saunalar ham joy olgan.

Dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan birida odamlar yegulik topishga qiynalar ekan, amaldorlarning zinalari va hojatxonalari tilladan ishlangan, deya tasvirlaydi villalarni birma-bir kezib, fosh etayotgan muxbirlar.

Kattayu kichik saroylarning egalari - mahalliy liderlar, davlatlar arboblari, qonunchilar va siyosat va biznesda yurgan afg'onlar. Ularning deyarli hammasi 2021-yilda Tolibon hokimiyatni qo'lga olish arafasida ekan, qochib ketgan.

Qizig'i, Tolibon shu kungacha ham bu villalarni musodara qilmagan. Rasmiylarga ko'ra, ular - shaxsiy mulk va shu sabab tegilmaydi.

Afg'onistonning xorijdagi elitasi Tolibonni tinimsiz tanqid qiladi. Ular G'arb davlatlaridan Kobuldagi bugungi rahbarlarga qarshi kurashish uchun yordam so'rab keladi.

AQSh Tolibon zolim tuzum deb hisoblaydi biroq unga qarshi qurolli harakatni quvvatlamoqchi emas. Vashington Kobulda Afg'onistondagi barcha siyosiy taraflarni aks ettirgan hukumat tuzilishini xohlaydi.

“Bu saroylar yulg'ichlik mahsuli... Kambag'allardan o'g'irlangan pulga qad ko'targan", - deya sharhlaydi bloger Humoyn Afg'on.

U viloyatma-viloyat aylanib, bu inshootlarni ko'zdan kechirmoqda.

Kamida 20 yil mobaynida AQSh va Yevropa Ittifoqi Afg'onistonda demokratik va mas'uliyatli davlat vujudga kelishi uchun misli ko'rilmagan darajada sarmoya qildi. Qonun ustuvorligi va javobgarlikni targ'ib qildi. Biroq chuqur korrupsiya bu maqsad va umidlarni puchga chiqardi.

Afg'onistonni qayta qurish jarayonini tekshirgan maxsus inspektor hisobotiga ko'ra, xalqaro donorlar harbiylar va xavfsizlik uchun to'lagan maosh ko'p hollarda ularga yetib bormagan yoki soxta bizneslarga ketgan. AQSh kuchlari uchun ko'zlangan yonilg'i ham o'marilgan.

2002-2022 yillar orasida AQSh Afg'onistonni tiklash uchun ajratgan qariyb 147 milliard dollarning 63 milliardi nimaga ishlatilgani elakdan o'tkazilganida, uning 19 milliardi isrof qilingani yoki o'g'irlangani aniqlangan.

“Afg'onistonda tinchlikka erisha olinmaganining asosiy sababi - korrupsiya",- deydi Ilhom Muhammad, bu borada izlangan mutaxassis.

“Aynan shu bois afg'on hukumati zaif va ishonchsiz bo'lgan. Aynan shu bois harbiylar vazifasini bajara olmagan. Aynan shu bois Tolibon hokimiyatga qayta oldi, chunki o'marilgan mablag'ning katta qismi unga qo'l keldi".

Balx viloyatining sobiq hokimi Atta Muhammad Nur "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, Tolibon uning mulklarini harbiy va ma'muriy maqsadlarga ishlatmoqda.

“Faqat o'zim yashagan uyim bo'sh turibdi”, - deydi Nur.

U hozircga vatanga qaytmoqchi emas. Boyliklariga nima bo'lishi mumkinligini bilmaydi.

Tolibon sobiq dushmanlarini kechirishga tayyor ekanini aytgan, ammo BMT qayd etishicha, sobiq harbiylar va mutasaddilar qamoqda, qiynoqlar ostida va hatto o'nlab sonlarda o'ldirib ham yuborilgan.

Agar xalqdan shikoyat tushmasa, deydi toliblar, oldingi tuzumlarda xizmat qilganlarga hech kim tegmaydi, hatto korrupsioner bo'lgan bo'lsa ham.

Tolibon ma'muriyatida yulg'ichlikka qarshi kurashadigan idora yo'q va bu borada biror katta tergov ochilgani ma'lum emas.

Nur uchun uning xavfsizligi ortda qolgan boyligidan ustunroq.

“Tolibon istasa, mening mulklarimni sotib yuborsin. Istasa, buzib, hatto portlarib tashlasin. Men uchun chivinchalik ham ahamiyati yo'q", - deydi u.

"Amerika Ovozi" undan qimmatbaho soatlar kolleksiyasi haqida so'raganida, Nur ularni olib chiqib ketganini tan oldi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG