Tolibon donor mamlakatlar taraqqiyot dasturiga ajratgan moliyani noqonuniy o’zlashtirgan hamda sobiq Afg’oniston Respublikasining qulashiga "hissa qo’shgan" korrupsioner rasmiylar javobgarlikka tortilmasligini e’lon qildi.
“AQSh aralashuvidan foydalanib shuhrat, mulk va kapitalga ega bo’lgan shaxslarning mulkiy daxlsizligi saqlab qolinadi”, - deya bayonot berdi Tolibon vakili Zabihulla Mujohid “Amerika Ovozi”ning pushtun xizmatiga.
Uning ta’kidlashicha, korrupsiyada gumonlangan sobiq rasmiylar so’nggi 20 yil ichida xususiy yoki davlat mulklarini o’zlashtirib olmagan bo’lsa, sudga tortilmaydi.
Sobiq afg’on hukumati davrida orttirilgan mulk va boyliklarga tegilmaydi, korrupsiyaga aloqador rasmiylar qonuniy javobgarlikdan ozod, dedi Mujohid.
Xorjiy donorlar moliyaviy quvvatlab kelgan sobiq Afg’oniston Respublikasi davomli ravishda dunyoning eng korrupsiyalashgan mamlakatlar beshligida bo’lgan.
“Korrupsiya Afg’onistonni qayta qurish va uning institutlarini mustahkamlashga doir AQSh tashabbuslariga jiddiy zarba berdi”, - deydi AQSh hukumatining Afg’onistonga yordamini monitor qilishga mas’ul Filip Lavel “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
AQSh 2002-2021-yillar oralig’ida Afg’onistonni qayta tiklash va rivojlantirish loyihalariga 145 milliard dollardan ziyod moliya kiritgan. Bundan tashqari, boshqa donorlar, xususan, Yevropa Ittifoqi ham ana shunday ezgu maqsadlar yo’lida milliardlab dollar sarflagan edi.
“Korrupsiya respublikaning sharmandalarcha qulashiga asosiy sabab bo’ldi. U tufayli butun tuzum zaiflashdi. U resbuplikaning legitimligiga jiddiy zarba bo’ldi. Tolibonni kuchaytirdi. Aynan korrupsiya Tolibon propagandasini samarali, real va hayotiy kuchga aylantirdi”, - deydi AQShda faoliyat yuritayotgan asli afg’onistonlik tahlilchi Vohid Faqiriy.
Afg’oniston Islom Respublikasining sobiq rasmiylaridan Muhammad Halim Fidoiyning ta’kidlashicha, korrupsiya mag’lubiyatga xizmat qilgan omillardan biri. Lekin aslo hal qiluvchi faktor bo’lgan emas.
“Korrupsiya muammosini bo’rttirib ko’rsatishdan ko’zlangan maqsad AQSh siyosatchilarining xatolarini yashirishga qaratilgan”, - deydi u.
Fidoiyning aytishicha, Tolibon ham korrupsiya borasida aslo qolishmaydi. Soliqlar va taraqqiyot dasturlaridan pul o’maradi.
Hokimiyatni egallaganiga bir yildan oshgan Tolibon hanuz korrupsiyaga qarshi o’z siyosatini e’lon qilmagan. Ushbu illatga qarshi kurashadigan davlat organi ham yo’q.
Facebook Forum