Afg’oniston o’nlab yillar davomida eng korrupsiyalashgan 10 ta hukumat qatorida edi. Berlinda asoslangan “Transparency International” tashkilotining so’nggi hisobotida esa u 180 davlat orasida 150-o’rinda qayd etilgan.
Afg’oniston eng quyi pog’onani tark etganini Tolibon o’z boshqaruvi samarasi deya da’vo qilmoqda. 2021-yilda mamlakat 174-o’rinda, 2011-yilda 180-o’rinda edi.
Indeksda davlatlar korrupsiya darajasiga ko’ra 0 dan (korrupsiyalashgan) 100 gacha (toza) bo’lgan shkala bo’yicha baholangan. Korrupsiya ko’lami eng past davlatlar uchtaligi – Daniya (90 ball), Finlyandiya (87) va Yangi Zelandiya (87).
Somali (12 ball), Suriya (13) va Janubiy Sudan (13) reyting oxiridan joy olgan. O’zbekiston 31-ball bilan 126-o’rinda.
Ayollarni va matbuotni ezayotgan Tolibon boshqaruvi ostida Afg’oniston reytingda yuqorilagani ayrimlarni taajjubga solmoqda.
“Pora berish kamaygani va toliblar daromad olish tizimini yaxshilagani haqida mish-mishlar tarqalgan bo’lsa-da, mamlakatda korrupsiya sistematik ravishda kamayayotgani to’g’risida bizda dalil yo’q”, - deydi Samanta Nurik, “Transparency International” tashkiloti vakili.
Uning aytishicha, ball o’zgargani statistik jihatdan ahamiyatli emas va Afg’onistonda vaziyat yaxshilanganini anglatmaydi. U yerdan ma’lumot yig’ish nihoyatda qiyin, deydi Nurik.
2021-yilning avgustida toliblar hokimiyatni qo’lga kiritganidan so’ng ayrim sohalarda tovlamachilik kamaygani haqida ma’lumotlar bor.
“Tolibon boj tizimida, yo’llardagi nazorat punktlarida poraxo’rlikni kamaytirishga qodir ekanini ko’rsatdi”, - deydi AQSh Tinch instituti tadqiqotchisi Vilyam Berd “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro sanksiyalar ostidagi Tolibon hukumatining moliyaviy ahvolini yaxshilagan. O’tgan hafta Jahon banki Afg’oniston iqtisodiyotiga ijobiy baho berib, 2022-yilning dastlabki uch choragida eksport ko’lami oshgani, valyuta ayirboshlash barqarorlashgani va daromad oshganini qayd etdi.
Toliblarga ko’ra, oxirgi 10 oyda soliqlardan 1,7 milliard dollar tushgan, ammo guruh ushbu mablag’ qayerga sarflanayotganini tushuntirmaydi.
Tolibon qizlar uchun maktablarni, ayollar uchun universitetlarni yopib, Afg’oniston bo’ylab o’g’il bolalar uchun minglab diniy maktablar ochgan va ularni moliyalamoqda. O’tgan yili Tolibon mudofaa vaziri 110 ming askardan iborat armiya tuzilishini ta’kidlagan edi.
O'tgan 20 yil
Yigirma yil davomida Tolibon AQSh qo’llab-quvvatlagan afg’on hukumatini korrupsiyaga botgan va samarasiz deya, unga qarshi kurashgan.
Afg’onistonni qayta qurish bo’yicha bosh inspektor (SIGAR) agentligiga ko’ra, AQSh bu mamlakatda 2021-yilning avgustiga qadar 146 milliard dollar sarflagan.
“Qo’shma Shtatlar [Afg’onistondagi] korrupsiya ko’lamini ertaroq anglamasdan, mahalliy qo’mondonlar va boshqa korrupsiyalashgan guruhlar bilan hamkorlik qildi, mamlakatda uddalab bo’lmaydigan miqdorda pul sarfladi”, - deydi SIGAR vakili Shelbi Kusik.
Keng quloch yozgan korrupsiya tufayli sobiq afg’on hukumatiga xalq orasida ishonch tushib ketdi. Bu, o’z navbatida, hukumatning Tolibon bilan tinchlik muzokaralaridagi pozitsiyasini zaiflashtirdi va 2021-yilning yozida Ashraf G'ani hukumati quladi.
Bugungi kunda G’arb donorlari Afg’onistonga taraqqiyot bo’yicha yordamni to’xtatgan, ammo Tolibon hukumatini chetlab o’tgan holda aholiga gumanitar ko’mak yetkazishda davom etmoqda.
Korrupsiya Afg’oniston davlat sektorining turli qatlamlariga singib ketgan va fuqarolar asosiy xizmatlarni olish uchun pora berishga majbur bo’lsa-da, Tolibon rahbarlari bu illatga qarshi kurashda iroda ko’rsatayotgani aytiladi.
“Tolibonning amaldagi oliy rahbari va unga yaqin odamlar ham ma’naviy, ham moddiy korrupsiyaga qarshi kurashga e’tibor qaratishga moyil. Lekin harakat eng yuqori darajada korrupsiyaga botgani ham haqiqat”, - deydi Barselona Xalqaro aloqalar markazi tadqiqotchisi Malaiz Daud.
Tolibon davlat sektorida pora olishni jinoyat deb belgilagan. Biroq korrupsiyaning boshqa ko’rinishlari, jumladan, davlat mablag’larini o’zlashtirish, lavozimlarga qarindosh-urug’ni tayinlash, vakolatni suiiste’mol qilish keng tarqalgan.
Facebook Forum