1939-yilda AQSh hukumat tomonidan moliyalashtirilgan xalqaro radioga ega bo’lmagan yirik davlatlardan biri edi.
Ikkinchi jahon urushi davrida AQSh hukumati natsizm propagandasiga qarshi turishga qaror qiladi. Shu tariqa, 1942-yilning fevralida “Amerika Ovozi” radio eshittirishlarini Yevropaga uzata boshlagan.
Nemis tilidagi ilk eshittirishda jurnalist Vilyam Xarlan Xeyl shunday degan edi: “Biz Amerika ovozi. Bugun va har kuni shu vaqtda sizga Amerika va urush haqida axborot beramiz. Xush xabarmi, shum xabarmi, sizga haqiqatni aytamiz”.
1942-yilning iyuniga borib, “Amerika Ovozi” kengaya boshladi. Urush ma’lumotlari idorasi degan yangi federal agentlik boshqaruvi ostida “Amerika Ovozi” Vashingtondan 27 tilda efirga chiqqan. Axborot qisqa to’lqinli peredatchiklar orqali dunyo bo’ylab yangragan.
Radio dasturlar 1945-yilda urush tugaganidan keyin ham davom etdi. Yana yetti til qo’shilgan. Yangiliklardan tashqari “Amerika Ovozi” Villis Konover olib borgan “Jaz soati” kabi dasturlar orqali madaniy diplomatiyaga ham urg’u bergan.
“Amerika Ovozi”ning missiyasi “temir parda” orqasidagi insonlarga yetib borish, matbuot erkinligi cheklangan yoki to’silgan hududlarga ma’lumot yetkazish bo’lgan.
1960-70 yillarda “Amerika Ovozi” dunyoning yetakchi xalqaro axborot vositalaridan biriga aylanish yo’lida qadamlar tashladi. Aynan shu paytda uning texnik imkoniyatlari va dasturlari kengaygan.
“Amerika Ovozi” millionlab odamlarga Nil Armstrongning Oyga qadam qo’ygani haqidagi jonli efirni tinglashga imkon bergan. Tarixiy voqeani dunyoning yuzlab radiostansiyalari undan olib uzatgan.
Kennet Giddens - “Amerika Ovozi”ning eng uzoq xizmat qilgan direktori. Uning sakkiz yillik boshqaruvi agentlik faoliyatiga ishonch oshgan davr deb ko’riladi. Asosan Amerika tarixida chuqur iz qoldirgan ikki voqeani xolis yoritish orqali -- Vyetnam urushi… va “Votergeyt” mashmashasi.
Bu boradagi reportajlar nafaqat AQSh matbuoti, balki dunyoning turli burchaklaridagi tinglovchilar olqishiga sazovor bo’lgan. Xolis va keng qamrovli yoritgani uchun minglab minnatdorchilik maktublari kelib tushgan.
O’zining ulkan salohiyati va modernizatsiya zarurligini anglagan holda “Amerika Ovozi” 1980-yillarda dasturlarini va texnik imkoniyatlarini yangiladi.
1989-yilda Xitoy tilining mandarin va kanton lahjalarida eshittirishlar ko’paydi. Pekindagi Tiananmen maydoni va boshqa shaharlardagi namoyishlar millionlab xitoylik tinglovchilar uchun keng miqyosda yoritilgan.
O’sha yilning kuz va qishida “Amerika Ovozi” Sharqiy Yevropa va Sovet Ittifoqi bo’ylab sodir bo’lgan tarixiy o’zgarishlarni yoritgan. Bu o’zgarishlarda, ayrimlar fikricha, “Amerika Ovozi” kabi G’arb xalqaro axborot vositalarining qisman bo’lsa-da roli bor.
1990-yillar boshida “temir parda” qulab, Sharqiy Yevropaga demokratik g’oyalar kirib borar ekan, “Amerika Ovozi” mintaqaga haqqoniy, xolis xabarlar oqimini davom ettirdi.
Yangi ming yillik jurnalistikaning yangi davrini boshlab berdi. Musiqa va ta’limni o’z ichiga olgan ayrim programmalar saqlanib qoldi. Masalan, musiqiy etnografiya bo’yicha ekspert Leo Sarkisyanning dasturi to’rtinchi o’n yillikka qadam qo’yayotgan edi. Sarkisyan Afrikani kezib, u yerdagi deyarli har bir davlat musiqasini yozib olgan. Uning kolleksiyasi “Amerika Ovozi”ning Afrika uchun eng uzoq davom etayotgan dasturi asosidir.
Ingliz tilini o’rganish dasturi sekin-asta televidenyega ko’chdi. Bu tilni o’rganayotgan millionlab o’quvchilar uchun hanuz ajoyib manba. Agentlik internet va mobil vositalar orqali auditoriyani kengaytirib, erkin matbuotdan mahrum etilgan jamiyatlarga ona tillarida informatsiya yetkazishda davom etdi.
Bugun “Amerika Ovozi” – qator platformalarda, 45 dan ortiq tilda har kuni axborot taqdim etuvchi global teleradio kompaniyaga aylangan.
Tomoshabinlar “Amerika Ovozi”ni radio, televideniye, internet va ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boradi. Dunyo bo’ylab 3500 hamkor radiostansiya va telekanallar dasturlarimizni sun’iy yo’ldosh va internet orqali oladi. Haftasiga 300 milliondan ortiq odam tomosha qiladi, o’qiydi va internetda kuzatadi.
“Amerika Ovozi” dunyoning ishonchli axborotdan mahrum jamiyatlarida erkin media namunasi va ovozsiz insonlarning ovozi bo’lib kelmoqda. Dezinformatsiyaga qarshi kurashuvchi, dunyo voqealarini tahlil qilib, xolis ma’lumotlarni yetkazuvchi axborot manbai.
“Amerika Ovozi” yangi texnologiya va platformalarni o’zlashtirib, dasturlarini global auditoriya ehtiyojlariga moslashtirishda davom etmoqda. Murakkab vaziyatlar va ba’zan xavfli muhitga qaramasdan, “Amerika Ovozi” jurnalistlari, shuningdek, kamera ortidagi yuzlab texnik va ma’muriy xodimlar, haqqoniy, xolis informatsiya berish missiyasiga sodiq.
Agentlik muxbirlari jahonning turli burchaklarida xizmatda. Ba’zi hollarda ular auditoriya uchun senzurasiz ma’lumotning yangi manbai.
“Amerika Ovozi” Amerika va dunyo haqida informatsiya uzatishda davom etadi. Muxbirlar, muharrir va prodyuserlar orqali “Amerika Ovozi” Qo’shma Shtatlar va dunyoning boshqa mintaqalari haqida 80 yildan beri ishonchli va xolis axborot berib kelmoqda.
Facebook Forum