Breaking News

Maxfiy hujjatlar: Rossiya va Xitoy senzura bo'yicha hamkorlik qilmoqda


Xitoy rahbari Si Zinpin (chapda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan
Xitoy rahbari Si Zinpin (chapda) Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan

"Amerika Ovozi"ning qardosh tarmog'i “Ozodlik”ka taqdim etilgan hujjatlar Rossiya va Xitoy senzura va internetni nazorat qilish bo'yicha hamkorlik qilayotgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi.

Materiallarda 2017 va 2019-yillarda Xitoy va Rossiyaning ikki mamlakatda internetni nazorat qilishda ayblangan rasmiylari o‘rtasida yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan uchrashuvlarga oid hujjatlar va yozuvlar batafsil bayon etilgan.

“Ozodlik” xabar qilgan ushbu hujjatlar va yozuvlarda ikki davlat rasmiylari o‘zgacha fikrni kuzatish va internetni nazorat qilish strategiyalari, jumladan, “xavfli” yangiliklar va maqolalarni bloklash hamda aylanib o‘tish texnologiyasi bo‘yicha o’zaro maslahatlashgan.

“Ozodlik” radiosiga ko’ra, nashr yozuvlar va hujjatlarni materiallar bilan tanish bo‘lgan manbadan olgan. Sizdirilgan hujjatlarni nashr etish bilan shug’ullanuvchi “DDoSecrets” guruhi fayllardagi ma’lumotlarni qidirish uchun dasturiy ta'minotni taqdim etgan.

“Amerika Ovozi” fayllar bilan bevosita tanish emas.

Moskva va Pekin senzura va zug’um o’tkazishning boshqa shakllari bilan bog'liq taktikalar ustida hamkorlik qilgani haqida ilgari ham xabarlar tarqalgan bo'lsa-da, bu darajadagi maxsus uchrashuvlarning mazmuni ilgari hech qachon xabar qilinmagan.

Rossiya elchixonasi ham, Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi ham “Amerika Ovozi”ning izoh soʻrab qilgan murojaatlariga javob bermadi.

Ma'lumotlarga ko'ra, oshkor qilingan ayrim materiallarda Xitoy rasmiylari Rossiyadan ommaviy norozilik va ommaviy axborot vositalarini tartibga solish bo'yicha maslahat so'ragan. Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari Pekindan virtual xususiy tarmoqlar kabi proksi vositalariga qanday to'sqinlik qilish va xabar almashish platformalarini qanday tartibga solish kabi masalalar bo'yicha yordam so’ragan.

Xitoyda inson huquqlarini yorituvchi “China Change” veb-sayti asoschisi Yaxue Kaoning so'zlariga ko'ra, oshkor qilingan hujjatlar Xitoyda qatag'on Rossiyaga qaraganda ancha murakkabroq ekanligini ko’rsatadi.

“Xitoyning senzurasi va axborotga kirishni to’sishi to’liq shaklga yetgan. Rossiyaning Xitoydan o‘rganishi kerak bo‘lgan narsasi ko’p”, — dedi Kao “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Boshqa materiallarning ko’rsatishicha, 2017-yilda Rossiyaning internet nazoratchisi Roskomnadzorning sobiq rahbari Aleksandr Jarov Xitoy rasmiylaridan senzura va kuzatuv tizimini o'rganish uchun Xitoyga Rossiya rasmiylarining tashrifini tashkil qilishni so'ragan.

Ikki yil o'tgach, Xitoy Kibermakon boshqarmasi (CAC) rasmiylari Rossiyadan Xitoyga tegishli turli xil yangiliklar va intervyularni bloklashni so'rab, ularni "xavfli xususiyatga ega va odamlar uchun zararli" deb ta’riflagan.

2019-yilda Xitoy sharqidagi Vuchjen shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon internet konferensiyasida Xitoy va Rossiya rasmiylari “taqiqlangan ma’lumotlar” tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha kelishuv imzoladi. “Ozodlik” radiosi qo‘lga kiritgan hujjatlarga ko‘ra, o‘sha yil oxirida Rossiyadagi ma’lumotlarni blokirovka qilish bo‘yicha Xitoy kiritgan ba’zi so‘rovlar ushbu kelishuv asosida amalga oshirilgan.

Bir soʻrovda Xitoy rasmiylari Rossiyadan 2015-yilda mamlakat sanitariya holatini yaxshilash uchun boshlagan hukumat kampaniyasi haqida xitoy tilidagi “BBC” reportajini senzura qilishni soʻragan. Xitoy rasmiylari yana bir murojaatda Rossiyadan Prezident Si Zinpin belidan jarohatlagani haqidagi mish-mishlar aks etgan blog postni bloklashni iltimos qiladi.

Atlantika Kengashining Raqamli sud-tibbiy tadqiqot laboratoriyasida Rossiya dezinformatsiyasini tadqiq qiluvchi Eto Buziashvilining so'zlariga ko'ra, Rossiya 2022-yil fevral oyida Ukrainaga bostirib kirganidan so'ng, Kreml o'tgan bir yil ichida so’z erkinligi ustidan yanada cheklovni kuchaytirgan.

"Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Rossiya senzuraga yanada zo’r berdi va buning sababi urush haqidagi ma'lumotlarning Rossiyada tarqalishiga yo'l qo'ymaslik edi", - dedi Buziashvili "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

“Ozodlik” radiosi oshkor qilgan ma’lumotlar Pekin va Moskva senzura va propaganda borasida qanday hamkorlik qilayotganini tasdiqlaydi, deydi Buziashvili.

Misol uchun, uning so'zlariga ko'ra, Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari vakillari va nashrlari ilgari ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya tashviqotiga oid xabarlarni kuchaytirgan. Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan beri Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari Rossiyaning urush haqidagi dezinformatsiyasini takrorlamoqda, deydi ekspert.

“Ushbu hisobot ikki davlat va ularning tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni tasdiqlaydi, xolos”, - dedi Buziashvili.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG