Breaking News

Tolibon "ochiq xatda" AQShdan Afg’oniston pullarini qaytarishni so’ramoqda


Kobul, 16-noyabr, 2021
Kobul, 16-noyabr, 2021

Tolibon tashqi ishlar vaziri AQSh Kongressiga yo’llagan “ochiq xat”da yozilishicha, agar Qo’shma Shtatlar Afg’oniston markaziy bankiga tegishli 9 milliard dollarni qaytarmasa va moliyaviy sanksiyalarni bekor qilmasa, afg’on qochqinlari soni yanada oshadi.

Amir Xon Muttaqiyga ko’ra, sanksiyalar nafaqat savdo va biznesga ziyon yetkazmoqda, balki millionlab umidsiz afg’onlarga gumanitar yordam yo’lini to’smoqda. Vazir idorasi maktubni bir necha tilda, jumladan ingliz tilida chop etgan.

Muttaqiyning ta’kidlashicha, Tolibon hukumati Afg’onistonga barqarorlik va xavfsizlik olib kelishga erishdi, biroq iqtisodiy muammolar mamlakatdagi gumanitar ahvolni og’irlashtirmoqda.

Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy
Tolibon Tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy

“Hozirda xalqimizning asosiy muammosi moliyaviy xavfsizlikdir. Muammoning ildizi esa xalqimizga tegishli aktivlar Amerika hukumati tomonidan muzlatib qo’yilganiga borib taqaladi, – deydi vazir. – Vaziyat shunday davom etsa, afg’on hukumati va xalqi muammolarga duch kelishidan, bu mintaqa va dunyoda ommaviy migratsiyaga sababchi bo’lishidan xavotirdamiz”.

Norvegiya Qochqinlar kengashi hisobiga ko’ra, joriy yilning avgustidan buyon taxminan 300 ming afg’on Eronga qochgan, har kuni 5000 kishi qo’shni davlatga noqonuniy kirishga harakat qilmoqda.

Tolibon hokimiyatni qo’lga olganidan keyin AQSh va Yevropa Afg’oniston markaziy bankiga tegishli 9 milliard dollarni muzlatgan. Mablag’ning katta qismi AQSh markaziy banki nazoratidadir.

Jahon banki va Xalqaro valyuta fondi ham joriy yilda Afg’onistonga uzatilishi rejalangan 1,2 milliard dollarlik yordamni to’xtatib turibdi.

“Umid qilamizki, AQSh Kongressi a’zolari bu masalani chuqur o’ylab ko’rishadi. Sanksiyalar va nohaq partiyaviy yondashuv natijasida kelib chiqqan xalqimiz muammolariga Amerika rasmiylari adolat nuqtai nazaridan qaraydi, deb umid qilamiz. Bu gumanitar masalaga yuzaki qaramang”, - deydi Muttaqiy.

Eronga yo'l olgan afg'onlar
Eronga yo'l olgan afg'onlar

Tolibon shifokorlar, o’qituvchilar va boshqa byudjet idoralari xodimlarini maosh bilan ta’minlashga qiynalmoqda. Xalqaro sanksiyalar tufayli BMT va boshqa gumanitar guruhlarning ham o’z xodimlariga to’lashi, ko’mak dasturlarini yuritishi qiyinlashgan.

Vashington Afg’oniston aktivlarini inson huquqlari va terrorizm bilan bog’liq xavotirlar sabab muzlatgan. Shu bilan birga, Tolibonni xotin-qizlar va ozchilikdagi guruhlarning huquqlari himoyalangan inklyuziv siyosiy tizim yaratishga undamoqda.

Jahon oziq-ovqat dasturining ogohlantirishicha, ko’p yillik mojarolar va qurg’oqchilik sabab Afg’onistonda 40 millionlik aholining yarmidan ko’pi qishda ochlik bilan yuzlashadi.

Tolibon AQSh Kongressiga maktubni BMT Xavfsizlik Kengashida Afg’onistondagi gumanitar ahvol muhokamasi oldidan taqdim etgan.

Hozirgacha hech bir davlat Tolibonni Kobuldagi qonuniy hukumati sifatida tan olgan emas. Ammo yirik davlatlar, jumladan AQSh, millionlab afg’onlarga gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash maqsadida toliblar bilan aloqani uzmagan.

Shifokor huzurida
Shifokor huzurida

Sobiq afg’on rasmiysi Tariq Farhodiy qayd etishicha, Muttaqiyning maktubida AQSh Tolibonni tan olishi uchun olg’a surgan shartlarga Kobul qanday javob berishi haqida hech narsa deyilmagan.

Toliblar xalqaro hamjamiyat xavotirlariga e’tibor qaratmasa, deydi Farhodiy, “dunyo bilan mantiq urushi” uzluksiz davom etadi.

“Diplomatik nuqtai nazardan ijobiy o’zgarishlarni ko’rsatish uchun Kobuldagi hukumatga yangi odamlar tayinlanishi kerak. Dunyo boshqaruvda konkret o’zgarishlar bo’lishini istaydi. Shundagina AQSh va dunyoga sizni tan olishlari uchun mustahkam asos bergan bo’lasiz”, - deydi u.

Tolibon 1996-2001 yillarda Afg’onistonni boshqargan davrda inson huquqlarini qo’pol ravishda buzganlikda, ayollarni ishlash va qizlarni ta’lim olish huquqidan ayirganlikda ayblangan. Mamlakat izolyatsiyada bo’lgan.

Hokimiyatga qaytgan toliblar bu gal boshqacha yo’l tutishga qayta-qayta va’dalar bermoqda, garchi aksar viloyatlarda qizlarning marktabga borishi hali ham taqiqlangan.

Muttaqiyga ko’ra, AQSh bu ketishda Afg’onistondagi obro’siga yanada jiddiyroq putur yetkazadi.

“AQSh hukumatidan mas’uliyatli qadamlar tashlashni so’rayman. Toki bo’lajak munosabatlar uchun eshiklar ochilsin, Afg’oniston markaziy bankining aktivlariga qo’yilgan cheklovlar olib tashlansin, banklarimiz sanksiyalardan xoli bo’lsin”, - deya yozadi Tolibon tashqi ishlar vaziri.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG