G'arb, xususan AQSh Afg'onistonga nisbatan qanday siyosat yuritishi kerak? Insonparvarlik yordamini oshirsinmi? Kobuldagi bugungi rahbariyat, ya'ni Tolibonni ag'darish uchun harakat qilsinmi? Vashingtondagi siyosatdonlar orasida bu masalalar yuzasidan yakdillik yo'q, ammo Bayden ma'muriyati hozircha BMT orqali gumanitar ko'mak uzatish va Tolibonga keskin shartlar qo'yish bilan cheklanmoqda. Tolibon yoki Afg'onistondagi boshqa kuchlar Amerika manfaatlariga xavf solsa, qurolli chora ko'riladi.
AQSh hukumati Afg'onistonning qo'shnilari bilan bu borada aloqada. Vashington ularni tushunadi, deydi rasmiylar, xavfsizlik bo'yicha hamkorlik davom etadi. Tolibonga nisbatan shartlar borasida yondashuv bir xil.
Qo'shnilar esa doimiy xavotirda. Afg'oniston bilan chegaradosh davlatlar o'z manfaatlarini ko'zlab, qisqa va uzoq muddatli qarorlar qilaveradi, deydi tahlilchilar, bu mamlakat har jihatdan "boshog'riq" va muammo sifatida qolmoqda.
Shu kunlarda Jorj Vashington universitetida kechgan forumda AQSh Tinchlik institutidan ekspert, sobiq rasmiy Gevin Xef deydiki, 2021-yilda Tolibon hokimiyatni egallaganida ikki narsa kutilgan edi: biri, ekstremizm avj olib, atrofga keng tahdid sola boshlaydi; ikkinchisi, afg'onlar katta sonlarda vatandan qochadi, qo'shnilarga sig'inadi va mintaqani gumanitar inqirozga yetaklaydi.
"Ikkalasiga ham guvoh bo'lmadik", - deydi Xef, AQSh qo'shinlari chiqib ketayotgan paytda va undan keyingi haftalarda kuzatilgan tartibsizliklar va qo'rqinch hissini e'tirof etar ekan.
Rossiya endilikda butunlay Ukrainadagi urush bilan ovora ekan, uning Markaziy Osiyodagi harbiy kuchi va ta'siri ham savol ostida.
Afg'onistonning oldingi hukumatida Tashqi ishlar vazirligida ishlagan Naim Poyesh qayd etishicha, 2002-2021 yillarda Markaziy Osiyo davlatlari Kobul bilan, shuningdek, afg'on xalqi bilan keng ko'lamli rishtalarni yo'lga qo'ya olgan.
"Ayniqsa, O'zbekiston va Tojikiston bilan munosabatlarimiz bag'oyat ijobiy tus olib, yirik iqtisodiy loyihalar amalga oshirila boshlagan edi. Rahbarlarimiz orasida o'ziga xos yaqinlik bor edi. Mintaqaviy integratsiya tushunchasi targ'ib qilinayotgan edi. Afg'oniston taraqqiyoti ular nazarida real narsa edi. Ular bizgadagi jarayonlarni olqishlar edi, boshlagan ishlarimiz samara berishidan manfaatdor ekanini aytib kelishar edi", - deya eslaydi Poyesh.
Biroq xavfsizlik borasida xavotirlar hamisha yuqori edi, deydi sobiq diplomat.
"Shuningdek, Markaziy Osiyoning biror hukumati bizda ildiz otayotgan demokratiyani muhokama qilishni xohlamas edi. Inson huquqlari masalasida ham gaplashishni istashmas edi. So'z erkinligi, matbuot erkinligi kabi nozik masalalarni chetlab o'tishar edi", - deydi Poyesh.
"Yana bir xavotir "Islomoy davlat" bilan bog'liq edi. Rossiyani terrorchilar haqida keskin propaganda olib borayotganlikda ayblashar edi. Go'yoki, AQSh janubdan ektremistlarni shimolga olib kelib, Markaziy Osiyo tinchligiga raxna solmoqchi edi".
Sobiq rasmiy bularning Moskva uydirmasi bo'lganini aytib, mintaqaning o'sha damdagi shubhalari asossiz edi, deya ta'kidlaydi.
Poyeshning eslashicha, qoradori savdosiga qarshi kurash ham samimiy kechmagan. Chunki qo'shni davlatlarning siyosiy va biznes doiralarida bu savdodan foyda ko'radigan tomonlar bor, deydi u, shu bois narkotiklarga qarshi siyosat oradagi tijoriy aloqalarga ham salbiy ta'sir o'tkazar va doimiy taranglik bor edi.
Poyesh singari sobiq diplomatlar fikricha, "demokratiyadan xavfsiragan" qo'shnilar Ashraf G'ani hukumati qulaganidan aslida xursand bo'lgan. Buni Toshkent va Dushanbe keskin inkor etadi. Ular G'ani ma'muriyatini irodasizlik va qo'rqoqlikda ayblaydi.
Poyesh singari kuzatuvchilar esa Toshkent va Kobul orasidagi hozirgi yaqinlikka qarab, O'zbekiston bu harakatga oldingi hukumatdan kuchliroq tomon deb qaragan, deya xulosa qiladi.
O'zbekiston hukumatiga ko'ra, Afg'oniston orqali tranzit va savdoni kengaytirish respublika uchun jahon bozoriga kengroq yo'l ochadi. Tolibon bilan muloqot, deydi uning diplomatlari, nafaqat o'zaro tinchlik, balki mintaqaviy barqarorlikni ta'minlash uchun zarur. Qo'shni davlatda hokimiyatda kim bo'lishidan qat'i nazar, Toshkent u bilan gaplashadi.
Poyesh tahlilicha, O'zbekiston va Turkmaniston Tolibon bilan tub yo'nalishlarda kelishib olgan, xususan chegara xavfsizligi va biznes. Lekin bu borada muammolar serob, deya kuzatadi u, va ular yaqin orada hal etilmaydi, chunki xalqaro jihatdan yakkalangan Tolibon nimaiki kuchga ega bo'lsa, uni ishga solishga harakat qiladi. Bu esa qo'shnilarga ham zarar, demakdir.
U kabi afg'onlar taxminicha, Afg'oniston hali uzoq payt ekstremizm va terrorizm o'chog'i bo'lib qoladi. O'zbekiston janubda orzu qilayotgan erkin va ochiq iqtisodiy muhim shakllanishiga ular ishonmaydi.
"AQSh ham dunyoning bu qismiga siyosiy va moliyaviy sarmoya qilishdan yiroq", - deydi Poyesh, Vashingtonning faqat xavfsizlik uchun qadam tashlashi mumkin, deya bahslashar ekan.
Avstraliya milliy universitetidan Kirill Nurjanov tahlilicha ham Afg'oniston-Markaziy Osiyo aloqalari cheklanganicha qolaveradi. Oradagi ishoch shunga yarasha, deydi u.
"Qozog'iston va Qirg'iziston Tolibon bilan aloqada emas, umuman olganda, va ular bu kerak ham emas. Ular xalqaro hamjamiyat bilan hamohang ravishda ishlashni xohlaydi, ya'ni Tolibon shartlarni bajarmasa, tan olinmaydi va hamkorlik qilishga munosib emas," deya deya kuzatadi ekspert.
G'arb va sharqdagi tahlilchilar nigohida Turkmaniston, O'zbekiston va Tojikiston Afg'onistonga nisbatan uch turli yondashuvga ega. Ashgabat unga umuman tegilmasligini, chegara yopiq va tinch bo'lishini, orada aloqa va rasmiy harakat minimal qolishni istaydi.
Tojikiston Afg'oniston shimolidagi tojik muxolifatini quvvatlar ekan, Tolibonni qoralashdan, unga tahdid sifatida qarashdan to'xtamagan.
O'zbekiston esa Kobul bilan do'stona aloqada. Oradagi kelishmovchiliklar yopiq tarzda muhokama qilinishi, hal etilib, Tolibon Toshkent ko'zlagan maqsadlarga to'sqinlik qilmasligini istaydi. Savdo va tranzit kengayishidan toliblar ham manfaatdor ekani uchun o'ziga xos hamjihatlik hissi bor.
Nurjanov izlanishlari shuni ko'rsatganki, Afg'onistondagi elatdoshlarga nisbatan Turkmaniston va O'zbekistonda kuyunish darajasi ancha past, ya'ni qo'shni davlatdagi o'zbeklar va turkmanlar taqdiri ular uchun birlamchi masala emas. Vaholanki, Toshkent o'zbeklar katta sonda yashaydigan shimolda aholi uchun yordam berayotganini aytib keladi.
Biroq O'zbekiston bu ko'makni "etnik yordam" emas, butun Afg'oniston xalqiga madad, deya izohlaydi.
Nurjanov ham qoradori savdosi hamon avjida, deya xulosa qiladi.
Uning taxmini shuki, yaqin kelajakda Afg'oniston Yevrosiyodagi raqobatda notinch maydon bo'lib qoladi, ya'ni AQSh, Rossiya va Xitoy baribir undan turli strategik maqsadlarda qo'llanadi. Xavf o'chog'i, ochilmagan iqtisodiy imkoniyatlar makoni, qo'shnilarga tahdid manbai - Nurjanov va boshqa tadqiqotchilar Afg'oniston azaldan qanday tilga olingan bo'lsa, buyog'iga ham shunday hisobga olinishiga ishonadi.
Tolibonning Amudaryodan kanal ochayotgani, suv uchun kurashni kuchaytirayotgani yangi muammolar tug'dirishi aniq, deydi olimlar.
Nurjanov Poyeshning Markaziy Osiyo Afg'onistonda qanot yoza boshlagan demokratiyadan qo'rqar edi, degan xulosasiga qo'shilmaydi.
"Bunday yondashuv bor edi, deyish uchun menda asos yo'q",- deydi u.
"Xavfsizlik bilan bog'liq muammolar oldin qanday bo'lsa, hozir ham shunday. Qo'shnilarga baribir Afg'onistonga demokratik bo'ladimi yo Tolibon qo'lida. Ular o'zaro manfaatlar yo'lida ishlayveradi. Har qanday iqtisodiy loyiha amalga oshishi uchun barqarorlik zarur. Hozirgacha bu boradagi harakatlar sust ekani, vaziyat qanday ekanidan dalolat", - deydi Nurjanov.
Facebook Forum